Muhimi OTMga kirishmas, to‘g‘ri kasb tanlash. Abituriyentlarga ruhshunos tavsiyalari

Jamiyat 16:06 / 20.06.2022 16834

Oliy ta’lim muassasalariga qabul boshlanmoqda. Bu yil ham 1 milliondan oshiq abituriyent hujjat topshirishi prognoz qilingan. Ular fanlari mos keladigan 5 ta yo‘nalishni tanlash imkoniga ega. 5 ta yo‘nalish – 5 xil kasb bo‘lishi ham mumkin. Tanlanadigan kasb esa kelajak uchun muhim qaror hisoblanadi.

Inson hayotining o‘rtacha uchdan bir qismi ishda o‘tadi. Ya’ni kelajakda qaysi sohada va kim bo‘lib ishlash umrimizning asosiy qismidan birini tashkil qiladi. Shu sababli ham insonning kelajak kasbini to‘g‘ri tanlashi muhim ahamiyatga ega.

Kasb tanlashda nimalarga ahamiyat berish kerakligi, ota-onalarning farzandi tanloviga hurmat bilan qarashi lozimligi, kelajak sohasini tanlayotganda atrof-muhit insonga qay darajada ta’sir qilishi mumkinligi haqida psixolog Rozaliya Gabdulhaqova bilan suhbatlashdik.

Oylik maosh va obro‘

— Kasb tanlash – inson uchun xuddi juft tanlash kabi muhim qaror. Kasb faqat pul topish yoki vaqt o‘tkazish uchun emas, jamiyatga xizmat qilish, foydali ishlar qilish uchun ham tanlanadi.

Odamlarning noto‘g‘ri kasb tanlashiga kasblar haqida yetarli bilimga ega bo‘lmaslik ham sabab bo‘ladi. Bizning jamiyatda ota-onalar bolalari uchun tanlov qiladigan holatlar ham bor. Bunda ularning zamonaviy kasblardan bexabarligi noto‘g‘ri tanlovga sabab bo‘ladi.

Abituriyentlar OTMlarga hujjat topshirish boshlanadigan vaqtda muhim tanlov qarshisida qoladi. Boisi O‘zbekistonda OTMga kirish qiyin, tanlov yuqori. O‘zi xohlagan kasbga hujjat topshiray desa, o‘qishga kira olmaslikdan, kira olmasa – boshqalar oldida mulzam bo‘lishdan qo‘rqadi. Bu esa ularning o‘qishga kirish uchungina kasb tanlab qo‘yishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, kasb tanlashda oylik maosh va shu sohaning jamiyatdagi obro‘siga ham alohida etibor beriladi. Biroq tushunish kerakki, qancha oylik maosh olish hozir sohadan ko‘ra insonning potensialiga, egallagan bilimiga ko‘proq bog‘liq bo‘lmoqda.

“Bola tug‘ilgandanoq kasbini tanlab qo‘yishadi...”

— Ba’zi ota-onalar tug‘ilajak bolasiga ham oldindan kasb tanlab qo‘yishadi, ba’zilar esa o‘smir bolasi uchun tanlov qilishadi.

Lekin ota-ona tanlagan kasb ayni davrda aktual bo‘lmasligi, bolaning bu kasbga qobiliyati bo‘lmasligi mumkin. Ota-onalar o‘zlari xohlagan kasb uchun bolasidagi ma’lum qobiliyatlarini rivojlantirishga harakat qilishadi. Bunda bolaning asl qobiliyatlari esa rivojlanmay qolishi va majburan boshqa iqtidori ustida ishlanishi mumkin. Bu esa har doim ham omadli bo‘lavermaydi. Bola ota-ona xohlagan sohaga ham qobiliyatsiz, o‘zining haqiqiy potensiali ham rivojlanmay qolishi ehtimoli bor.

“Faqat fanni bilish yetarli emas...”

— Kasb tanlashda aqliy qobiliyatdan tashqari psixologik qobiliyat ham bo‘lishi kerak. Qaysidir sohani tanlashda aqliy qobiliyat va bilimdan tashqari o‘sha sohani egallashda qay darajada psixologik qobiliyatli ekani ham muhim.

Agar hali kasb tanlashda ikkilanayotganlar yoki tanlab ulgurmaganlar bo‘lsa, bitta qog‘oz olib tanlamoqchi bo‘lgan kasblarini yozib chiqishi va 10 yildan so‘ng bu kasbda o‘zini qanday tasavvur qila olishini o‘ylab ko‘rishi mumkin.

Bundan tashqari, psixologik va aqliy qobiliyatlarni yozib chiqish va bu qobiliyatlarni qaysi kasblarda ishlatish mumkinligini yozib chiqsa ham bo‘ladi. Yana bir e’tibor qaratish lozim bo‘lgan narsa – yashash hududidan kelib chiqib tanlanayotgan kasbning dolzarbligi. Mana shu omillarni hisobga olib kasb tanlashda kerakli qarorni qilish mumkin.

“3 narsa muhim, lekin universitetda o‘qish emas...”

— Kasb tanlaganda 3 ta asosiy narsa birlashishi lozim: qiladigan ishimizdan xursand bo‘lishimiz, rohat olishimiz kerak. Ikkinchi muhim jihat – yaxshi daromad topish. Uchinchisi esa jamiyatga foyda keltirish bilan bog‘liq.

Bularga erishish uchun har doim ham OTMda o‘qish shartmas. Hozir OTMda o‘qimasdan ham zamonaviy kasblarni egallab yaxshigina mutaxassis bo‘lish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: