Avstraliyada Samsung chalg‘ituvchi reklama bergani uchun 10 mln dollar jarimaga tortildi

Fan-texnika 21:52 / 23.06.2022 47998

Samsung kompaniyasi Galaxy smartfonlarining suv o‘tkazmasligi to‘g‘risida chalg‘ituvchi reklama bergani uchun 9,7 mln dollar jarima to‘laydi. Bu haqda Avstraliya raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish komissiyasi ma’lum qildi

Komissiyaning bildirishicha, Samsung 2016 yil mart va 2018 yil oktyabri oralig‘ida kompaniya smartfonlaridan basseyn va dengizda cho‘milayotganda foydalanish mumkinligi aytilgan to‘qqizta reklama materiali chiqargan. Reklama kampaniyalari Facebook, Twitter, Instagram tarmoqlarida, kompaniya sayti va do‘konlarda o‘tkazilgan. 

Nazorat organi smartfondan suvda foydalanilganidan so‘ng muammolar paydo bo‘lgan yuzlab iste’molchilarning shikoyatlarini o‘rganib chiqqan. Ayrim holatlarda qurilmalar butunlay ishlamay qolgani aytilgan.

Kompaniyaning Avstraliyadagi bo‘linmasi smartfonlar basseyn yoki dengiz suviga solinganida ularning quvvatlagich tirqishi korroziyaga uchrashi va ishdan chiqishini tan olgan.

Qayd etilishicha, muammo Samsung Galaxy S7, S7 Edge, A5 (2017), A7 (2017), S8, S8 Plus va Note 8 smartfonlari bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: