Stenli kubogining rossiyalik sovrindorlariga kubokni uyga olib borishi taqiqlanadi 

Sport 09:06 / 16.06.2022 22889

Agar rossiyalik yoki belaruslik o‘yinchi o‘z jamoasi bilan birgalikda AQSh Milliy hokkey ligasi (NHL) pley-offida g‘olib chiqsa va Stenli kubogi sohibiga aylansa, liga unga kubok bilan Rossiya yoki Belarusga borishga ruxsat bermaydi. Bu haqda NHL komissari o‘rinbosari Bill Deyli 15 iyun, chorshanba kuni ma’lum qildi.

Liga rahbariyati finalga chiqqan «Kolorado Evelansh» va «Tampa-Bey Laytning» jamoalariga o‘z qarori haqida xabar bergan, deb yozadi AP. Har qanday holatda ham rossiyalik hokkeychi kubok sohibiga aylanadi, deya qayd etadi agentlik. «Kolorado» safida rossiyalik hujumchi Valeriy Nichushkin, «Tampa» safida esa darvozabon Andrey Vasilevskiy, himoyachi Mixail Sergachev va hujumchi Nikita Kucherov o‘ynaydi.

An’anaga ko‘ra, Stenli kubogi jamoasi o‘yinchilari kubokni bir kunga uyiga olib ketishi va o‘z shaharlariga olib borishi mumkin. «Kelajakda pandemiya tufayli qilganimiz kabi, kubok turnesini tashkil qilishimiz mumkin, ammo Rossiyada bu yozda bo‘lmaydi», dedi Deyli. Liga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli bunday qarorga keldi, deya tushuntirdi u. 

Ko‘proq yangiliklar: