USAID: Ukrainaning harbiy xarajatlari oyiga 5-6 mlrd dollarga yetyapti

Jahon 08:17 / 22.06.2022 7017

Ukraina hukumati «ushbu urushni boshqarish» uchun oyiga 5-6 milliard dollar sarflashga majbur, dedi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer 21 iyun, seshanba kuni «Oldinga yo‘l» (The Way Forward) tok-shousida, u Jahon banki guruhi prezidenti Devid Malpassning savollariga javob berdi.

Pauerning ta’kidlashicha, bu xarajat «hayratlanarli» va hatto AQSh ma’muriyati Ukrainaga yordam sifatida ajratishga tayyorlanayotgan 7,5 milliard dollar ham urush xarajatlarini qoplashga yetmaydi. «Bu mablag‘ yetarli emas, kelajakda bundan ham ko‘proq to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordami talab qilinishini bilamiz», — deya ta’kidladi USAID rahbari. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uzoq muddatli oqibatlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirar ekan, Malpass va Pauer global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlarni muhokama qildi. Pauerning so‘zlariga ko‘ra, «Putin Ukrainadagi urush quroli sifatida oziq-ovqat va gumanitar yordamni ishlatmoqda, global ochlik va dezinformatsiyani qurolga aylantirib, rivojlanayotgan mamlakatlarni oziq-ovqat muammolari sababi Rossiyaning o‘z harakatlari, jumladan Ukraina oziq-ovqat eksportini bloklash emas, balki sanksiyalar ekaniga ishontirmoqchi».

Avvalroq, Germaniya rasmiylari birinchi marta Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish reyestrini e’lon qilgan edi. Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish ro‘yxatiga Germaniya hukumati tashabbusi bilan xorijiy hamkorlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yordam ko‘rsatish uchun moliyalashtirilgan Bundesver va nemis qurolsozlari omborlaridan yetkazib beriladigan materiallar kiradi (Ertüchtigungsinitiative). Ilgari ushbu tashabbusga 2022 yil uchun ajratilgan mablag‘ miqdori 2 milliard yevrogacha oshirilgan edi. Qo‘shimcha mablag‘lar birinchi navbatda Ukraina uchun mo‘ljallangan.  

Aprel oyida Jahon banki Ukraina yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilga nisbatan 45,1 foizga tushishini bashorat qilgan edi. Urush va odamlarning ko‘chirilishi Ukrainadagi qashshoqlik darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qashshoqlik chegarasidan pastda yashayotgan mamlakat aholisining ulushi (taqqoslash mumkin bo‘lgan daromadga ega mamlakatlar uchun bu chegara kuniga 5,5 dollarni tashkil qiladi) keskin o‘sishi xavfi bor - 1,8 foizdan 19,8 foizgacha, deb ogohlantirdi Jahon banki. 

Ko‘proq yangiliklar: