Huquq himoyachilari BMTga urush boshlanganidan beri Rossiyada kuzatilgan repressiyalar haqida hisobot tayyorladi 

Jahon 08:45 / 14.06.2022 11296

Rossiyada Ukrainada urush boshlanganidan keyin fuqarolik jamiyati va mustaqil matbuotga bosim kuchaygan. «Urush davri repressiyasi»ning asosiy yo‘nalishlari saytlarni bloklash va ommaviy axborot vositalarini yopish, «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» bilan bog‘liq jinoiy va ma’muriy ishlarni qo‘zg‘atish, shuningdek «xorijiy agentlar» va ularning ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha qonunchilikni kuchaytirish bo‘ldi. Bunday xulosalar BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi uchun «OVD-Info» loyihasi, «Sova» axborot-tahlil markazi, DOXA internet nashri va OAV huquqlarini himoya qilish markazi tomonidan 2022 yil may oyida birgalikda tayyorlangan hisobotda keltirilgan. 13 iyun, dushanba kuni Re-Russia loyihasi ushbu hujjatga e’tibor qaratdi.

Huquq himoyachilari tomonidan ko‘rsatilgan birinchi repressiya yo‘nalishi - internet-resurslarni bloklash. Hisobot mualliflarining fikricha, bu vosita ayniqsa urushning birinchi haftalarida tez-tez ishlatilgan. 24 fevraldan beri 181 ta ommaviy axborot vositasi «Roskomnadzor» tomonidan bloklangan, yana 21 tasi o‘z faoliyatini to‘liq yoki vaqtincha to‘xtatgan. Bundan tashqari, idoradan ogohlantirish olgan 11 ta ommaviy axborot vositasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida yozishni to‘xtatdi, deyiladi hujjatda. 

«Roskomnadzor» keyinchalik urushga qarshi pozitsiyani egallagan taniqli odamlarning, jumladan munitsipal deputat Ilya Yashin, siyosatshunos Yekaterina Shulman va tadbirkor Mixail Xodorkovskiyning shaxsiy sahifalarini faol ravishda bloklashni boshladi. 

Huquq himoyachilariga ko‘ra, bloklash sonining keskin oshishiga «Axborot to‘g‘risida»gi qonunga 2020 yildan buyon kiritilgan 84 ta o‘zgartirish sabab bo‘lgan. 

Huquq himoyachilari hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri 101 nafar rossiyalik jurnalist professional faoliyati yoki urushga qarshi pozitsiyasi tufayli jabr ko‘rgan. OAV xodimlari ushlangan, jarimaga tortilgan, ishdan bo‘shatilgan yoki Rossiya davlat organlarining taqdim etiladigan axborotidan mahrum etilgan. Qayd etilishicha, 1 iyunga qadar RF qurolli kuchlari va Rossiya davlat organlari haqidagi «soxta ma’lumotlar» haqidagi yangi modda bo‘yicha jurnalistlarga nisbatan kamida o‘nta ish qo‘zg‘atilgan. Ikki holatda gap mintaqaviy ommaviy axborot vositalarining bosh muharrirlari haqida bormoqda. 

Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lganlarni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish, hisobot mualliflarining fikriga ko‘ra, mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab, qonunchilikka bir qator tegishli o‘zgartirishlar qabul qilingan va kuchga kirganidan keyin faol qo‘llanila boshlandi. 

«26 may holatiga ko‘ra, sud ma’lumotlariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.3.3-moddasi («RF qurolli kuchlaridan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar») bo‘yicha 2100 tadan ortiq ish qo‘zg‘atilgan. Kamida 1386 ta jazo qo‘llanilgan. Jarima miqdori ma’lum bo‘lgan 715 ta holatda uning hajmi jami 420 324 AQSh dollarini tashkil etgan. Shu bilan birga, aksariyat vaziyatda odamlarga yig‘ilishlar o‘tkazish qoidalarini buzganlik uchun ayblovlar qo‘yilgan, bu esa non bis in idem tamoyili qoidasini buzgan holda jazoning takrorlanishiga olib kelgan», deyiladi hisobotda. 

24 fevraldan beri Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining Rossiya armiyasi haqida soxta xabar tarqatganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi yangi moddasi bo‘yicha 52 ta ish qo‘zg‘atilgan. 

Huquq himoyachilari urush boshlanganidan beri urushga qarshi namoyishlarda kamida 16 000 kishi hibsga olinganini taxmin qilmoqda. Eng yuqori cho‘qqi 6 martga to‘g‘ri keldi: o‘shanda Rossiyaning 77 shahrida urushga qarshi aksiyalarda kamida 5558 kishi qo‘lga olingan, politsiya bu jarayonda kuch ham ishlatgan.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, repressiyaning yana bir yo‘nalishi «xorijiy agentlar» ro‘yxatini kengaytirish bo‘ldi. «Ukrainadagi urushdan oldin «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun Rossiya hukumati tomonidan fuqarolik jamiyati tashabbuslari va norozi fikrlarni bostirish uchun qo‘llanilgan, - deyiladi hisobotda. - Urush paytida bu qonun ham Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlariga qarshi chiqqanlarning ovozini o‘chirish vositasiga aylandi. Turli kasbdagi bir qancha tashkilotlar va shaxslar o‘zlarining urushga qarshi pozitsiyalarini oshkora ifoda etganliklari uchun «xorijiy agentlar» deb e’lon qilindi. Ular orasida - Deutsche Welle, siyosatshunos Yekaterina Shulman, jurnalist Yuriy Dud, tarixchi Yevgeniy Ponasenkov, va hatto repperlar Face (Ivan Dryomin) va Alisher Morgenshtern». 

Shu bilan birga, huquq faollarini, ayniqsa, «Xorijiy ta’sir ostidagi shaxslar faoliyatini nazorat qilish to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi xavotirga solmoqda. 7 iyun kuni Rossiya davlat dumasi uni birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bir tomondan, mazkur qonun loyihasida davlat organlari tomonidan imkon qadar kengroq talqin qilinishi mumkin bo‘lgan «chet el ta’siri» tushunchasi kiritilgan. 

Boshqa tomondan, u «xorijiy agentlar» bilan bog‘liq shaxs» tushunchasini mustahkamlaydi. Bunday shaxsga, xususan, «xorijiy agent» bo‘lgan tashkilotning har qanday xodimi aylanishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: