O‘zbekistonning “suveren demokratik respublika” ta’rifini o‘zgartirish taklif etilmoqda

O‘zbekiston 19:36 / 23.06.2022 18711

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 1-moddasini ham o‘zgartirish taklif etilmoqda. Bu haqda deputat Inomjon Qudratov ma’lum qildi.

“Qonun loyihasida bevosita birinchi moddasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika”, degan jumlani “O‘zbekiston – suveren, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat”, deya o‘zgartirish belgilanyapti”, dedi Qudratov.

U bu haqda 23 iyun kuni O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalari fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishidan keyin OAVga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Mana shu normaning o‘zi Konstitutsiya islohotida ilgari surilayotgan takliflarning barchasini qamrab olyapti”, deya 1-moddaning yangi tahriri bo‘yicha taklifga izoh berdi deputat.

23 iyunda parlamentdagi barcha partiyalar fraksiyalari Konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasini yalpi majlisda birinchi o‘qishga kiritishni qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi Konstitutsiyaning 1-moddasida: “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. Davlatning O‘zbekiston Respublikasi va O‘zbekiston degan nomlari bir ma’noni anglatadi”, deya belgilab qo‘yilgan.

Akmal Saidov raisligidagi Konstitutsiyaviy komissiya ishlab chiqqan takliflar asosiy qonunning 66 ta moddasiga 170 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Qonun loyihasi hozircha jamoatchilikka ochiqlanmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: