YeKPA: Rossiya tajovuzkorligi chuqur gumanitar inqirozni keltirib chiqardi

Jahon 07:48 / 23.06.2022 10594

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi global gumanitar fojiaga sabab bo‘ldi va Ikkinchi jahon urushidan beri odamlarning eng katta ko‘chirilishiga olib keldi. 22 iyun, chorshanba kuni Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA) Rossiya harbiy agressiyasi tufayli yuzaga kelgan gumanitar muammolarni hal qilish bo‘yicha rezolyutsiyalar to‘plamini qabul qildi

«Hozir ichki ko‘chirilganlar va Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun munosib va istiqbolli hayotni ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoj juda katta hamda mavjud resurslardan ancha yuqori. Bu gumanitar inqirozning uzoq muddatli oqibatlarini inkor etib bo‘lmaydi», - deya ta’kidladi YeKPA deputatlari. 

Urushdan qochib, 6 milliondan ortiq odam Ukrainani tark etdi va Yevropa mamlakatlariga keldi, 7 milliondan ortiq kishi mamlakat ichida boshqa joyga ko‘chib ketdi, har ikkinchi ukrainalik bola qochqinga aylandi. Bu raqamlar nafaqat «o‘z suvereniteti va demokratik qadriyatlarini himoya qilish uchun aql bovar qilmaydigan sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan» Ukraina, balki butun Yevropa misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozga duch kelganining dalilidir. Migratsiya oqibatlari to‘g‘risida rezolyutsiyada millionlab ukrainalik qochqinlarga yordam ko‘rsatayotgan Yevropa davlatlarining «ajoyib birdamligi» qayd etilgan. 

O‘z mamlakatini tark etgan ukrainaliklar «og‘ir dilemmaga duch kelishdi: bir tomondan, imkon qadar tezroq vatanga qaytish, ikkinchi tomondan, vaqtincha himoya topgan mamlakat jamiyatiga qo‘shilish». Bunday vaziyatda, YeKPA qochqinlarga vaqtinchalik bo‘lsa-da, «o‘zlari istiqomat qilayotgan mamlakat jamiyatida munosib o‘rin» topish uchun harakat qilishni tavsiya etadi. Ayni vaqtda assambleya Yevropa kengashiga a’zo mamlakatlarni buning uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga chaqirdi. Ukrainadan o‘z hududida bo‘lgan bolalar sentabr oyida yangi o‘quv yilini boshlashlari mumkin. Ammo shu bilan birga, rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, bolalar uyga qaytganida, Ukraina ta’lim tizimi chet elda olgan bilim haqidagi hujjatlarni tan olishi kerak.

Ish topish ukrainalik qochqinlar uchun yana bir o‘tkir muammoga aylandi, chunki Yevropa mamlakatlarida ishga joylashish uchun Ukraina diplomlari va kasbiy malaka hujjatlarini rasmiy tasdiqlash kerak. Qarorda aytilishicha, 2017 yilda Yevropa kengashi tomonidan ishlab chiqilgan Qochqinlar uchun Yevropa malaka pasporti vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Malaka pasporti, maxsus metodologiyadan foydalangan holda, insonning ma’lumoti va kasbiy darajasini baholaydi. Garchi bu hujjat malakaning rasmiy tan olinishi bo‘lmasa-da, unda to‘plangan ishonchli ma’lumotlar Yevropa kengashiga a’zo mamlakatlarda ish topish jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi, deyiladi hujjatda.

Qochqinlar orasida hamrohi yo‘q bo‘lgan bolalar ayniqsa himoyalanmagan guruh hisoblanadi. Qarindoshlari va do‘stlari qaramog‘isiz chet davlatda qolgan bolalar osonlikcha ekspluatatsiya va odam savdosi qurboniga aylangani uchun bu fakt YeKPAni jiddiy tashvishga solmoqda, deyiladi mazkur muammo bo‘yicha qarorda. YeKPA Yevropa kengashiga a’zo mamlakatlarga kuzatuvsiz qochqin bolalarni aniqlash va ro‘yxatga olish mexanizmini takomillashtirishni tavsiya qildi, shunda ular «o‘z oila a’zolari bilan qo‘shilmagunicha, darhol davlat organlari himoyasi va g‘amxo‘rligiga o‘tadilar», deyiladi rezolyutsiyada.

«Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar: harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, ommaviy migratsiya - bu katta fojia va biz shunday sharoitda kurashni davom ettirayotgan ukrainaliklarning qahramonligiga hurmat ko‘rsatishimiz kerak», dedi shveysariyalik sotsialist deputat Per-Alan Fride debat davomida. U Yevropaning ukrainalik qochqinlarga yordam berishga tayyorligini qayd etdi. Siyosatchi so‘zlariga ko‘ra, Polshaga 4 millionga yaqin ukrainalik, Vengriyaga 750 ming, Moldovaga 500 ming kishi yetib kelgan. «Yevropa xalq partiyasi»dan fransiyalik deputat Bernar Furne Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar hukumatlarini qochqinlarni integratsiya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi. «Ukrainaliklar uchun mehnat bozori Yevropada ochiq bo‘lsa-da, ular hali ham aniq to‘siqlarga duch kelishmoqda». 

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari 1,9 million ukrainalikni Rossiyaga deportatsiya qilgan, ulardan 300 ming nafari bolalar. Bu raqamlarni YeKPA zalida Ukrainadan konservativ deputat Dmitriy Nataluxa e’lon qildi. «Ukrainalik bolalar Rossiyaga majburan olib ketilmoqda. Rossiya kelajagimizni o‘g‘irlamoqda», - deydi siyosatchi. U YeKPAni Rossiyaga deportatsiya qilingan ukrainaliklarning qayerdaligini kuzatish uchun maxsus monitoring mexanizmini yaratishga chaqirdi. «Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, ularning ko‘plari Sibirga olib ketilgan, agar biz bu odamlarni yo‘qotsak, uchinchi ming yillikning GULAGini ko‘ramiz», deb ogohlantirdi Nataluxa. 

Ko‘proq yangiliklar: