Saudiya shahzodasi Anqaraga keldi. Bu Turkiya bilan munosabatlar iliqlashishiga sabab bo‘ladimi? 

Jahon 17:06 / 23.06.2022 16122
Foto: Twitter/Foreign_Ministry KSA

22 iyun kuni Anqaradagi prezident uyida Saudiya shahzodasini quchoq ochib kutib olgan Erdo‘g‘an u bilan yopiq eshiklar ortida ikki soatdan ko‘proq gaplashgan. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, ikki taraf Saudiya Arabistoni va Turkiya aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlagan.

De-fakto qirollikni boshqarayotgan shahzoda MBS (Muhammad bin Salmon) Saudiyaning ulkan boyliklari va neft zaxiralariga tayanib mamlakatdagi inson huquqlari tomon yo‘naltirilayotgan tanqidlarni yumshatishga harakat qilayotgan bo‘lsa, Erdo‘g‘an 2023 yilda bo‘lishi kutilayotgan prezidentlik saylovlariga qadar Turkiyadagi iqtisodiy ahvolni yaxshilash uchun moliyaviy ko‘mak qidirmoqda.

Turkiya va Saudiya munosabatlari bir necha yil oldin sovuqlashgandi.

2018 yil 2 oktyabr kuni Washington Post gazetasi sharhlovchisi Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasiga kirganidan so‘ng yo‘qolib qolgandi. Keyinroq, jurnalist podshohlikning diplomatik vakolatxonasida o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi hamda bu yirik diplomatik mojaroga aylanib ketdi.

LTDQGeyBQ2tECwx0sev7unhW03XlucGj.jpg (1024×576)
Foto: EPA\UPG

Erdo‘g‘an qotillik Saudiyaning yuqori darajadagi mulozimlari buyurtmasi ekanini aytgan, podshohlik oilasi buni rad qilib keladi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga sovuqchilik tushgandi.

2022 yil aprel oyiga kelib Turkiya tomoni jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatdi va hujjatlarni Saudiyaga topshirdi. Bu esa o‘z navbatida aloqalarni qayta tiklash yo‘lidagi «muhim qadam» bo‘ldi.

Og‘ir iqtisodiy holatni boshdan kechirayotgan Turkiyaga yangi investitsiyalar va yangi savdo hamkorlari kerak, Erdo‘g‘an va uning partiyasini oldinda, 2023 yilda - saylovlar kutmoqda. Shu tufayli Erdo‘g‘an mintaqadagi avvalroq bahslashib qolgan barcha qo‘shnilari bilan aloqalarni yaxshilamoqda - Saudiya Arabistoni, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr.

Aprel oyida Erdo‘g‘an Saudiyaga borgan va u yerda barchaning ko‘z oldida shahzodani quchoqlab, ularning mamlakatlari «hamkorlikning yangi davri»ga kirayotganini e’lon qilgandi.

Reuters nashri bilan gaplashgan yuqori martabali turk rasmiysi ushbu tashrif «aloqalar to‘liq - inqirozli davrgacha bo‘lgan holat kabi» tiklanishini aytgan. «Yangi era boshlanadi», – degan u.

Foto: Twitter/Foreign_Ministry KSA

Ikki mamlakat savdo, aviaqatnovlar va seriallar namoyishiga cheklovlarni bekor qilgan, shuningdek, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalarida bir-birini salbiy bo‘yoqlarda ko‘rsatishni to‘xtatishga kelishishgan. Rasmiy Anqara Saudiya investitsion fondlarini Turkiyadagi start-up'larni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Valuta ayriboshlash masalalaridagi muhokamalar esa Turkiya xohlaganidek tez bo‘lmasligi mumkin. Bu masala Erdo‘g‘an va MBS tomonidan alohida muhokama qilinadi.

Liraning inflatsiya darajasi 70 foizga yaqinlashishi oqibatida Turkiya iqtisodiyoti kuchli jabr chekmoqda. Tahlilchilar Saudiya Arabistoni vositalari va xorijiy valutadagi yordami evaziga Erdo‘g‘an saylovlardan oldin holatni yaxshilab olishi mumkinligini aytmoqda.

Turk rasmiysi, shuningdek, davlat rahbarlari Ar-Riyodga harbiy dronlar eksporti imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqqanini ta’kidlagan.

Foto: Twitter/ T.C. İletişim Başkanlığı

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi muzokaralar yakuni bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma rasmiy bayonotda uchrashuv samimiy va birodarlik ruhida o‘tgani yozilgan.

«Uchrashuv davomida yetakchilar Turkiya Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarning turli jihatlarini muhokama qildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy sohalardagi aloqalarning yangi bosqichini boshlash bo‘yicha birgalikda qat’iyat bildirildi», – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Rasmiy hujjatda taraflar energetika, asosan neft va neft mahsulotlariga aloqador, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ham hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgani yozilgan.

Bundan tashqari, MBS tashrif davomidagi turk tomoniga mehmondorchilik va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirgan. Erdo‘g‘an esa koronavirus xavfi yakunlanmaganiga qaramay, qiyin davrda Haj va Umra ziyoratlari qayta tiklanishiga hissa qo‘shgani uchun Muhammad bin Salmonga minnatdorchilik izhor etgan.

Saudiya valiahd shahzodasi Turkiya tashrifidan oldin Qohirada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan, shuningdek Omanda Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan ham muzokaralar o‘tkazgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: