Fransiya parlamentiga saylovlar birinchi turida yetakchi aniqlanmadi 

Jahon 08:54 / 13.06.2022 6614

Fransiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining birinchi bosqichida prezident Emmanuel Makronning «Birgalikda» koalitsiyasi 25,8 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Bu haqda 13 iyun, dushanbaga o‘tar kechasi mamlakat Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan natijalarda aytiladi.

So‘l populist Jan-Lyuk Melanshon boshchiligidagi «Yangi xalq ekologik va ijtimoiy ittifoqi» 25,7 foiz bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Marin Le Pen boshchiligidagi o‘ng «Milliy birlashuv» partiyasi 18,7 foiz ovoz to‘pladi. Hozircha parlamentdagi eng yirik muxolif kuch - «Respublikachilar» partiyasi birinchi turda bor-yo‘g‘i 10,4 foiz ovoz oldi. 

Saylovchilarning jarayonda ishtiroki atigi 47,5 foizni tashkil etdi, bu 2017 yildagi oxirgi saylovlardagi natijadan ham past, o‘shanda saylovchilarning 48,7 foizi ovoz bergan. Bu rekord darajadagi past ko‘rsatkich, deb ta’kidlaydi AFP agentligi. 

Fransiyadagi parlament saylovlari tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ikkinchi tur natijalariga ko‘ra kuchlar nisbati sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin. Birinchi turda parlamentga kirish uchun nomzodni o‘z saylov okrugidagi saylovchilarning 50 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatlashi kerak. Nomzodlarning hech biri bunday natijaga erisha olmagan saylov okruglarida 12,5 foizdan ortiq ovoz olgan barcha nomzodlar ikkinchi turga o‘tadi. Sotsiologik xizmatlarning taxmin qilishicha, birinchi turdan so‘ng kurashdan chiqib ketgan nomzodlarning saylovchilari ikkinchi turda Makron koalitsiyasi vakillarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Prognozlarga ko‘ra, ikkinchi turdan so‘ng Makron koalitsiyasi 577 ta deputatlik mandatidan 255 tadan 311 tagacha o‘rinni, Melanshon vakillari esa 170 tadan 210 tagacha o‘rinni egallashi mumkin. Shu tariqa Makron tarafdorlari Milliy yig‘ilishda 289 ta o‘rinlik mutlaq ko‘pchilik pozitsiyani haligacha o‘ziga kafolatlagani yo‘q. Fransiya Milliy yig‘ilishiga saylovning ikkinchi bosqichi 19 iyunga belgilangan. 

Ko‘proq yangiliklar: