BMT ukrainalik bolalarning Rossiyada asrab olinishiga qarshi chiqdi 

Jahon 08:28 / 15.06.2022 11812

Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli agressiyasi boshlanganidan keyin Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalar rus oilalari tomonidan asrab olinmasligi kerak. Bu haqda 14 iyun, seshanba kuni YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori hamda Yevropadagi qochqinlar va muhojirlar inqirozi bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi Afshon Xon ma’lum qildi

«Biz yana bir bor ta’kidlaymizki, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasiga ham, farzand asrab olish favqulodda vaziyatlarda yoki ulardan keyin darhol amalga oshirilmasligi kerak», dedi Xon. U bolalarning har qanday harakati faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab, shuningdek, ota-onalarning ixtiyoriy roziligi bilan amalga oshirilishi kerakligini eslatdi. Ushbu shartlarga rioya qilmasdan boshqa davlatga olib ketilgan bolalar yetim deb hisoblanmaydi. 

«Rossiyaga yuborilgan bolalarga kelsak, biz ularning huquqlari bo‘yicha vakolatli vakillar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, bunday holatlarni hujjatlashtirish uchun ishlamoqdamiz», deb ta’kidladi YUNISEF mintaqaviy koordinatori. 

10 iyun kuni Ukraina oliy radasi BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Haagadagi xalqaro sud va BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligiga murojaat bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ro‘yxatga oldi. Murojaatda deputatlar «o‘g‘irlab ketilgan va Rossiyaga majburan olib ketilgan» yoki bosib olingan hududlarda joylashgan ukrainalik bolalarni rus oilalari tomonidan asrab olinishidan himoya qilishni so‘ramoqda. Rada, shuningdek, xalqaro tashkilotlardan bu bolalarni Ukrainaga qaytarishga yordam berishni so‘ramoqda. 

Hozirda oliy radaning gumanitar va axborot siyosati qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan rezolyutsiya loyihasining tushuntirish xatida aytilishicha, Rossiya xalqaro huquqni buzgan holda «millionlab Ukraina fuqarolarini, ular orasida bolalar, jumladan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni» majburan deportatsiya qildi.

Mart oyida BMT ukrainalik bolalarning Rossiyada majburiy asrab olinishidan xavotir bildirgan edi. Xalqaro tashkilot Ukraina sharqidagi mehribonlik uylari va maktab-internatlarda yashovchi 90 mingga yaqin bolaning taqdiridan ayniqsa tashvishda. 

Ko‘proq yangiliklar: