Serbiya Yevroittifoq sanksiyalari tufayli Rossiya neftidan mahrum bo‘ladi

Jahon 09:22 / 15.06.2022 11985

Serbiya joriy yilning 1 noyabridan boshlab Yevropa ittifoqi embargosi tufayli Rossiya neftidan mahrum bo‘ladi. Bu haqda 14 iyun, seshanba kuni prezident Aleksandr Vuchich ma’lum qildi

«Mamlakat qattiq qishga hozirlik ko‘rmoqda, biroq har kuni o‘nlab yangi muammolar paydo bo‘lsa-da, zarur bo‘lgan hamma narsani ta’minlash kerak, xususan, shuni yodda tutish kerakki, noyabrdan boshlab biz Rossiya neftini boshqa ololmaymiz», — deya Vuchich so‘zlaridan iqtibos keltirgan Serbiyaning Rs teleradiokanali.

Serbiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, birgina Belgrad yaqinidagi Obrenovats jamoasi kuniga 350 tonna mazut iste’mol qiladi, qishda esa bu ko‘rsatkich yetti barobar ortadi. «Biz o‘zimizni mazut bilan ta’minlashimiz kerak, ammo NIS neft kompaniyasida u yetarli emas, biz 20 ming tonna mazut import qilamiz, ammo butun qish uchun 120 ming tonna kerak bo‘ladi», dedi Vuchich. U Ruminiyadan barjalar orqali yonilg‘i importini amalga oshirish rejalashtirilganini qo‘shimcha qildi. 

Bundan tashqari, Serbiya qishda 100 ming tonnagacha ko‘mirga muhtoj bo‘ladi, amalda esa 80 ming tonna ko‘mir qazib olinadi, dedi Aleksandr Vuchich. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda gaz ta’minotidagi muammolar ham bor. «Hamma kvartirasi issiq bo‘lishini istaydi, shunda ular yengil kiyimda yurishi mumkin. Hech kim qishda kvartirada qalin kiyinishni istamaydi, lekin hech kim bizdan qanday qilib gaz zaxirasini to‘ldirishimiz mumkinligi, qanday qilib sutkasiga 2,7 mln kubometr gaz berishimiz haqida so‘ramayapti. Bu faqat Novi-Sad, Panchevo va Zrenyanindagi gaz bilan ishlaydigan elektr stansiyalari uchun ketadi», — dedi Serbiya prezidenti. 

Xorvatiya neft quvurlari tizimining operatori JANAF 6 may kuni Yevropa ittifoqi sanksiyalari tufayli «Gazprom neft» tarkibiga kiruvchi Serbiyaning NIS kompaniyasi tomonidan «Adriya» neft quvuri orqali neftni haydash to‘xtatilganini ma’lum qildi. Vuchichning ta’kidlashicha, muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan Iroq neftining bir barreli mamlakatga 31 dollarga qimmatga tushadi. «Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar tufayli Serbiya fuqarolari cho‘ntagidan 600 million dollar o‘g‘irlandi. Biz qiyin ahvoldamiz», — dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: