Bolgariyada hukumatga ishonchsizlik votumi bildirildi

Jahon 07:46 / 23.06.2022 8385

Bolgariyada hukumat inqirozi avj oldi. 22 iyun, chorshanba kuni Bolgariya parlamenti o‘z vazifasini atigi olti oy oldin boshlagan, yevropaparast bosh vazir Kiril Petkov boshchiligidagi vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik votumini qabul qildi. Avvalroq Petkov korrupsiyada ayblangan bosh vazir Boyko Borisovni almashtirgandi.

Hozir Borisov Petkov hukumatiga ishonchsizlik votumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan eng yirik muxolifat partiyasi - «Bolgariyaning Yevropa taraqqiyoti uchun fuqarolar» (BeTF) partiyasini boshqaradi. Minglab odamlar Sofiya ko‘chalariga chiqib, hokimiyatdan ayrilgan bosh vazirni qo‘llab-quvvatlaganliklarini namoyish qilishdi. Bolgariya prezidenti Rumen Radev yana Petkovga vazirlar mahkamasini shakllantirishni topshirdi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda mamlakatda yangi parlament saylovlari o‘tkazilishi mumkin.

Taxminan ikki hafta avval Petkov boshchiligidagi hukmron so‘l-liberal koalitsiya qo‘shiqchi Slavi Trifonov boshchiligidagi «Bunday xalq bor» populistik partiyasi partiyasi uni tark etganidan so‘ng, parlamentdagi mutlaq ko‘pchilikni yo‘qotdi. Koalitsiyadagi qarama-qarshiliklar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin kuchaydi. Aprel oyi oxirida Rossiyaning «Gazprom» konserni Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.

Avvalroq, 17 mart kuni Boyko Borisov Yevropa ittifoqi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib hibsga olingan, biroq bir kundan keyin qo‘yib yuborilgan, shundan so‘ng Kiril Petkov prokuraturani uning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishlarini sabotaj qilishda ayblagan edi. Hokimiyatga kelgan Petkov Bolgariyani «mafiyasiz, muvaffaqiyatli» oddiy Yevropa davlatiga aylantirish uchun kurashishga va’da berdi.

Boyko Borisov Bolgariya hukumatini 2009 yilning iyulidan 2013 yilning martigacha, 2014 yilning noyabridan 2017 yilning yanvarigacha va 2017 yilning mayidan 2021 yilning mayigacha boshqargan. U lotereya magnatlaridan biridan to‘langan soliqlarni qaytarish evaziga pora olganlikda gumon qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: