AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rossiyaliklarni Rossiya kuni bilan tabrikladi 

Jahon 14:27 / 13.06.2022 13153

12 iyun, Rossiya kuni munosabati bilan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rossiyaliklarga «tinch, ochiq kelajak» tiladi. «Rossiya fuqarolari, butun dunyodagi odamlar kabi, qatag‘onlardan xoli yashashga, o‘zlarining inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan oqibatlardan qo‘rqmasdan foydalanishga haqlidir. Bunga o‘z fikrini aytish, fuqarolik va siyosiy faoliyatda tinch ishtirok etish imkoniyati ham kiradi», deyiladi Blinkenning davlat departamenti matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotida.

Afsuski, «Kreml fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalariga nisbatan tazyiqni kuchaytirgan» bugungi Rossiyada bu real narsa emas», dedi Blinken. 

«Rossiya fuqarolarining ko‘pchiligi hukumatga xatti-harakatlari to‘g‘risida haqiqatni aytgan «jinoyati» uchun panjara ortida o‘tiribdi. Bu ichki repressiya Kreml qo‘shni suveren davlatga qarshi asossiz urush olib borayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda», - deydi u. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya hukumati o‘z fuqarolarini Ukraina xalqiga qarshi yuz berayotgan vahshiyliklar haqida bexabar qoldirishga harakat qilmoqda». 

Kreml urushi Rossiyaning xalqaro yakkalanishiga olib keldi va Rossiya fuqarolarini qo‘shnilari bilan hamjihatlikda yaxshi kelajak qurish imkoniyatidan mahrum qildi, deya qayd etgan Entoni Blinken. «Bu izolyatsiya muqarrar holat emas, bu Rossiya yetakchilari tomonidan qabul qilingan qarorlar natijasidir», - dedi u. Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh «1990 yil iyunidagi kabi, hamon erkinlik va qadr-qimmatga intilayotgan, katta xavf ostida qolgan Rossiya xalqining intilishlarini tan oladi». 

12 iyun Rossiya kuni munosabati bilan butun dunyoda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar dunyoning 30 ta davlatidagi diasporalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan tashkil etildi va «Putinizmdan mustaqillik kuni» deb nomlandi.

«32 yil avval, 1990 yil 12 iyunda Rossiya suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan (gap RSFSR davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya haqida ketmoqda – tahr.), unda Rossiya davlati demokratik huquqlar, erkinliklar, xalqaro huquq tamoyillarini hurmat qilish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan tinch-totuv yashash majburiyatini olgan. 32 yildan so‘ng Kreml o‘z mamlakatida ilgari demokratik institutlarni bostirgan holda Ukrainaga qarshi urush boshladi», — deya Varshavadagi rus diasporasi DW’ga aksiyaning asosiy g‘oyasini tushuntirdi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, xorijdagi rossiyaliklar «bayram qilish uchun emas, balki erkin Rossiya uchun kurashish» maqsadida, suverenitet deklaratsiyasi ruhini eslatish uchun global aksiyada qatnashgan. 

Ko‘proq yangiliklar: