O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi va Ozarboyjon turizm agentligi hamkorligida tashkil etilgan info-tur munosabati bilan bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib, mamlakatning o‘ziga xos madaniyati, tarixiy va istirohat maskanlarini o‘rganishdi. Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan Boku shahrini “Shamollar shahri” ham deyishadi. Chunki bu yerda mudom shamol esib turadi.
Hamma yoq yashil va so‘lim tabiat. Ma’lum bo‘lishicha, har yili davlat budjetidan sog‘liqni saqlash uchun qancha mablag‘ ajratilsa, tabiatni asrash uchun ham shuncha qiymatdagi mablag‘ ajratiladi. Chunki ekologiyani asrashga aholi salomatligini asrash kabi qarash yuzaga kelgan.
Tongda Boku ko‘chalarida daraxtlarni sug‘orib yurgan obodonlashtirish boshqarmasi mashinalarini ko‘rish mumkin. Birorta daraxt qurib qolmasligi uchun shu darajada e’tibor qaratiladi.
Boku o‘zbekistonlik sayyohlar uchun maqbul variantlardan biri hisoblanadi. Chunki ozar tili turkiy tillar oilasiga mansubligi sabab oddiy aholi tilini tushunish qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Eng asosiysi – ozar milliy taomlari va o‘zbek milliy taomlari o‘rtasida o‘xshashlik. U yerda ham go‘shtli va xamirli taomlarga urg‘u berishadi. Aholisi sog‘lom ovqatlanish tartibiga qattiq rioya qiladi: gazli ichimliklar o‘rnida kompotlar, xamirli, go‘shtli taomlarni yog‘siz tayyorlash urfga aylangan.
Taomlanishda mevalar va ko‘katlarga alohida e’tibor qaratiladi. Quritilgan mevalar har bir xonadonda tayyorlanadi va ratsionda faol qo‘llaniladi. Bizni yaqinlashtiruvchi yana bir jihat – Ozarboyjonda ham Navro‘z bayrami keng nishonlanadi.
Haydovchilarda yuqori madaniyat shakllangan – yo‘llar tor bo‘lishiga qaramay, signal ovozini deyarli eshitmaysiz, katta tirbandlik ham ko‘zga tashlanmaydi.
Tezlikni oshirish holatlari kuzatilmaydi, chunki tezlik me’yordan oshganda albatta jarima to‘lanadi. Masalan, 50 tezlik belgilangan joyda 60 tezlikda harakatlanish 10 manat (o‘zbek so‘mida 60 ming so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi. Shunga qaramay, yo‘l harakati qoidalari buzilishi juda kam uchrar ekan.
Shahar jamoat transportini avtobuslar tashkil etadi va ularning aksariyati elektrobuslardan iborat. Yo‘lkira haqi 30 kapeyek (o‘rtacha 2 ming so‘mga to‘g‘ri keladi).
92 markadagi benzin narxi 1 manat, ya’ni o‘zbek so‘mida 6400 so‘mga to‘g‘ri keladi.
Ozar pul birligi manat bo‘lib, 1 manat o‘zbek pul birligida 6400ga teng. Ozarboyjonliklar o‘z milliy valutasini ancha qadrlashadi. Aksariyat do‘konlarda milliy valutadan boshqasiga savdo qilish mushkul.
Boku ko‘chalarida qayerga qaramang, Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘rish mumkin: do‘konlarda, yemakxonalarda ham. Shundan bilish mumkinki, o‘z milliyligini va qadriyatlarini ulug‘lash ozar xalqiga singib ketgan.
Ozarboyjon poytaxti Bokuni Absheron yarimoroli yoki Neft shahri deb ham atashadi. Bunga sabab shaharning Kaspiy dengizi bilan o‘rab olinganidadir. Dunyodagi eng yirik neft konlariga ega bu davlatda ikkinchi jahon urushi yillarida sovet qo‘shini uchun foydalanilgan neftning 80-90 foizi yetkazib berilgan. 1902 yilga kelib esa yer yuzidagi qazib olinadigan neftning 50 foizi shu yerda qazib olinayotganligi ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari shahar gaz konlari, dengiz qirg‘oqlarida joylashgan kurort maskanlar bilan ham dunyoga mashhur. Ayniqsa o‘ziga xos arxitekturaga muvofiq qurilgan binolar shaharni betakror tusga kiritadi.
Boku nafaqat dam olish hududlari, balki tarixiy va diqqatga sazovor maskanlari ham nihoyatda ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bokudan 20 km masofada joylashgan Bibihaybat masjidi XIII asrning ikkinchi yarmida Shirvonshohlar tomonidan bunyod etilgan. Masjid majmuasida maqbaralar, taniqli shaxslar dafn etilgan qabriston ham joylashgan.
Sobiq ittifoq davrida portlatib yuborilgan masjid 1994 yilda Ozarboyjon prezidenti Haydar Aliyev tashabbusi bilan restavratsiya qilinadi. Ayni vaqtda bu yerda bir kunda 1000 nafar odam ibodat qilishi mumkin. Ayollar uchun ham maxsus ibodat zali mavjud.
Shahar ichidagi “Ichkari shahar”
Bokuning markazida joylashgan bu shaharcha “Icheri sheher”, ya’ni “Ichki shahar” degan ma’noni anglatadi. Mahalliy aholi tomonidan bu yer “Eski shahar” deb ham yuritiladi. Tarixiyligini yo‘qotmay kelayotgan, me’moriy yodgorliklarga boy shaharcha 2000 yilda YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Bu kvartalda masjidlar, minoralar, turarjoylar, cherkov hamda do‘konlar joy olgan. Shaharchaga kirish bepul, bu yerda “Brilliant qo‘l” kinofilmining mashhur sahnalari suratga olingan. Dunyoning barcha nuqtalaridan kelgan sayyohlar aynan shu nuqtani ko‘rish uchun bu ko‘chada bo‘lishadi.
Mamlakatga kirish uchun viza talab qilinmaydi. Faqat xorij pasporti va emlanganlik sertifikati kifoya qiladi. 90 kun davomida mamlakatda vizasiz yashash mumkin.
Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri.