Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 12:19 / 15.06.2022 17969

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida Ukrainaga ko‘proq og‘ir qurol-yarog‘lar kerakligiga urg‘u bergan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Biz hamkorlarimizga qayta-qayta Ukrainaga raketalarga qarshi zamonaviy qurol-yarog‘lar kerakligini takrorlamoqdamiz. Bizning davlatimizda bunday qurollar yetarlicha emas, lekin Yevropada aynan davlatimiz bunday qurol-yarog‘larga juda muhtoj.

Ularni yetkazib berishni paysalga solishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Men hamkorlarimiz bilan so‘zlashganimda doim buni ta’kidlayman. Biz raketaga qarshi tizimlar bo‘yicha ilk so‘rovlarimizni keng miqyosli bosqingacha berganmiz.

Bu haftada ham zamonaviy aksilraketa tizimlari yetkazib bera olish imkoniyatiga ega bo‘lgan siyosatchilar bilan bu borada juda ko‘p turli muzokaralar bo‘lib o‘tadi», — degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Shaxsiy tarkib 250 nafar, 6 ta tank, 25 ta zirhli jangovar mashinalar, 1 ta artilleriya tizimi, 1 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 12 ta transport vositasi, 1 ta maxsus texnika, 4 ta qanotli raketa yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 3 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

RF Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkov. Foto: RF MV
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan tirik kuch va texnikalarning 11 ta nuqtasi, 8 ta artilleriya o‘t ochish nuqtasi, 3 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan Ukraina QK tirik kuch va texnikalarning 101 ta nuqtasi, 3 ta boshqaruv punkti, 350 dan ortiq askari, 13 ta tank, 6 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 14 ta dala artilleriyasi uskunalari, 22 ta maxsus avtomobil yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukrainaning MiG-29 samolyoti, Mi-24 vertolyoti, 9 ta pilotsiz uchar qurilmasi, 1 ta ballistik raketasi, «Smerch» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimining 14 ta snaryadi urib tushirilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning 18 ta boshqaruv punkti, tirik kuchlar va harbiy texnikasi jamlangan 280 ta nuqtasi, artilleriya bo‘linmalarining 59 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. Zarbalar natijasida yonilg‘i ombori yo‘q qilingan.
  • Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 202 ta samolyot, 131 ta vertolyot, 1205 ta pilotsiz uchar qurilma, 338 ta zenit raketa majmualari, 3548 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 521 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1947 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3605 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

 

 

Ukrainaga ko‘mak

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Ukraina shu vaqtgacha so‘ragan harbiy yordamning 10 foizinigina olganini aytdi.

«Qanchalik sa’y-harakat qilmaylik, armiyamiz nechog‘lik professional bo‘lmasin, biz o‘zimizning g‘arblik hamkorlarimizsiz bu urushda g‘alaba qozona olmaymiz», — degan u.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaga ko‘proq og‘ir qurol-yarog‘lar yetkazib berilishi kerakligini ta’kidlagan.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. Foto: greekcitytimes.com

 «NATO bo‘yicha ittifoqchilar va hamkorlar shunday qurol-yarog‘larni yetkazishdi va bu sa’y-harakatni kuchaytirishmoqda. 15 iyun kuni NATO doimiy qarorgohida «Ramshtayn» bazasidagi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kontakt guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Ukrainaga turli qurol-yarog‘lar va harbiy uskunalar, jumladan og‘ir qurol-yarog‘lar yetkazib berish yuzasidan NATO bo‘yicha ittifoqchilar va hamkorlarning harakatlarini muvofiqlashtirish kelishiladi», – degan Stoltenberg.

AQSh Ukraina qurolli kuchlariga birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan zarba berish uchun razvedka ma’lumotlarini uzatib turadi. Shuningdek, AQSh Ukrainaga avval e’lon qilinganidan ko‘proq birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari yetkazib beradi, degan AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kol.

 

Sanksiyalar, oqibatlar va ularga qarshi choralar

Serbiya shu yilning noyabr oyidan boshlab Yevroittifoq sanksiyalari tufayli Rossiya neftini import qila olmaydi, — degan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich.

Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich. Foto: kp.ru

AQSh hukumati G7 davlatlarining boshqa davlatlari hukumatlari bilan Rossiyaga qarshi yangi cheklov choralarini ishlab chiqmoqda, — degan AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Derek Hogan.

GFR kansleri Olaf Shols Rossiyaga qarshi sanksiyalar samaradorligini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida Germaniya sanksiyalar ostiga tushuvchi yoki kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan aktivlarning milliy reyestrini tuzishini e’lon qildi, deb xabar bergan Reuters.

Qoratog‘ (Chernogoriya) Rossiya fuqarolarining 44 ta ko‘chmas mulk obektlarini muzlatib qo‘ydi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar mualliflari ularni aylanib o‘tish yo‘llarini o‘ylab topishmoqda, degan Rossiya xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev. Unga ko‘ra, G‘arb davlatlari iqtisodiyotlari kuz faslida «asosiy sanksion hosilni yig‘ib olishadi».

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Pentagon rahbari Lloyd Ostin Rossiyani «imperiyaviy ishtahasi» uchun tanqid ostiga olgan.

«Rossiyaning bostirib kirishi — yirik barqudrat davlatlar o‘zlarining imperiyaviy ishtahasi tinch qo‘shnilarning huquqlaridan muhimroq deb hisoblasa, nimalar ro‘y berishini yaqqol ko‘rsatdi. Bu birortamiz yashashni istamaydigan xaos va tartibsizlikdan iborat ehtimolli kelajakka bir nazar. Rossiya bosqini — barchamizni himoya qiluvchi qonun-qoidalar zolim tomonidan buzilishining o‘zginasi», — deb yozgan Ostin Twitter’da.

Hollivud aktyori va Kaliforniyaning sobiq gubernatori Arnold Shvarsenegger Avstriyada o‘tayotgan iqlim konferensiyasida videoaloqa orqali chiqish qilib, Yevropani Rossiyani urush olib borishda homiylik qilayotganlikda aybladi. Aktyor o‘zlarini aldashni bas qilib, Rossiyadan yonilg‘i xarid qilishni to‘xtatishga chorladi.

Arnold Shvarsenegger. Foto: nur.kz

«Urushning dastlabki 2 oyi davomida Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga uchirilgan 1300 raketaning narxi 7,7 mlrd yevro bo‘lgan. Shu muddat ichida Yevropa Rossiyaga yonilg‘i uchun 44 mlrd yevro o‘tkazib bergan.

Albatta ruslar ko‘plab askarlari, harbiy texnikasi, tanklari, samolyotlaridan ayrilayotganidan xursand emas. Lekin ular «Nima bo‘lganda ham bu urush uchun biz pul to‘lamaymiz. Yevropaliklar bizga pul jo‘natishmoqda. Ular urush uchun to‘lashyapti», deyishmoqda», — degan Shvarsenegger.

NATO Rossiyani to‘xtatish uchun Ukrainadagi urushga aralashishi kerak, degan AQSh va NATO ittifoqchi kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Uesli Klark.

«Bosh kotib Yyens Stoltenbergning to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum bo‘lmasa NATO hech narsa qila olmaydi, degan va ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan g‘oyasi 90-yillardayoq vujudga kelgan. Lekin biz bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishimiz kerak. NATO aralashishi shart. Kelinglar, buni rasman e’lon qilamiz va rossiyaliklarga o‘t ochishni to‘xtatishni buyuramiz. Urushni NATOning aralashuvisiz to‘xtatish imkonsiz», — degan Klark.

Ko‘proq yangiliklar: