O‘z egasini qopgan it: Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Farg‘onadagi janjal

Jamiyat 16:55 / 22.06.2022 75225

Ma’lum bo‘lishicha, voqea o‘tgan oyda, 13 may kuni Farg‘ona shahri Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yuz bergan.

Aka-uka va qo‘shnilar o‘rtasida nizo kelib chiqib, aka o‘z itiga qo‘shnilarini talatmoqchi bo‘lgan. Qo‘shnilar o‘zini himoya qilib itga qarata toshlar uloqtirgan. Toshbo‘ron qilinayotgan it esa to‘satdan o‘z egasini qopib ketgan.

Xo‘sh, janjal nimadan kelib chiqqan? Voqea aslida qanday sodir bo‘lgan?

Foto: Videodan kadr
Foto: Videodan kadr

“Ichganini sezgan it o‘z egasini g‘ajishni boshladi, hatto uchastkavoylar ham itni ajratolmadi”

Mahalla faoli Ulug‘bekzoda Nishonboyev voqea haqida quyidagicha hikoya qiladi.

Ulug‘bekzoda Nishonboyev

“Dom”imizning orqa tomonida qo‘shnimiz “ogorod” qilgan. 70 yoshli otaxon ertalab yer chopayotganda 16-uyda onasi bilan birga yashovchi M.A. qo‘lida bolta va pichoqni olib chiqib, yer chopganingda tepaga shovqini eshitilyapti, yerni sug‘orsang chivinlar 4-etajga chiqib bizni chaqyapti, degan. Keyin esa qo‘liga katta tosh olib, otaxonga qarata uloqtirgan.

O‘sha yigit balkoniga bir chelak tosh olib chiqib, ogorodga kim daraxt eksa, tepadan turib toshbo‘ron qilishni boshladi. Ekib qo‘ygan ko‘chatlarimizni sug‘urib tashladi. Shu voqea sabab men ham oraga aralashishga majbur bo‘ldim.

Janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yer maydoni

 

Janjalga aralashganimdan keyin u bo‘lib o‘tib ketgan 4-5 yilgi voqeani qo‘zg‘adi. Bundan bir muddat avval xuddi shunga o‘xshash holat sodir bo‘lganida mening ustimdan yuqori tashkilotlarga “urdi-tepdi” deb yozib bergan edi. O‘shanda ham men haq bo‘lib chiqqandim. O‘sha voqea sabab menga qasdlashib qolishgan ekan.

Mojaroga qaytadigan bo‘lsam, qo‘shnilar bilan nizoni bartaraf qilmoqchi edimki, menga qarab pichoq o‘qtaldi. Pichoq yuragimning shundoq yonidan o‘tib ketdi. O‘shanda ham o‘zimni bosib, ularga nasihat qildim. Foydasi bo‘lmadi. Muhsin onasi bilan eshiklarimni tepib tashladi. “Ertaga senlarga shunday “problema” orttirib beramanki, butun “yutub” kanalida “aylanasan”, dedi. Ertasi kuni alabay iti bilan keldi. Olib kelgan itini bizga tishlatmoqchi bo‘ldi. Biz o‘zimizni himoya qilish uchun itni toshbo‘ron qildik.

Janjal yuz bergan maydon

 

U yigit avvaliga odam o‘ldirib, undan keyin o‘g‘rilik bilan o‘tirib chiqqan edi. Qo‘lida pichog‘i bor, buning ustiga mast edi.

Mastligini sezgan it o‘z egasini g‘ajishni boshladi. Hamma hayvon ham ichib olganni yoqtirmaydi-da. Qornini g‘ajib tashladi. Tez yordam chaqirdik, uchastkavoylar keldi. Hattoki uchastkavoylar ham itdan egasini ajrata olishmadi. Sababi it borgan odamga tashlanyapti. Tez yordam xodimlari ham itga yaqinlasha olmadi. It ovlaydiganlarni chaqirganimizdan keyin ular hayvonni amallab ushlashdi.

Men bu oilani kam ta’minlangan ro‘yxatiga qo‘shgan edim. Karantin paytida oilaga qo‘limizdan kelganicha yordam qildik. 16-“dom”da ona va kichik o‘g‘il, menga pichoq ko‘tarib tashlangan katta o‘g‘il esa boshqa joyda yashardi.

Bu oila avval boshqa “dom”da yashagan. O‘sha “dom”dagilarning ham tinchini ko‘p buzishganidan ularni haydashgandan keyin shu 4-qavatdan uy olishgan edi. O‘sha hunarini shu yerda qilishni boshlashdi”.

“O‘zimizni himoya qilish uchun itga qarata tosh otdik. Keyin kutilmagan holat yuz berdi: it o‘z egasini tishlashga o‘tdi”

Xurshida Soliyeva

 

Xurshida Soliyeva, voqea guvohi:

“Mahallaga kelin bo‘lib tushganimga 6 yil bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida bu oila a’zolarini ko‘cha-ko‘yda ko‘rardim. Lekin o‘zaro muomalamiz yo‘q edi. O‘sha kuni uyni supurayotsam, ko‘chadan baqir-chaqir ovozi eshitildi. Muhsin degan bola dadamga pichoq o‘qtalib turganiga ko‘zim tushdi. Dadam o‘zini himoya qildi. Men u yigitga bu nima qilganing, yoshi ulug‘ odamga bunday harakat qilma deganimda, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi. Shu bilan urush tinchidi.

Nizo kelib chiqqan joy

Ertasi kuni yana janjal boshlandi. 4-qavatga chiqib olgan Muhsin bizni haqorat qilaverdi. Xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qilib, men haqimda bo‘lmag‘ur gaplar gapiribdi. Keyin xo‘jayinim bilan janjallashishdi.

O‘sha yigitning akasi kattagina itni olib kelib, “dom”dagi bolalarni itga talatmoqchi bo‘ldi. Iti bilan bolalarni qo‘rqitdi. O‘zimizni himoya qilish uchun itga qarata tosh uloqtirdik. Keyin kutilmagan holat yuz berdi. It o‘z egasini tishlashga o‘tdi. Hech kim itga uni tishlatgani yo‘q.

Oila itlarni 4-qavatda boqardi. 3 kishi bir xonali uyda 4 ta katta iti bilan yashashar edi”.

“Ko‘chat ekmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ko‘rib ustimizdan portalga yozishdi. Rais bo‘sh yerni fuqarolarga sotib yubordi degan gumon bo‘lgan ularda”

Shahnoza Rahmonova

 

Abdurahmon Jomiy mahallasi raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Shahnoza Rahmonova:

Farg‘ona shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman. 16-dom 27-xonadonda yashovchi Z.A. janjalkash oilalar ro‘yxatida turardi. Sababi bu ayolning turmush o‘rtog‘i yo‘q, ikki nafar o‘g‘li bor, oilada boquvchisi bo‘lmagan. Pandemiya davrida oilani oziq-ovqat bilan ta’minlaganmiz. Oila qo‘ni-qo‘shnilar bilan doimiy ravishda urush-janjal qilib yashashardi.

Bir necha bor murosaga keltirishga harakat qildik. Bo‘sh yerlarni obodonlashtirib, ko‘chat ekmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ko‘rib ustimizdan portalga yozishdi. Rais bo‘sh yerni fuqarolarga sotib yubordi degan gumon bo‘lgan ularda. Oila a’zolari doimiy ravishda aholining tinchini buzib kelishgan. Uyida xohlagan paytda baland qilib musiqa tinglagan. Bu oilaning boshqa joyda hovli uylari bor.

Oila davlatdan har qanday yordamni olgan. Hozirgi kunda Zulfiya Akbarova ayollar daftarining 4-toifasida, ya’ni guruh nogironligi bor ayollar toifasida ro‘yxatda turadi. Katta o‘g‘il muqaddam 2 marta sudlanib chiqqan. Muhsinjon esa onasi bilan birga ko‘chada shar va paxtaqand sotishadi. Oila hozirgi kunda boshqa hovli uyida istiqomat qilishyapti. O‘sha hovli davlat tomonidan ta’mirlab berilgan”.

Abdurahmon Jomiy mahallasida yashovchi Gulmira Soliyeva ham ko‘p qavatli uyning atrofidagi tashlandiq chiqindixonani tozalab obodonlashtirilgani sabab nizolar kelib chiqqanini aytdi.

Gulmira Soliyeva

 

“Mahallaga kelin bo‘lib tushganimga 15 yil bo‘ldi. Shu “dom”ning orqa tomonidagi hovlida istiqomat qilamiz. Ko‘p qavatli uyning atrofidagi tashlandiq chiqindixonani tozalab obodonlashtirdik. Shu sabab bo‘lib ikki yildan beri janjal arimaydi.

11 may kuni ovsinim uyga kirib M. pichoq bilan qaynotamni qo‘rqitayotgani haqida aytdi. Keyin u qaynog‘am bilan ham janjallashib ketdi. 12 may kuni M.ning akasi I. iti bilan keldi. Ikki kun itini yetalab domimiz atrofida aylandi. 4-etajda har xil it boqishardi ular. 13 may kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuz berdi”, – deydi u.

Janjal keltirib chiqargan oila uyini sotib boshqa manzilga ko‘chib ketgani sabab ularni topishning imkoni bo‘lmadi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y esa oila farzandlarining xurmacha qiliqlaridan to‘yib ketganliklarini bildirishdi.

Farg‘ona viloyati IIBning rasmiy munosabatiga ko‘ra, holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudiga yuborilgan. JIB Farg‘ona shahar sudi tomonidan hujjatlar o‘rganib chiqish uchun Farg‘ona shahar prokuraturasiga taqdim etilgan.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri,

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: