O‘zbek futbolini «jonlantirgan» olimpiyachilar. O‘zbekiston o‘zidan qimmat va hali gol o‘tkazmagan Saudiyadan revansh ololadimi?

Sport 16:04 / 19.06.2022 34365

Bugun, 19 iyunda o‘zbekistonlik barcha futbol ishqibozlarining diqqat e’tibori «Bunyodkor» stadioni tomon qaratiladi. Mamlakatimiz mezbonligida qariyb uch hafta davom etgan Osiyo kubogi U23 finalida O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga qarshi saf tortadi. Tribuna.uz butun Osiyo diqqat markazidagi hal qiluvchi bahs oldidan finalchilarning turnirdagi yo‘li, transfer narxi, eng qimmat futbolchilari va «Bunyodkor» stadioni atrofidagi voqealarga to‘xtaladi.

O‘zbek futbolini «jonlantirgan» olimpiyachilar

O‘FA Osiyo kubogi U23 turniri mezbonligini ilk marta qo‘lga kiritib, O‘zbekiston olimpiya jamoasining o‘yinlari orqali jamoatchilik e’tiborini yana futbolimizga qarata oldi. Tan olish lozim, O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralash bosqichini tarixiy antirekord bilan erta tark etgach, qiziqish bir muncha pasaygan edi. Temur Kapadze jamoasi esa ajoyib g‘alabalari evaziga oxirgi marta JCh-2018 saralash bosqichida kuzatilgan ajiotajni takrorladi. Hattoki O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yiniga bunday qiziqish so‘nggi marta 4-5 yil avval kuzatilgan edi. Bu safar esa yoshlarimizning har bir o‘yini nafaqat stadion va uning tashqarisida, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab millionlab muxlislar quvonchiga sabab bo‘lmoqda. Endi 2018 yilgi Ravshan Haydarov jamoasining chempionligini takrorlash vaqti yetdi.

Yaponiyaga qarshi yarimfinal bahsi Toshkentda 10 mingdan ortiq tomoshabinni katta ekran qarshisida to‘plagan bo‘lsa, Saudiya Arabistoniga qarshi final nafaqat poytaxtda, Samarqand va aksariyat boshqa shaharlarda ham katta ekranda namoyish etilishi aytilmoqda.

34 ming tomoshabin sig‘imiga ega «Bunyodkor» stadioniga kirish chiptalarining qanday ajiotaj chiqargani va muxlislarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgani barchaga ma’lum. Futbol – katta bayram, millionlab odamlar kayfiyati, xalqni birlashtiruvchi vosita, katta kuch va gohida katta xatar ekanini O‘zbekiston ishtirokidagi avvalgi o‘yinlar ko‘rsatib berdi. Final chiptasini sotib olishdagi turnaqator navbatlar, chiptalarning chayqovchilar qo‘liga o‘tib, o‘z narxidan 10-20 baravar qimmat narxda sotilayotgani O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘yinga qiziqish qay darajada yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

 O‘zbekistonni Olimpiada-2020 va JCh-2022 yo‘llanmasidan mahrum etgan Saudiyadan revansh olinadimi?

 Saudiya Arabistoniga qarshi yaqin o‘tmishdagi o‘yinlar o‘zbek muxlisi xotirasida quvonchli onlar bilan emas, faqat – alam, iztirob, asabbuzarlik bilan yodda qolgan. 2020 yilda aynan Saudiya Arabistoni olimpiya jamoasi Osiyo kubogi U23 yarimfinalida O‘zbekistonni mag‘lub etib, Olimpiada-2020 yo‘llanmasidan mahrum etgandi.

 Aynan Saudiya Arabistoni 2021 yilda O‘zbekiston milliy jamoasini yirik hisobda mag‘lub etib, JCh-2022 hal qiluvchi saralash bosqichidan mahrum etib, bizni autsayderlar qatoriga uloqtirdi. Bugun esa yoshlarimiz alamli mag‘lubiyatlar uchun o‘ziga xos revansh olish imkoniyatiga egalar. Aynan shu avlod saudlardan ustun kelib, keyingi 10 yillikdagi turli musobaqalarda bu raqibni qo‘rquvga sola oladigan jamoaga aylanishi mumkin.

 Jamoalar finalgacha qanday yetib kelishdi?

Temur Kapadze shogirdlari finalga qadar guruhda – Turkmaniston, Qatar, Eron, pley-offlarda esa Iroq va Yaponiyani mag‘lub etib hal qiluvchi to‘qnashuvga yetib kelishdi. Saudiyaliklar esa guruhda – Tojikiston, Yaponiya, BAA bilan o‘ynab, pley-offlarda Vetnam hamda Avstraliyani mag‘lub etgan holda finalga chiqishdi. E’tiborlisi, Saad Ash-Shehri murabbiyligidagi bu raqib turnirda hali o‘z darvozasidan birorta ham gol o‘tkazib yuborgan emas.

 O‘zbekistonning finalgacha yo‘li:

1-tur. O‘zbekiston – Turkmaniston – 1:0

2-tur. O‘zbekiston – Qatar – 6:0

3-tur. O‘zbekiston – Eron – 1:1

Chorakfinal. O‘zbekiston – Iroq – 2:2 (pen: 3:2)

Yarimfinal. O‘zbekiston – Yaponiya – 2:0

 S.Arabistonining finalgacha yo‘li:

1-tur. Saudiya Arabistoni – Tojikiston – 5:0

2-tur. Saudiya Arabistoni – Yaponiya – 0:0

3-tur. Saudiya Arabistoni – BAA – 2:0

Chorakfinal. Saudiya Arabistoni – Vetnam – 2:0

Yarimfinal. Saudiya Arabistoni – Avstraliya – 2:0.

 O‘zbekiston o‘zidan qimmat jamoaga qarshi

Transfermarkt portaliga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Osiyo kubogi U23 turnirning eng qimmatbaho 3-jamoasidir – 6,1 mln yevro. Amaldagi chempion Janubiy Koreya umumiy tarkibi bahosi 15,9 million yevro bilan eng qimmat jamoa sanaladi, Yaponiya esa bu borada 6,5 mln yevro narx bilan 2-o‘rinda.

 O‘zbekiston olimpiya jamoasining umumiy transfer bahosi esa finaldagi raqibidan past – 4,9 mln yevro. Kapadze shogirdlari tarkibning narxi bo‘yicha Osiyo kubogida 7-o‘rinda.

 Finalchilarning tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, saudiyaliklar yosh jihatdan vakillarimizdan kattaroq – o‘rtacha 21,5 yosh. O‘zbekiston esa ikki yildan keyingi bosh maqsadi – Parij-2024 yo‘llanmasi uchun bu turnirda 23 yoshlilar emas, o‘rtacha 20,1 yosh bo‘lgan tarkib bilan qatnashmoqda.

 Turki Al-Ammar saudlar tarkibidagi eng qimmatbaho (900 ming yevro) o‘yinchi sanalsa, «Nasaf» forvardi Husayn Norchayev 700 ming yevro narxi bilan vakillarimiz safidagi eng qimmatbaho futbolchidir.

Saudiya Arabistoni U23 jamoasining eng qimmatbaho 3 o‘yinchisi:

1. Turki Al-Ammar, 22 yosh – 900 ming yevro

2. Firas Al-Buraykan, 22 yosh – 850 ming yevro

3. Saud Abdulhamid, 22 yosh – 850 ming yevro

 O‘zbekiston U23 jamoasining eng qimmatbaho 3 o‘yinchisi:

1. Husayn Norchayev, 20 yosh – 700 ming yevro

2. Abduvohid Ne’matov, 21 yosh – 600 ming yevro

3. Jasurbek Jaloliddinov, 20 yosh – 550 ming yevro.

Anons. Osiyo kubogi U23. Final

19 iyun (yakshanba)

O‘zbekiston U23 – Saudiya Arabistoni U23

Bosh hakam: Salmon Ahmad Falahi (Qatar)

Toshkent, «Bunyodkor» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00.

TV-translatsiya: UzReportTV.

Usmon Ibodov 

Ko‘proq yangiliklar: