Saudiya Arabistoni bu gal kuchlilik qildi. Final, muxlislarga to‘lgan «Bunyodkor» va taqdirlash marosimidan fotoreportaj

Sport 09:54 / 20.06.2022 31495

Kecha, 19 iyun, «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv uchun muxlislar tomonidan qiziqish katta edi. Musobaqa davomida o‘zining hayajonli o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan Temur Kapadze jamoasiga finalda stadiondan turib muxlislik qilishni istovchilar juda ko‘p edi. Finalga bo‘lgan qiziqish ko‘lamini o‘yin oldidan chiptalar savdosida kuzatilgan muammolar, «Bunyodkor» kassalari oldida yuzaga kelgan turnaqator navbatlar ham ko‘rsatib berishi mumkin. 

Albatta, umuman olganda, musobaqa og‘ir o‘tdi, ammo yarimfinaldagi o‘yinlarga qarab aytish mumkinki, hal qiluvchi bellashuvga har ikkala jamoa ham ortiqcha charchoq asoratlarisiz yetib kelishdi. Saudiya Arabistonida aytarli yo‘qotishlar yo‘q edi. O‘zbekiston olimpiyachilari safida esa Iroqqa qarshi o‘yindagi qo‘polligi uchun OFK Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan 3ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan Abduvohid Ne’matov xizmatlaridan foydalana olmasdilar. Shuningdek, Ibrohim Ibragimov ham jarohat sabab jamoasiga yordam bera olmadi. 

Uchrashuvning birinchi taymi nisbatan teng kurashlar ostida kechdi. Har ikkala tarafda ham bittadan ancha xavfli zarba yo‘llash imkoniyati bo‘ldi. O‘zbekiston safidan Hojimat Erkinov himoyachilar xatosidan so‘ng zarba pozitsiyasiga chiqib keldi, ammo u tepgan to‘p darvozaning ancha yuqorisidan o‘tib ketdi. Saudiyaliklarning zarbasi esa rekashet bo‘lib, maydonni tark etdi. Shuningdek, birinchi taym oxirida bosh hakam darvozamiz tomon penalti belgiladi. Ammo VAR orqali vaziyat qayta ko‘rib chiqilgach, vaziyat avvalida arab futbolchilaridan biri ofsaydda bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. 

Ikkinchi taymda muxlislar O‘zbekistondan faolroq o‘yinni kutishgandi. Ammo aksincha Saudiya Arabistoni qarshi hujumlarni keskin amalga oshirib, hisobni ochib oldi. 49-daqiqada Ahmad Al-G‘amdi hisobni ochdi. Ushbu vaziyatda tayanch yarimhimoyachimiz Abdurauf Bo‘riyev orqaroqda qolib ketdi va Al-G‘amdi Saidazamat Mirsaidovni bitta harakat bilan chalg‘itib, darvozaga zarba yo‘lladi. Yuqori chap burchakka yo‘llangan zarbani Vladimir Nazarov ushlab qola olmadi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston yoshlari yanada hujumga zo‘r berishdi. Raqiblar esa o‘z omadini qarshi hujumlardan qidirdi. Zaxiradan maydonga tushgan Ruslanbek Jiyanov ketma-ket hujumlardan birini gol bilan yakunlashga erishgandi, ammo u o‘yindan tashqari holatda qolib ketgandi. Tezroq gol urib olish maqsadida katta kuch bilan oldinga tashlangan vakillarimiz himoyada raqibga bo‘sh zonalar ochib bera boshlashdi. 74-daqiqada saudiyaliklarning asosiy hujumchisi Firas Al-Biraykan chap qanotdagi bo‘shliqdan foydalanib, oldinga bordi. Ancha burchakka borib qolganiga qaramay, Firas kutilmaganda zarba berishga qaror qildi va darvozaning o‘ng pastki burchagini ishg‘ol qildi. Ushbu gol Saudiya Arabistoniga qo‘shimcha xotirjamlik berdi va ular o‘z g‘alabalarini hakamning so‘nggi hushtagi chalingunicha ushlab tura olishdi. 

Tan olib aytish kerakki, ushbu musobaqaga kelgan jamoalar orasida Saudiya Arabistoni eng kuchlisi edi. Buni Temur Kapadze ham bir necha bor ta’kidlagan, chunki, ushbu jamoaga qarshi oldin ham bir necha bor to‘qnash kelgandik. Ammo O‘zbekiston olimpiyachilarining hali yosh ekani va xuddi shu turnirning keyingisida ham ishtirok etishi mumkinligi ko‘ngilga taskin beradi. 

Quyida ushbu uchrashuv, stadiondagi atmosfera va taqdirlash marosimidan fotogalereyani e’tiboringizga havola etamiz. 

Suratlar mualliflari — Muhammadjon G‘aniyev va Abdulbasit Valixonov

Ko‘proq yangiliklar: