Toshkent viloyatida madaniy meros obektlariga zarar yetkazgan va millionlarni o‘zlashtirgan mansabdorlar aniqlandi

O‘zbekiston 09:32 / 23.06.2022 8431

Madaniyat vazirligi huzuridagi «Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati» davlat muassasasi hamda «Antiqa va sifatli qurilish» xususiy korxonasi o‘rtasida 2020-2021 yillarda Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Shayx Umar Vali Bog‘istoniy» ziyoratgohini ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha 1,7 mlrd so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan.

Foto: O‘zA

O‘zA xabariga ko‘ra, buyurtmachi xizmati davlat muassasasi va XK mansabdor shaxslari ta’mirlash ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 402,7 mln so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Qilichli ota» ziyoratgohida qayta ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va «TOSHMELIOQURILISH» MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, 309 mln 107 ming so‘m budjet mablag‘i ajratilgan.

«Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va «TOSHMELIOQURILISH» MChJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, bajarilgan qurilish ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish orqali 263 mln 286 ming so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksi 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: O‘zA

Qibray tumanidagi «Buzgan tepa» arxeologiya yodgorligi yon qismlarida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va boshqa binolar qurish bo‘yicha ishlar olib borilishi natijasida ushbu moddiy madaniy meros obektiga 5 mlrd 668 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 132- (Moddiy madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: