Global savdoda yangi muammo: Koreyada yuk mashina haydovchilari ommaviy ish tashladi

Jahon 22:12 / 14.06.2022 19264

Haydovchilarning ommaviy ish tashlashi, Koreya Savdo vazirligi hisobiga ko‘ra, dastlabki 6 kun ichida 1,6 trln von (1,2 mlrd dollar) yo‘qotishga olib kelgan. Zararning katta qismi po‘lat, kimyo va avtomobil sanoatiga to‘g‘ri keladi.

Reuters'ning yozishicha, bu holat Xitoydagi yangi karantin va Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab zaiflashgan savdo zanjirlari uchun navbatdagi muammo bo‘lmoqda: Koreya – dunyoda yarimo‘tkazgichlar, elektronika mahsulotlari va po‘lat ta’minotida muhim o‘ringa ega.

Logistikada yuzaga kelgan muammolar sabab yirik kompaniyalar ishlab chiqarish hajmini vaqtincha qisqartirishga majbur bo‘lyapti. Hyundai Motors o‘z mahalliy avtozavodlari faoliyatini sun’iy susaytirgani, shina ishlab chiqaruvchi Hankook Tire esa eksport hajmini qisqartirishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi. Mamlakatning eng yirik po‘lat ishlab chiqaruvchisi Posco ham omborlar to‘lib ketgani uchun faoliyatini qisqartirgan.

Yakshanba kuni Koreya Korxonalar federatsiyasi boshqa 30ta sanoat guruhlari, xususan yarimo‘tkazgich va avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda qo‘shma bayonot chiqarib, haydovchilarni ish tashlashni bas qilishga chaqirdi. Bayonotda aytilishicha, bu aksiya mamlakat iqtisodiyotining asosi bo‘lmish ishlab chiqarish va savdoga juda katta zarba bo‘lmoqda.

Koreya Yuk tashuvchilar uyushmasi tashish xarajatlari oshib borayotgani bo‘yicha o‘z talablarini ilgari surgani, bu talablar bajarilmagach haydovchilarning ish tashlashdan boshqa chorasi qolmaganini bildirgan. Koreya Transport vazirligi uyushma bilan muzokaralar olib bormoqda. Vazirning uyushma vakillari bilan shanba kungi uchrashuvi 8 soatdan ortiq davom etgan, biroq natija bo‘lmagan.

Mamlakatda yuk mashinalari haydovchilarining soni 420 mingdan ortadi va ular aksariyat holatlarda biror kompaniyaning xodimi emas, o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida faoliyat yuritishadi.

Muzokaralar naf bergunga qadar hukumat harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan 100ta yuk mashinasi va boshqa maqsadlardagi 21ta transportni mahalliy mahsulotlarni asosiy portlarga yetkazishga safarbar qilishini bildirgan.

Mahsulotlarning portlargacha yetib kelishi qisqarib ketgani ortidan Janubiy Koreyaning eksporti 1–10 iyun kunlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga kamaygan. Bunda, avtomobil eksporti 35 foizga, simsiz aloqa vositalari eksporti 27 foizga qisqargan.

O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, Koreyada inflatsiya sur’ati oxirgi o‘n yillikdagi eng yuqori darajaga chiqqan. Bu va mazkur ommaviy ish tashlash bir oy oldin Koreya prezidenti lavozimiga kirishgan Yun Sok Yol qarshisidagi dastlabki yirik voqelik deb ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: