Toshkentda o‘rtacha oylik yog‘ingarchilikning 130 foizi kuzatildi

O‘zbekiston 07:46 / 22.06.2022 8781

Xizmat markazining joylardagi kuzatuv stansiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur oy boshidan 21 iyun kuniga qadar Samarqand va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p kuzatildi. Oy boshidan Toshkent shahrida o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik 130 foizi kuzatildi. O‘zbekiston katta qismida esa yog‘ingarchilik umumiy miqdori o‘rtacha oylik iqlimiy ko‘rsatkichlardan kam bo‘ldi.

20-22 iyunda respublika hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkinligi haqida shoshilinch axborot xabari berilgan. Xabarda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiy viloyatlari tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi qo‘shimcha qilingan.

19-20 iyun kunlari respublika hududlariga Qora dengiz va Kavkaz hududlaridan g‘arbiy nam havo massalari kirib kelishi qayd etildi. Bu jarayon kuchli shamol va ayrim viloyatlarda kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishiga olib keldi. Kuchli yog‘ingarchiliklar respublika janubiy va shimoli-sharqiy hududlarida kuzatildi. Toshkent shahrida 20 iyun kunduz kuni vaqti-vaqti bilan kuchli jadal yog‘ingarchilik kuzatildi. Yog‘ingarchilik umumiy miqdori poytaxtda notekis taqsimlandi.

“O‘zgidromet”ning asosiy kuzatuv stansiyasi joylashgan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “Toshkent-Observatoriya” hududida qisqa vaqt oralig‘ida yog‘ib o‘tgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori 15 mm (o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdoriga teng ko‘rsatkich) bo‘lgan bo‘lsa, poytaxt boshqa bir qismi - xalqaro aeroport hududidagi kuzatuv stansiyasida bu ko‘rsatkich 21 mm.ni tashkil etdi. Yog‘ingarchiliklar asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tdi.

Sutkaning 12 soat ichida 15 mm va undan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi bu xavfli meteorologik hodisa hisoblanadi. Yoz oylarida bu kabi yog‘ingarchilik odatda intensiv (jadal) ko‘rinishda yog‘ishi hisobiga, yo‘lsozlik va qurilish obektlarida noto‘g‘ri yondashuv asosida barpo etilgan obektlar (lotok, suv o‘tkazish inshootlari, drenaj, kuchli yog‘ingarchilikka bardoshli tom yorilmalari) sel-suv bosish hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin.

Yoz oylarida poytaxtda 12 soat ichida 15 mm.dan ko‘p yog‘ingarchiliklar kuzatilishi juda kam holatlarda ro‘y beradi. Toshkentda oxirgi o‘n yillikda yoz dastlabki iyun oyida birgina holatda sutka davomida 15 mm.dan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan. 2019 yilning iyun oyi boshlarida (3 va 6 iyun) Toshkentda ikki kun ichida umumiy 56 mm yog‘ingarchilik qayd etildi. Yog‘ingarchiliklar do‘l va kuchli jadal yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: