«Bu yerda bunday mahbus yo‘q» – Navalniyni qamoqxonadan noma’lum tomonga olib ketishdi

Jahon 19:23 / 14.06.2022 15343

Siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmishning aytishicha, uni qamoqxonaga ko‘rishga borgan advokatlarga «Bu yerda bunday mahbus yo‘q», deb javob berishgan. Advokatlar ichkariga kirish uchun soat 14:00 gacha kutib turishga majbur bo‘lgan. Hozirda Navalniyni qayerga, qaysi koloniyaga olib ketishgani noma’lum.

«Qat’iy rejimdagi qamoqxonaga o‘tkazilgan, lekin aynan qaysi biriga ekani haqida bizga aytishmadi», degan Navalniyning advokati Olga Mixaylova TASS muxbiri bilan suhbatda. Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati bu holatga munosabat bildirgani yo‘q.

«Alekseyning yaqinlariga ham, advokatlariga ham uni qayerga olib ketishgani haqida tabiiyki oldindan ma’lumot berishmagan. Mish-mishlarga ko‘ra, uni 6-raqamli Melexova qamoqxonasiga olib ketishni ko‘zlashgan, lekin bu borada aniq ma’lumot yo‘q», degan Kira Yarmish.

22 mart kuni Moskvadagi Lefortovo tuman sudi qamoqxonaning o‘zida o‘tgan sud majlisida Navalniyni 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Siyosatchi Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga xayriya qilingan pullarni o‘z manfaatlari uchun ishlatish va sudga hurmatsizlik qilish bo‘yicha aybli deb topilgandi.

4 may kuni Navalniy Melexovadagi 6-raqamli qamoqxonaga o‘tkazilishi haqida aytgandi. Bu koloniya ham Vladimir oblastida joylashgan. Navalniy bu haqda o‘zining kanalida shunday post qoldirgandi: «Menga hali hukm chiqarishmadi, lekin Melexovadagi qat’iy rejimdagi mahbuslar men uchun maxsus «qamoqxona ichida qamoqxona» jihozlanayotgani haqida yozishdi. Aytishlaricha, bu qamoqxona haqida Google'da qidiruv berilsa, u yerda tirnoqlar qanday yulib olinishi borasidagi mahbuslarning hikoyalari chiqib kelar ekan».

24 may kuni Moskva shahar sudi apellyatsiya arizasini rad etdi va hukm kuchga kirdi. Unga ko‘ra, Navalniy umumiy tartibdagi koloniyadan qat’iy tartibdagi koloniyaga o‘tkazilishi kerak edi. Bu ikki turdagi qamoqxona mahbuslarni saqlash sharoitlari bo‘yicha farq qiladi. Qat’iy tartibdagi koloniyalarda mahbuslarga nisbatan uchrashuvlar, jo‘natma olish, pul sarflash, xat yozish, hisob raqamidan foydalanish va sayr qilish bo‘yicha cheklovlar ko‘p bo‘ladi.

Navalniy umumiy tartibdagi koloniyada uch oyda bir marta oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuv o‘tkaza olayotgan bo‘lsa, qat’iy tartibdagi koloniyada bu borada yanada keskinroq holatga tushishi mumkinligini aytgandi.

«Tabiiyki, takroriy sud o‘tkazilishi uni boshidan uyushtirgan odam uchun kerak edi. Navalniyning ahvolini yomonlashtirish, muddatini uzaytirish va qamoqda bo‘lish sharoitini o‘zgartirish uchun.

Bu ishda hech qanday mantiq yo‘q, chunki Navalniy allaqachon siyosiy sahnadan chetlashtirib bo‘lingandi. Bu yerda faqat undan qasos olish istagi bor xolos», deb izohlagandi Navalniy ustidan chiqarilgan sud qarori haqida gapirar ekan siyosatshunos Gleb Pavlovskiy.

Tergov xulosasiga ko‘ra, Navalniy o‘z sheriklari bilan birga Korrupsiyaga qarshi kurash fondi uchun xayriya qilingan pullarni o‘z manfaatlari uchun ishlatgan. Navalniy sudda bu borada keltirgan qarshi argumentlar esa inobatga olinmagan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, arznoma yozgan odamlardan biri chilangar bo‘lgan, fondga 2 million rubl o‘tkazgan va uch hafta o‘tib Navalniy pulni o‘z manfaatlariga ishlatayotganidan shikoyat qilib ariza bergan. Muxolifatchi buni kulgili argument deb atagandi.

Siyosatchining advokati bu yerda ochiqchasiga qonun buzilishi holatlari kuzatilayotganini aytgan. «Bu ishda hech qanday jinoyat alomati yo‘q. Biz Aleksey qat’iy tartibdagi koloniyaga asossiz tarzda o‘tkazildi deb hisoblaymiz. Uni go‘yoki retsidivist deb topishgan, lekin Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha muddatni o‘tayotgandi. Jinoyat kodeksi bunday holatda retsidivist deb topishni taqiqlaydi. Shunday ekan, unga nisbatan yangi hukm noto‘g‘ri chiqarilgan», degan siyosatchining advokati Olga Mixaylova BBC bilan suhbatda.

Navalniyning himoyachisi kassatsiya tartibida arznoma kiritishini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: