Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 10:54 / 13.06.2022 18362

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida Rossiyaning bosh taktik maqsadi haqida gapirgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Bosqinchilarning bosh taktik maqsadi o‘zgarmagan — ular Severodonetskka bosim uyushtirishmoqda, u yerda har bir qarich yer uchun qaqshatqich janglar bormoqda, shuningdek Lisichansk, Baxmut, Slovyansk yo‘nalishiga bosimlar bo‘lmoqda. Rossiya armiyasi Donbassga zaxira kuchlarini olib kirmoqchi. Lekin ularda hozir qanday zaxira bo‘lishi mumkin? Aftidan, kuchsiz tayyorlangan muddatli xizmatchilar va yashirin mobilizatsiya bilan yo‘l-yo‘lakay terib kelinganlarni jangga tashlamoqchi shekilli. Bu faqat bir narsani anglatadi: Rossiya iyun oyidayoq chegaradan o‘zining 40 ming yo‘qotilgan askarlarini olib chiqadi. Uzoq yillar mobaynida ular hech bir urushda bunchalik ko‘p yo‘qotishga duchor bo‘lishmagan», — degan Zelenskiy.

Ukraina o‘z qurol-yarog‘larini bir oy ichida NATO standartlariga o‘tkazishi mumkin, degan Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov The Economist nashriga bergan intervyusida.

«O‘rtoq Chyorchill aytganidek, bizga asbob-uskuna bering, biz ishni tugatamiz», — degan Reznikov. O‘z so‘zlarini quvvatlash uchun u ukrain harbiylari g‘arb artilleriyasini ikki hafta ichida o‘zlashtirganini eslatgan. 

Rossiya tomonining bayonotlari

Ukrainaga yadroviy qurol berilishi Polsha xalqini zarba ostida qoldiradi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Foto: Rossiya TIV

«Polsha siyosatchilari sayyoramiz odamlariga yadroviy qurolni tarqatmaslik rejimini buzish bilan tahdid solishmoqda. Eng asosiysi — ular dunyoni yadroviy bo‘linishga tortib, polyak xalqini zarbaga duchor qilishmoqchi», — degan Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Avvalroq Yevropa parlamentining polshalik deputati Radoslav Sikorskiy Rossiya Budepesht memorandumini buzgani sababli G‘arb Ukrainaga o‘z mustaqilligini himoya qilish uchun yadroviy kallaklarni berish huquqiga ega, deya chiqish qilgan edi.

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Sikorsiy Yevropa markazida yadroviy mojaro keltirib chiqarish provokatsiya qilayotganini ta’kidlagan.  

Ukrainaga ko‘mak

Kiyev shahri maydoniga teng hududni himoya qila oladigan Germaniyaning eng yangi IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimi Ukrainaga oktyabr oyida beriladi, degan Ukrainaning GFRdagi elchisi Andriy Melnik.

IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimi. Foto: uaportal

Ukraina mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, SpaceX asoschisi Ilon Mask Starlink terminallarini Ukraina razvedkachilariga bergan.

«QinetiQ» korporatsiyasi TALON sapyor robotlari partiyasini Ukrainaga jo‘natgan. Bu robotlashgan tizimlar portlovchi vositalar va kimyoviy qurollardan keladigan tahdidni pasaytirish uchun keng qo‘llanadi.

Ukraina bug‘doy eksporti uchun Polsha va Ruminiya orqali ikkita yangi marshrutni ochgan. Bu haqda Reuters Ukraina TIV rahbari o‘rinbosari Dmitro Senikka tayanib xabar bergan.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Shvetsiya hukumati oziq-ovqat mahsulotlari uchun qoplama ishlab chiqaradigan Tetra Pak kompaniyasiga o‘z mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilishni taqiqlab qo‘ydi.

Tetra Pak mahsulotlari. Foto: alamy.com

Dagens Nyheter’ning xabar berishicha, Tetra Pak Rossiyaga eksport qilishni taqiqlashda istisno berishni so‘ragan shved kompaniyalari orasida bo‘lgan. Tetra Pak’ning qayd etishicha, ular sut va sharbatlar uchun Rossiyada sotilayotgan har 10 ta qadoqdan 7 tasini ishlab chiqarayotgani, istisno gumanitar nuqtayi nazardan kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, kompaniya agar taqiq joriy qilinsa, ularning Rossiyadagi zavodlari milliylashtirilishi va ruslar o‘zlarida yo‘q texnologiyalarga ega bo‘lib qolishi mumkinligini ta’kidlagan.

Germaniyaning elektr energiyasi yetkazib beruvchi bosh kompaniyasi yil oxirigacha sanoat iste’molchilari uchun tariflar 5 barobarga oshishini e’lon qildi. Ekspertlarning fikricha, bu Germaniyada sanoat mahsulotlariga doir 20–30 foizlik inflatsiya, ommaviy bankrotlik va ishsizlikka olib keladi.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Yevropa ittifoqi rossiyaliklar Ukrainada sodir etayotgan qilmishlarga qaramasdan Rossiya bilan birgalikda yashashga majbur bo‘lishadi, degan YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

Yevropa ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel. Foto: eeas.europa.eu

 «Rossiya tinchlik bo‘yicha muzokaralardan so‘ng ham mavjud bo‘ladi va biz kelgusida u bilan qanday yashashimizga aniqlik kiritib olishimiz kerak. Bu birgalikda yashash Rossiya Ukrainada sodir etgan voqealardan so‘ng juda qiyin bo‘ladi. Bu bosqinchilik, bu tajovuz, bu Ukrainani yo‘q qilishni barchamiz televizor orqali ko‘rib turibmiz, o‘zim esa joyiga borib ko‘rganman. Lekin biz baribir ruslar bilan shu qit’ada yashaymiz», — degan Borrel.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun arizasiga nisbatan baholash kelgusi hafta oxirida tayyor bo‘lishini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, hozir Yevrokomissiya «Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar uchun o‘zining xulosaviy tavsiyasini tayyorlamoqda».

«Biz bu baholash ustida tun-u kun ishladik. Aprel boshida bu ish ustida dam olmasdan ishlashimizni aytgan edim. Bizning muhokamalarimiz ishni kelgusi hafta oxirlarigacha yakunlash imkonini beradi. Harakat yo‘nalishi aniq va bu munosib yo‘nalish. Bu yo‘lda biz Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, Ukraina harakatlanayotgan qat’iyatni yuqori baholaymiz. Insonlar ham o‘zining motivatsiyasini, o‘zining qat’iy kayfiyatini isbotlab bo‘lishdi», — degan fon der Lyayyen Zelenskiy bilan qo‘shma brifingida.

AQSh prezidenti Jo Bayden neytral davlatlarni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishga undamoqda, biroq AQSh aksilrossiya koalitsiyasini kengaytirishda muammolarga duch kelmoqda. The New York Times sharhlovchilari Lara Jyeyks va Edvard Vong o‘z maqolasida quyidagilarni ta’kidlashgan:

  • Ko‘plab davlatlar Rossiya bilan aloqalarini saqlab qolgan va unga qarshi sanksiyalar joriy etishdan bosh tortmoqda. Ularning orasida Hindiston, Braziliya, Isroil, Fors ko‘rfazi davlatlari, Osiyo, Afrika va Janubiy Amerikaning boshqa davlatlari bor. G‘arb kuchlarning bunday taqsimlanishini o‘zgartirishga urinmoqda.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden neytral davlatlarning aksilrossiya sanksiyalari joriy etishi va Ukrainaga harbiy yordam berishiga erishmoqchi.
  • AQSh bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha sheriklik aloqalariga egaligiga qaramasdan, shu paytgacha ularning birortasi bunday yo‘l tutish istagini bildirishmagan. 
Ko‘proq yangiliklar: