Putin Poklonskayani iste’foga chiqardi. U Z belgisini fojia ramzi deb atagandi

Jahon 21:25 / 13.06.2022 62770

Rossiyadagi «Rossotrudnichestvo» («Roshamkorlik») davlat korxonasi rahbari o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Natalya Poklonskaya lavozimidan ozod qilindi.

«Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshqa ishga o‘tishim munosabati bilan «Rossotrudnichestvo» rahbarining o‘rinbosari lavozimidan chetlatilishim to‘g‘risida farmon imzoladi. Prezidentimizga ishonch va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildiraman», deb yozgan Qrim sobiq prokurori Telegram-kanalida.

Prezident farmonida Poklonskayaning iste’fosi sababi keltirilmagan, uning o‘zi esa qaror u boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan qabul qilinganini aytgan. U aynan qanday ishga o‘tayotganiga aniqlik kiritmagan.

Rus nashrlarida allaqachon Poklonskaya haqida tanqidiy maqolalar chop etilib, uning urushni qo‘llamaganlar qatorida bo‘lgani tanqid bilan eslandi.

Bir oy muqaddam Germaniyadagi Der Freitag nashriga bergan intervyusida Poklonskaya «rahbariyat qanchagacha ruxsat bersa» shuncha vaqt davomida «Rossotrudnichestvo»da ishlashini, chunki u bu orqali odamlarga yordam berishi mumkinligini aytgandi.

Vladimir Putin Poklonskayani «Rossotrudnichestvo» rahbari o‘rinbosarligiga 2 fevral kuni tayinlagandi. Idorada u vatandoshlari huquqlarini himoya qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

«Natalya Vladimirovna faoliyati davomida vatandoshlar huquqlari uchun qo‘rqmas va samarador kurashchi ekanini namoyish etib, inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullangan, Ukrainaning ozod etilgan hududlariga [Rossiya hukumati urush vaqtida bosib olingan hududlarni shunday ataydi - tahr. BBC], gumanitar yordamlar yetkazib berdi va bizning harbiy asirlarimiz vatanga qaytishi uchun juda ko‘p ish qildi», deyiladi idoraning telegram-kanalida.

Natalya Poklonskaya Ukrainadagi urushni qo‘llamagan kam sonli rossiyalik rasmiylardan biri bo‘ldi.

Aprel oyi oxirida u «Jivoy gvozd» loyihasi jurnalistiga bergan intervyusida Z harfi Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham fojia va qayg‘u ramziga aylanganini aytgandi.

«Ha, chunki rus askarlari ham halok bo‘lmoqda va ota-onalar turlicha xabarlar olishmoqda. Bu - falokat. Axir mudofaa vazirligi shuncha odam halok bo‘lgani, shuncha odam yaralanganini aytmoqda. Axir bu quvonchlimi? Yo‘q», - degandi u.

Keyingi kuniyoq Poklonskayaning boshlig‘i, «Rossotrudnichestvo» rahbari Yevgeniy Primakov bu so‘zlarni «ma’lum bir ixtiyoriylik va davlat xizmatchisining erkin fikrini ifoda qilishi» dab atadi va xulosa qilishga va’da berdi.

«Aniqlashtiraman: bizning harbiy texnikalarimizga tushirilgan Z belgisi, xuddi V kabi armiyamiz va ozodlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashning xalqona ramzi, Ukrainani yovuzlik - terrorchilar va to‘da rejimidan qutqarish ramziga aylandi», deya yozgandi u.

«Askarlar va oddiy insonlar hayotini yo‘qotmoqda, ko‘pchilik nogiron bo‘lib qolmoqda va yana qancha odam shunga mahkum... Qancha harbiy xizmatchilar, qancha qayg‘u... Bularning bari musibat, fojia, falokat», - deya munosabat bildirgandi Poklonskaya.

Poklonskayaning lavozimini tark etishiga hozircha Primakov izoh bermadi.

Bundan tashqari, 31 mart kuni Poklonskaya rossiyalik mustaqil jurnalist Katerina Gordeyevaga intervyu berib, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini falokat deb atagandi.

U urushni qo‘llamasligi, Rossiyaning rasmiy pozitsiyasiga zid fikr bildirishdan qo‘rqmasligini aytgandi. Sobiq prokuror intervyu davomida urush so‘zini ishlatib bo‘lmasligini aytib kulgandi ham. O‘zining ukrain millatiga mansub ekanini ta’kidlagan Poklonskaya Ukraina Rossiya emasligi, u yerda insonlar boshqacha yashashi, fikrlashi haqida gapirgandi.

 «Bilasizmi, Ukraina bu – Rossiya emas. U yerda jamiyat boshqacha yashaydi. Oxirgi sakkiz yilda ular o‘z jamiyatini yaratgan. Men bu sakkiz yil davomida Ukrainada yashamadim, ammo odamlar o‘zlari tuzgan jamiyatda, o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan jamiyatda yashamoqda. Masalan, mendan bir yil yoki bir oy avval [Ukrainaga kirgan rus armiyasini] ukrainaliklar gul bilan kutib oladimi, deb so‘rashsa, yo‘q deb javob berardim. Chunki u yerdagi jamiyat chindan boshqacha. Shu sabab ukrainaliklar ba’zi nashrlarda yozilgani kabi gul bilan kutib olmaganini tushunaman. Bizda esa (Rossiyada) bu haqda g‘alati gaplar aytilmoqda.

Ammo men tushunaman, Donbass - alohida tarix. Bu ham ulkan fojia. Ammo hozir ular Ukrainaning butun qismi haqida ham gapirishmoqda. Kiyev, Xarkov, Odessa, Mariupol, Dnepr, Zaporojye, Poltava, Lvov», degandi u.

Aynan shu intervyudan keyin Rossiyada Poklonskayaga nisbatan rasmiy doiralarda salbiy munosabat kuchaydi. U frontga ketgan erini izlayotgan ayollarning murojaatlarini sahifasida e’lon qilib yana tanqidlar ostida qoldi.

U urushda vatandoshlari o‘layotgan bir vaqtda Qrim Rossiya tarkibiga o‘tganini bayram qila olmasligini aytgandi. 2022 yil 18 mart kuni Moskvadagi «Lujniki» stadionida rossiyaliklar Putin boshchiligida Qrim Rossiyaga o‘tganining 8 yilligini bayram qilgandi. O‘sha kuni Poklonskaya 42 yoshga to‘lgan.

11 may kuni Poklonskaya Germaniyadagi Der Freitag nashriga intervyu berib, Rossiya fuqarosi bo‘lgani holda ukrainalik ekanidan faxrlanishi va ikki vatanini ham - Ukrainani ham, Rossiyani ham sevishini aytdi.

Sobiq prokuror, sobiq deputat va amalga oshmagan elchilik

«Rossotrudnichestvo»da rahbarlik lavozimiga kelishidan oldin, 2021 yil oktyabrida Natalya Poklonskaya Kabo-Verdega elchi etib tayinlangandi. OAV uning bu mamlakatga yuborilishini «sharafli surgun» deb atagandi. Ammo u yanvar oyida shaxsiy hayoti tufayli bu lavozimga kirisha olmasligini aytadi.

Elchilikka tayinlangunga qadar Poklonskaya - 2016 yil oktyabridan boshlab - Davlat dumasi deputati bo‘lgan, u yerda avvaliga deputatlar daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligini nazorat qilish komissiyasini boshqargan. Rossiya nashrlarida yozilishicha, Davlat dumasidagilar u qadar tizimli bo‘lmagan xatti-harakatlari va g‘ayrioddiy bayonotlari tufayli uni keyingi chaqiriqda ko‘rishni istashmagan.

Xususan, Poklonskaya «Yedinaya Rossiya» partiyasining birinchi o‘qishda pensiya yoshi oshirilishiga qarshi ovoz bergan yagona deputati bo‘lgan (qonun loyihasining ikkinchi, hal qiluvchi o‘qishida esa u ovoz bermagan), shuningdek Aleksey Uchitelning «Matilda» filmiga qarshi kurashdagi faolligi bilan e’tibor markaziga tushgan.

Gordeyeva bilan intervyuda Poklonskaya Dumada qonunlar buyruq bilan qabul qilinishiga ishora qilgandi.

Bir yil muqaddam Poklonskaya yana Qrim prokurori bo‘lishga tayyorligini aytgandi - u bu lavozimni 2014 yil martida, yarimorol Rossiya tomonidan annexia qilinganida egallab, Davlat dumasiga saylanguniga qadar egallagan.

2014 yilga qadar Poklonskaya ko‘p yillar mobaynida Ukraina prokuratura organlarida ishlagan, ammo 2014 yilda Rossiya hukumati tomoniga o‘tgan va «Rus bahori» ramzlaridan biriga aylangan. Pogon taqqan va o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan Qrimning yangi prokurori «nyash-myash» laqabini olgan va hatto yapon animesi ixlosmandlari orasida ham mashhurlikka erishgan.

Ukrainada Poklonskayaga qarshi vatanga xiyonat qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ko‘proq yangiliklar: