O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida qo‘shma investitsiya fondi tashkil etiladi

O‘zbekiston 19:24 / 21.06.2022 2728

Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 21 iyun kuni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlik yuqori darajaga chiqqani, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganini ta’kidlagan. O‘zbekiston—Ozarboyjon strategik sherikligini kengaytirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilish shartligi qayd etilgan.

O‘zbekiston prezidenti hamkorlik uchun mavjud salohiyatni ishga solish, ikki mamlakat iqtisodiyotini to‘ldirib turuvchi omillardan foydalanish zarurligini ta’kidlagan. Xususan, Mirziyoyev o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, vinochilik, oziq-ovqat, qurilish, neft-gaz, gaz-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etgan. Mamlakatlarda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olingan.

Shuningdek, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish uchun davlatlar hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. Transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan, Boku–Tbilisi—Qars temiryo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari kelishib olingan. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Mutasaddi vazirlarga ipakchilik klasterini tashkil etish, g‘o‘zachilikdagi loyihalarni ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni kelishib olish topshirilgan.

Tomonlar yaqin fursatda ikki davlat poytaxtlari va yirik shaharlari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishiga kelishib olgan. O‘zbekiston rahbari joriy yilda Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumi va ularning sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surgan. Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etilgan. Prezidentlar bu borada alohida dastur qabul qilish va qo‘shma turizm yarmarkasini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, jumladan, Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, sport va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan qator boshqa kelishuvlarga ham erishilgan.

Ko‘proq yangiliklar: