UzGasTrade kompaniyasi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston 19:07 / 21.06.2022 8530

Bu – 16 iyun kuni imzolangan “Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarorida belgilangan.

Qarorga asosan, “O‘ztransgaz” AJ tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatori etib belgilandi.

2022 yil 1 avgustdan boshlab, “UzGasTrade” AJ:

  • tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qiladi;
  • “Hududgazta’minot” AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotadi;
  • prezident qarorlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.

Mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, qo‘shma korxonalar va “UzGasTrade” AJ o‘rtasidagi tabiiy gazni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari 2022 yil 1 avgustga qadar “O‘ztransgaz” AJ tomonidan bajariladi.

Qaror bilan, 1 oy muddatda xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda quyidagilar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim:

  • “O‘ztransgaz” AJning mavjud kreditor qarzdorligini to‘lash va debitor qarzdorligini undirish, moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish, boshqaruv va tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy moliyaviy hisobdorlik va boshqaruv hamda xarid tamoyillarini tatbiq etish va “O‘ztransgaz” AJ tomonidan 2024 yil yakuniga qadar xalqaro kredit reytingi qo‘lga kiritilishi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda respublika bo‘yicha gaz taqsimlash stansiyalari va sanoat tugunlarini xatlovdan o‘tkazgan holda, bu obektlar orqali xizmat ko‘rsatiladigan iste’molchilarga bog‘liq holda ularni qayta taqsimlash bo‘yicha takliflar;
  • respublika gaz uzatish tizimini, shu jumladan yerosti gaz saqlash omborlari infratuzilmasini 2040 yilgacha rivojlantirish va modernizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqnoma.

Vazirlar Mahkamasiga 2 oy muddatda “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz uzatish tizimidagi barcha kirish va chiqish nuqtalarida o‘rnatilgan gaz hisoblagichlarni xatlovdan o‘tkazgan holda ularning ustidan onlayn nazorat o‘rnatish tartibini tasdiqlash yuklatildi.

Belgilanishicha:

  • “UzGasTrade” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari bo‘yicha aksiyador huquqi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
  • “UzGasTrade” AJning ustav kapitali Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘larining bir qismi hisobidan shakllantiriladi;
  • tabiiy gazni sotib olish va ichki bozorda uni sotish bilan bog‘liq 2022 yil 1 avgust holatiga mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar bo‘yicha barcha huquq va majburiyatlar “O‘ztransgaz” AJ zimmasida qoladi;
  • “O‘ztransgaz” AJning tabiiy gazni xarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha huquq va majburiyatlari 2022 yil 1 avgustdan boshlab “UzGasTrade” AJga o‘tadi;
  • mazkur qarorga muvofiq xo‘jalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga o‘tkazilayotgan mulki, mulkiy huquqlari, shuningdek, ustav kapitalidagi aksiyalari va ulushlari qiymati, shu jumladan ularni qayta tashkil etish va tugatish chog‘ida soliqqa tortishning barcha turlari bo‘yicha soliq solish obekti hisoblanmaydi;
  • “UzGasTrade” AJning ustav kapitalini shakllantirishda baholovchi tashkilot tomonidan mol-mulklarni baholash talab etilmaydi;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi har yili tabiiy gaz resurslari va iste’moli balansidan kelib chiqqan holda tabiiy gazning keyingi yildagi eksport hajmi yuzasidan takliflarni 1 oktyabrga qadar (2022 yil uchun – joriy yil 1 avgustga qadar) Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
  • “UzGasTrade” AJ tomonidan tabiiy gazni import qilish tender, tanlov hamda Hukumat qarori asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga (Jamshid Qo‘chqorov) “O‘ztransgaz” AJning tabiiy gazni tashish xizmati uchun tariflarni belgilashda uning zimmasida qoladigan kreditor qarzdorliklar to‘lab berilishi ta’minlanishini inobatga olish yuklatildi.

“UzGasTrade” AJ Kuzatuv kengashining tarkibiga kamida ikkita mustaqil a’zo sifatida xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Kompaniya Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 45a-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: