Kusherbayev va Qodirov bahsi: Ular qaysi masalada tortishdi?

O‘zbekiston 18:01 / 21.06.2022 49487

Bahsga deputat Rasul Kusherbayev tomonidan ikkinchi o‘qishda muhokamaga olib chiqilgan “Elektron dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi sabab bo‘ldi.

Kusherbayev qonun loyihasiga birinchi o‘qishdagi takliflarni inobatga olib o‘zgartirishlar kiritilgani, deyarli boshqa o‘zgartirishlar yo‘qligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Deputat Ilhom Abdullayev bu qonun loyihasi fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquqini qo‘pol ravishda buzishi, uni qabul qilish mumkin emasligini aytdi.

“Jinoyat protsessual kodeksiga [taklif etilayotganidek] 201-1-moddani kiritish – shunchaki jinoyat”, – dedi u.

Kusherbayev bu modda bo‘yicha o‘tgan safar ham muhokama ko‘tarilganini aytib, tushuntirish berdi.

“Tergovchi, surishtiruvchi, prokuror yoki sudning talabiga ko‘ra fuqarolar, korxona, muassasa, tashkilot rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tergov yoki sud harakatlarini yuritish uchun zarur bo‘lgan, o‘z ixtiyorlaridagi ma’lumotlarni taqdim qilishi kerakligi haqida gap ketyapti. Bu amaliyotda o‘z ixtiyoridagi hamma ma’lumotlarni taqdim etish talabiga olib kelishi mumkin, degan fikrlar ham aytilyapti, lekin bu yerda aniq qilib yozilyaptiki, sud ham, tergovchi ham ish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarnigina so‘raydi.

Amaliyotda ham shunday bo‘lib kelyapti: odil sudlovni amalga oshirish uchun nimaiki ma’lumot zarur bo‘lsa, o‘sha zarur qismini olish mumkin. Ya’ni ixtiyoringdagi hamma ma’lumotni berasan degan holat amaliyotda bo‘lmagan. Biz buni amaliyotchilar, mutaxassislar bilan ham gaplashdik, amaliyotda bunaqa bo‘lmagan.

Yana bitta tomoni, o‘tgan safar muhokamalarda taklif etilayotgan qonunning birinchi moddasiga spikerimiz qarshi ovoz bergani ekranda ko‘rinib qolgach, aksariyat deputatlarimiz keyingi moddalarga qarshi ovoz berishga o‘tib ketdi. Shunga prezidium a’zolari kimga ovoz berganini ko‘rsatmasak, xolisroq bo‘lardi. Chunki o‘tgan safar ko‘rdikki, bir qator deputatlarning fikrlari spikerimiz bergan ovozdan keyin o‘zgarib qoldi. Aynan hozir muhokama qilayotgan moddamiz o‘zi 2-o‘qishdan o‘tib bo‘lgan”, – dedi Kusherbayev.

Oliy sud sudyasi Ilhom Rahmonqulov Kusherbayevni qo‘llab-quvvatladi.

“Amaldagi qonunchilikda ham har qanday mansabdor shaxs har qanday jinoyat ishiga aloqador barcha ma’lumotni berishi shart deb belgilab qo‘yilgan. Biz uni maxsus [alohida] norma sifatida kirityapmiz”, – dedi u.

Deputat Ilhom Abdullayevga ko‘ra, elektron dalillar bilan bog‘liq bunday modda “biror bir xorijiy davlatda yo‘q”. Shuningdek, u dalil deb barcha elektron ma’lumotlarni berish to‘g‘ri bo‘lmasligini, ularning qaysi biri dalil bo‘lishini tergovchi ish davomida hal qilishini bildirdi.

Muhokamaga deputat Doniyor G‘aniyev ham qo‘shildi. U yangi kiritilayotgan JPK 204-1-moddasiga, mansabdor shaxsning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari va messenjerlardagi ma’lumotlari ham dalil qatoriga kiritilishiga e’tibor qaratdi. Bu esa ish doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga ularni ham taqdim qilish majburiyatini yuklashi mumkin, deya xavotir bildirdi u.

Qonun loyihasini himoya qilayotgan qo‘mita deputati Shuhrat Polvonov esa amaliyotda bunda xavotirlarga o‘rin yo‘qligini bildirdi. “Tergovchi uyga kelib hamma narsangizni tekshirib chiqib, keyin mana bularni ber demaydi. U ishga doir aniq bir narsani so‘raydi”, dedi u.

Oliy sud sudyasi Ilhom Rahmonqulov bu normalar har qanday fuqaro yoki mansabdorlarga ishlatilmasligini, balki jinoyat ishi doirasidagina, ariza va qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga asosan tatbiq qilinishini ta’kidladi. Bu modda “ko‘chadagi” boshqa odamlarning ishiga aloqador emasligini, balki normani yurist sifatida ko‘rib tushunish kerakligini ta’kidladi.

Yana bir deputat Sharofiddin Nazarov esa hozir juda ko‘pchilik mansabdorlar ham ish va shaxsiy hayoti uchun umumiy bitta noutbuk ishlatishini aytdi. Bunday holatlarda shaxsiy ma’lumotlar va ishga doir ma’lumotlarning chegarasini aniqlash qiyin ekani, amaliyotda noutbuklar arest qilinib, qaytarib berilmagan holatlar ko‘pligini ta’kidladi. “Shu sababli bu normani qayta ishlashni taklif qilaman”, dedi deputat Nazarov.

Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov bu masalaga sudyalar protsesslardan kelib chiqib javob berishayotgani, lekin aslida bu masalaga texnik yechim kerakligini ta’kidladi.

Qodirov, shuningdek XXI asrda ko‘p kompaniyalar uchun elektron ma’lumotlar muhim rol o‘ynashi, bunga bitta “dostup” berib, uni nazorat qilish qiyinligini ta’kidladi. “Buni amaliyotda ko‘p ko‘rganmiz. Shaxsiy va tijoriy ma’lumotlar chiqib ketmasligi uchun shoshilmaslik kerak”, dedi u.

Alisher Qodirov shuningdek, qonun loyihasi bo‘yicha himoyaga chiqqan deputat Rasul Kusherbayev aslida hech narsa tushunmayotganini aytganidan keyin ikki deputat o‘rtasida qisqa tortishuv bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi yetarli ovoz to‘play olmadi va ikkinchi o‘qishda tegishli qo‘mitaga qaytarildi.

Parlament majlisi jonli efirga uzatib borildi. Efirni kuzatgan huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi tergovchilar uchun lazeyka yaratib berishi mumkin.

“Qonun loyihasi matni yuridik jihatdan puxta emas, shu sababli ertaga amaliyotda tergovchilar bu lazeykali qonundan foydalanib, mansabdor shaxslarning telefon va kompyuterlarini bemalol titkilay oladigan bo‘lib qoladi. Amaliyotda buni birorta deputat nazorat qilib berolmaydi, qo‘lidan kelmaydi.

E’tiroz bildirayotgan deputatlar jon kuydirib shu narsani tushuntira olmabdi. “Yo‘q, amaliyotda unaqa bo‘lmaydi” deb aytilgan quruq gap e’tirozlarga javob emas”, – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: