Urganchdagi katta stadionni ishga tushirish shartlari ma’lum bo‘ldi

Sport 10:46 / 14.06.2022 2741

«Xorazm» sport majmuasi (sobiq «Olimpiya» stadioni) 2015 yildan beri futbol o‘yinlarini qabul qilmayapti. «Xorazm» futbol klubi esa uy o‘yinlarini sun’iy maydonda o‘tkazmoqda.

Hozirgi vaqtda stadionni ishga tushirish, viloyatning bosh jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni asosiy arenaga ko‘chirish masalasi kun tartibida turibdi. 

PFL mutaxassislari stadiondagi holatni o‘rganib, bunga to‘sqinlik qiluvchi muammo va kamchiliklarni aniqlab, amalga oshirilishi shart bo‘lgan ishlarni sanab o‘tishgan:

1. Hakamlar xonasida katta oyna, yumshoq mebel, futbol maydoni maketi hamda muzlatgich bo‘lishi; 
2. Komissar xonasida kompyuter, printer, televizor bo‘lishi hamda internet bilan jihozlanishi;
3. Jamoalarning kiyim almashtirish xonasida konditsioner, meditsina kushetkasi, futbol maydoni maketi hamda oyna bo‘lishi;
4. Meditsina xonasi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalar bilan jihozlanishi;
5. Futbolchilar hamda o‘yin rasmiylarining texnik zona orqali stadionga chiqish hududi xavfsizlik nuqtai nazaridan yopiq holatda himoyalangan bo‘lishi;
6. Texnik zonadagi zaxira o‘rindiqlarini talab etilgan ko‘rinishga keltirish;
7. Zaxira hakami hamda tibbiyot xodimlarining texnik zonadagi faoliyati uchun zarur anjomlar bo‘lishi;
8. Maydon perimetri reklama panellari bilan bezatilishi;
9. Muxlislarning stadionga kirish va tribunaga chiqish joylari xavfsizlik nuqtai nazaridan texnik zonadan ajratilishi.

Shuningdek, maydon, maydonni sug‘orish va yoritish tizimlarida ayrim muammolar aniqlangan:

  • Futbol maydonining turli qismlarida kamchiliklar bor. Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, maydon bir mavsumdan keyin zararlanishi mumkin.
  • Maydon parvarishi uchun stadionga maxsus texnika zarur. Maxsus texnikasiz maydonni yaxshi holatda ushlab turish imkonsiz. 
  • Sug‘orish tizimidagi sprinklerlar maydonni talab etilgan hajmda qamrab olmayapti. Maydon yaxshi holatda bo‘lishi uchun avtomatik sug‘orish tizimida ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish lozim.
  • Projyektorlar maydonni 980 lyuks yorug‘lik nuri bilan yoritmoqda. Gorizontal holatda bu ko‘rsatkich 1200 lyuksni tashkil qiladi. Projyektorlarda sozlash ishlari qayta amalga oshirilishi kerak.

Stadion bo‘yicha xulosalar «Xorazm» futbol klubiga taqdim etilgan. 

Futbol mavsumining 2-davrasidan (avgust oyidan) boshlab stadionda o‘yinlarni o‘tkazish uchun mana shu muammo va kamchiliklar bartaraf etilishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: