NATO bosh kotibi: Shvetsiya Turkiya bilan ikki shart bo‘yicha murosaga boradi 

Jahon 09:49 / 14.06.2022 9839

Shvetsiya NATOga a’zolik arizasi fonida Anqara Stokholmga taqdim etgan shartlar ro‘yxatidan ikkitasi bo‘yicha Turkiya bilan murosaga boradi. Bu haqda 13 iyun, dushanba kuni Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Yyens Stoltenberg uchrashuvida ma’lum qilindi

Stoltenberg Shvetsiya terrorizmga qarshi qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni boshlab yuborgani, shuningdek, Turkiyaga mudofaa sanoati uchun mahsulotlar yetkazib berishga huquqiy asos yaratishga tayyor ekanini ma’qulladi. «Bu Turkiya tomonidan e’lon qilingan muammolarni hal qilish uchun ikki muhim qadamdir», dedi Stoltenberg.

«Biz Turkiyaning xavotirlarini juda jiddiy qabul qilyapmiz, ayniqsa terrorizmga qarshi kurash bilan bog‘liq xavfsizlikka oid tashvishlarini», dedi Andersson. 

Turkiya 25 may kuni Shvetsiya va Finlandiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu davlatlarga 10 ta shartni ilgari surdi. Ulardan asosiysi - Turkiyada terroristik deb e’lon qilingan Kurdiston Ishchi partiyasi faoliyatining taqiqlanishi. 

Finlandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida NATOga qo‘shilish niyatini e’lon qildi. Biroq, bu davlatlarni ittifoqqa qabul qilish uchun uning barcha 30 a’zosining roziligi kerak. Ayni paytda, Anqara hamon «ha» deyishga tayyor emas. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an buni «Finlandiya va Shvetsiyada Turkiyada terrorchilik tashkilotlari vakillari deb ataluvchi kurdlar bo‘yicha aniq pozitsiya yo‘qligi» bilan izohladi. 

Bundan tashqari, Turkiya 2019 yilda Suriyada kurdlarga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng Stokholm va Helsinki Turkiya tomoniga mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishga sanksiyalar joriy etganiga qarshi pozitsiyada.

Ko‘proq yangiliklar: