«Zamonaviy feodalizm» - Kun.uz multfilm

Jamiyat 13:14 / 12.06.2022 32283

Yer sayyorasida turli tuzumlar bor. Ulardan birining nomi – yangi feodalizm. Yangi feodalizmda, masalan, yerlarning sanoqli egalari bo‘ladi. Qolganlar esa ularga ishlaydi.

“Nima bo‘pti!” deyishingiz mumkin. “Feodal insofli bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi, ishchilariga g‘amxo‘rlik qiladi”. Aa... Insofi bo‘lmasa-chi?! Yoki insofi avval bo‘lib, keyin yo‘qolib qolsa-chi?!

Umuman, kimningdir taqdirini... kimningdir insofiga bog‘lab qo‘yish to‘g‘rimi? Siz buni o‘zingizga yoki farzandingizga tilagan bo‘larmidingiz?

Bundan tashqari, yangi feodalizm tuzumida o‘zaro raqobat bo‘lishi qiyin, to‘rtta odam panada kelishib olib mahsulotiga xohlagan narxini yoki ishchilarga beriladigan maoshni kamaytirib olishlari mumkin va... buni qilishadi ham. Bu tabiiy – har bir insonning ichida ko‘proq daromad qilish istagi joylangan! Raqobat muhiti bu istakni tiyib turadi. Qolaversa, ular kelishib, o‘zlariga kerak bo‘lgan qonunlarni ham chiqarvolishlari mumkin!

Zararni kim ko‘radi – jamiyat, xalq, mamlakat! Feodalizmda mamlakat rivojlanmaydi. Chunki uchta-to‘rtta odam deyarli barcha foydani cho‘ntagiga uradi, pulini esa ko‘pincha uzooq-uzoqlarda sarf qiladi, uzoq-uzoqlarda uylar oladi, boyligini saqlaydi. Ya’ni millat boyligi millatga xizmat qilmaydi.

Ammo bu hammasi emas.

Yangi feodalizmda ko‘plab iqtidorlar zavolga uchraydi. Chunki iqtidorini, buyuk orzularini ichida olib yurgan kishilar... feodalga xizmat qilishga majbur bo‘ladi, chunki barcha yerlarni ular egallab olishgan-da.

Bilasizmi bu nima degani? Bu katta fojia degani, chunki xalqning ichidagi iqtidorli kishilar bu – o‘sha xalqning eng qimmatli boyligi!

Ha, ha, qazilma boyliklar emas eng katta boylik, chunki ular bir kun tugaydi, qolaversa ularni sotishdan keladigan pullar to‘g‘ri ishlatilmasa foydagamas, balki zararga ishlaydi.

Shuning uchun, janoblar, kelajagimiz uchun yo‘nalish olaylik, yangi feodalizm emas, imkoni boricha ko‘proq ishlab chiqaruvchilari bor, o‘zaro raqobat qaynaydigan, iqtidorlarga imkon beriladigan tuzumni ko‘zlaylik, xuddi rivojlangan davlatlardagi kabi.

Shu zamin, axir, o‘zimizniki, unda kelajak avlodlarimiz yashaydi.

Shokir Sharipov,
Kun.uz kolumnisti
Kun.uz'ning barcha multfilmlarini
ushbu havolada tomosha qiling.

Ko‘proq yangiliklar: