O‘zbekiston Yaponiya bilan o‘yinni muxlislarsiz o‘tkazadi, O‘FA 50 ming dollar jarimaga tortildi

Sport 00:53 / 15.06.2022 71485

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Iroq va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi uchrashuvda tartibsizlik kelib chiqqani uchun 50 ming dollar jarimaga tortildi.

Toshkentda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda. Chorakfinal doirasidagi Iroq hamda O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi o‘yinda o‘zbekistonlik muxlislar Abduvohid Ne’matovga qizil kartochka ko‘rsatilgach, maydonga tosh va boshqa buyumlar uloqtirgandi. Oqibatda bir nafar mahalliy va bir nafar mehmon fotomuxbir jarohat olgan. OFK ushbu holat bo‘yicha tartib-intizom qo‘mitasi qarorini e’lon qildi.

OFK rasmiy saytida yozilishicha, O‘zbekiston olimpiya jamoasi ishtirokidagi bitta o‘yin mahalliy tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi. Ya’ni, Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasidagi O‘zbekiston – Yaponiya bahsiga o‘zbekistonlik tomoshabinlar kiritilmaydi. Yaponiyalik 500 nafar muxlis esa stadionga kirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston – Iroq uchrashuvida stadionda xavfsizlik yetarlicha ta’minlanmagani va OFK talablari bajarilmagani sabab O‘FA 50 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortiladi. Abduvohid Ne’matov esa 3 o‘yinga diskvalifikatsiya qilinib, 500 dollar jarima to‘laydi.

Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasidagi O‘zbekiston – Yaponiya uchrashuvi, 15 iyun kuni soat 21:00da «Bunyodkor» stadionida boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: