Ukrainlarning Doneskka hujumi, «Azovstal» xarobalari. Urush suratlari

Jahon 13:56 / 14.06.2022 31978

Urushning 110-kunidan asosiy ma’lumotlar

  • Severodonetsk bilan bog‘lovchi barcha ko‘priklar vayron qilingan - bu haqda Lugansk harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ma’lum qildi. Bu shuni anglatadiki, endi yo‘llar orqali Severodonetskka gumanitar yordam yetkazish va u yerdan evakuatsiya amalga oshirish imkoni yo‘q, ammo ukrain armiyasi qurshovga tushmagan va himoyalanishda davom etadi.
  • RIA Novosti va «Izvestiya» muxbirlar, shuningdek TASS agentligi Donetskdagi tug‘uruqxona o‘qqa tutilganini xabar qilishdi. Ularning yozishicha, tug‘uruqxona xodimlari va homilador ayollar evakuatsiya qilingan. Jabrlanuvchilar haqida ma’lumotlar yo‘q.
  • Tan olinmagan «DXR» rahbari Denis Pushilin Donetsk o‘qqa tutilganidan keyin «Kiyev barcha chegaralarni kesib o‘tgani» haqida aytdi. Shuningdek «Donetsk o‘qqa tutilishi munosabati bilan qo‘shimcha ittifoqchi kuchlar, birinchi navbatda RF kuchlari harakatga kirishishi zarurligi»ni aytdi.
  • Amnesty International tadqiqotchilari Rossiya tomonidan Xarkovda harbiy jinoyatlar sodir etilganiga dalillar topilganini aytmoqda. Unga ko‘ra Rossiya harbiylari aprel oyida va may oyi boshida shaharda kassetali o‘q-dorilar va minalar qo‘llagani, buning natijasida tinch aholi vakillari jabrlangani aytilgan. Hozirda Xarkovda ishlayotgan BBC jurnalistlari ham shunday xulosaga kelishgan.
  • Henley&Partnetrs tahlil agentligi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Ukrainaga bosqin tufayli Rossiyani 15 mingdan ortiq badavlat kishilar tark etishgan. Ukrainada ham shu kabi ko‘rsatkich: yil oxiriga qadar mamlakatni 2,8 ming millioner tark etishi kutilmoqda (bu mamlakatdagi barcha millionerlarning 42 foiziga teng).
  • Volodimir Zelenskiy ukrainlarni Rossiya tomonidan egallab olingan shaharlar va hududlar aholisi bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishga va ularga ukrain armiyasi albatta borishi va ularni ozod qilishini eslatishga chaqirdi.

Quyida 13 iyun kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Odessa

Odessa opera va balet teatri oldida o‘sayotgan gullar orasidagi qum to‘ldirilgan qoplar.
Viacheslav Onyshchenko / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mariupol

Rossiyalik harbiy «Azovstal» zavodi hududidagi xarobalar orasida. Xarobalardagi ibora sovetlarning «Jangga faqat keksalar boradilar» filmidagi mashhur iqtibosga ishora qiladi — «Reyxstag xarobalaridan mamnunman». O‘z navbatida, bu iqtibosning kelib chiqishi sovet askarlari 1945 yil aprel-may oylarida Berlin egallangach, Reyxstag devorlarida qoldirilgan yozuv bilan bog‘liq. Mariupolga press-tur RF mudofaa vazirligi tomonidan tashkillashtirildi. May oyining ikkinchi yarmida «Azovstal»ni ikki oydan oshiq vaqt mobaynida mudofaa qilgan ukrainlarning «Azov» polki harbiylari asirlikka tushgandi. Shundan buyon shahar rossiyalik harbiylar nazoratida. Foto: Vladimir Gerdo / TASS

Kiyev oblasti 

Evakuatsiya brigadasi a’zolari Bucha yaqinidagi birodarlik qabristonida jasadlarni eksgumatsiya qilmoqda. Mart oyi oxirida rossiyalik harbiylar Kiyev oblastini tashlab ketishgan, ko‘chalarda, uylar va birodarlik qabristonlarida yuzlab tinch aholi vakillari jasadlari aniqlangandi. 
Natacha Pisarenko / AP / Scanpix / LETA

Donetsk 

Donetskning Budennovskiy rayonidagi bozor bo‘ylab chopayotgan kishi. «DXR» rasmiylari Ukraina qurolli kuchlari zarbalaridan keyin bozor hududida yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan. So‘nggi hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Amerika Urushlarni tadqiq qilish institutiga ko‘ra, Rossiya harbiy kampaniyasining asosiy maqsadi Ukraina sharqi — Xarkov janubi, Donetsk va Lugansk oblastlari bo‘lib qolmoqda. Foto: Nikolay Trishin / TASS
Zarbalardan keyin Donetsk ustida ko‘tarilgan tutun. Foto: Yuriy Kadobnov / AFP / Scanpix / LETA

 

Ukrainalik harbiylar Amerikaning minora o‘rnatilgan M109 gaubitsasida. Bunday qurilma pulemyotlar yoki kichik kalibrli avtomatik zambaraklar o‘rnatish va ularni boshqarish uchun qo‘llanadi. Foto: Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Lugansk oblastidagi Severodonetsk ustidagi tutun. Britan razvedkasiga ko‘ra, Rossiyaning asosiy operativ maqsadi Donbassda Severodonetsk «koteli»ni hosil qilish bo‘lib qolmoqda. Shahar uchun janglar may oyidan buyon davom etmoqda, Rossiya tomoni bir necha bor amalda shahar ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan. Ukraina hukumati Severodonetskning katta qismi rossiyalik harbiylar tomonidan egallangani, ukrain harbiylari shaharning katta hududini egallagan «Azot» kimyoviy zavodida himoyalanayotganini ma’lum qilgan. 13 iyun kuni Ukraina mudofaa vazirligi rossiyaliklar shahar markazini qo‘lga olishganini tasdiqladi. Foto: Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Lisichansk aholisini nisbatan xavfsiz hududlar — Kramatorsk va Slavyanskka evakuatsiya qilayotgan ko‘ngillilar mashinasida o‘tirgan bolakay. Mashina yarim yo‘lda, Severskda to‘xtagan, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda va issiqda qiynalgan yo‘lovchilarga biroz dam berish uchun.
Marcus Yam / Los Angeles Times / Getty Images
Ko‘proq yangiliklar: