Britaniya Ukrainaga M270 reaktiv tizimlari jo‘natmoqda. Ular nimani o‘zgartiradi?

Jahon 21:55 / 12.06.2022 32872

Hukumatdagilar Ukrainaga aynan qancha qurol jo‘natilishiga aniqlik kiritmagan, ammo BBC aniqlik kiritishicha, hozircha faqat uch dona M270 beriladi.

G‘arb harbiy ekspertlari Rossiya armiyasining Donbassdagi so‘nggi muvaffaqiyatlarini, jumladan Severodonetskning bir qismi egallab olinishini aynan og‘ir texnika va artilleriya borasidagi ustunligi bilan izohlamoqda. Ukrain harbiylari G‘arbdan baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yetkazib berilishi avvalroq yaqin masofadagi janglarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Rossiya qo‘shinlariga samaraliroq zarba berish imkoniyatini taqdim etishiga umid qilishmoqda.

O‘tgan haftada AQSh o‘zining baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan Ukrainaga jo‘natishini e’lon qilgandi.

Vashingtonning Ukrainaga M142 (HIMARS) tizimlarini yuborish qaroriga Moskva tomonidan reaksiya berildi: rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin agar G‘arb davlatlari Ukrainaga uzoq masofaga otuvchi artilleriya qurollari yetkazib berishni boshlsa, Rossiya armiyasi zarba berishi mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini kengaytirish bilan tahdid qildi.

Buyuk Britaniya hukumati yaqin haftalarda ukrain harbiylari Britaniya hududida yangi qurollardan foydalanishni o‘rganish bo‘yicha kurslardan o‘tishini ma’lum qilgan.

M270 baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bir daqiqa ichida «yer-yer» tipidagi 12 raketa uchirishi va yuqori aniqlikda harakatlanib, 80 km masofadagi nishonga zarba berishi mumkin. Bu ayni vaqtda Ukraina armiyasi ixtiyorida bo‘lgan artilleriya qurollarining imkoniyatlaridan ancha ustunroq.

Uollesning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya ukrain qo‘shinlarini «hayotiy muhim qurollar» bilan ta’minlashda yetakchi rol o‘ynamoqda.

«Rossiyaning taktikasi o‘zgarar ekan, bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz ham o‘zgarishi kerak. Bu yuqori samarador baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari putinchi kuchlar shaharlarni yakson qilish uchun uzoqdan turib ayamay artilleriya zarbalari yo‘llayotgan vaqtda ukrain do‘stlarimizga yaxshiroq himoyalanish imkonini beradi», degan u.

Buyuk Britaniya va AQSh urush boshidan buyon Ukrainaga katta miqdorda qurol-yarog‘ yetkazib bermoqda, ammo yuqori aniqlikdagi raketalar yetkazib berilishi sezilarli o‘zgarish, deya qayd etadi BBC harbiy korrespondenti Jonatan Bil. Shuningdek, bu Ukraina hozirda Rossiyaning ulkan artilleriya arsenali bilan bellasha olmasligi tan olinishi hamdir.

Tahlil: G‘arb raketalari vaziyatni bir soat ichida o‘zgartirib qo‘ya olmaydi

Quruqlikdagi harbiy harakatlar bo‘yicha britaniyalik ekspert, doktor Jyek Uotlingning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaga jo‘natishni va’da qilgan zamonaviy baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari frontdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin, ammo bu bir soatlik ish emas.

Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqot institutida (RUSI) ishlovchi Uotling BBC radiosi bilan suhbatda Ukrainaga jo‘natilishi kerak bo‘lgan M270 raketa qurilmalari - «Britaniya armiyasidagi eng qimmatli aktiv» ekanini qayd etgan.

Uning fikricha, bu tizimlar Ukraina sharqida Rossiya artilleriyasini «ishdan chiqarishi» mumkin. Ammo ukrainlar hali ulardan foydalanishni o‘rganishlari kerak, Buyuk Britaniyada esa Ukrainaga berish uchun bunday tizimlar soni u qadar ko‘p emas

Rossiya prezidenti Putinning agar G‘arb uzoq masofaga otuvchi tizimlarni yuborishiga javoban nishonlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha tahdidi haqida Uotling buni qilish «ancha murakkabligi», chunki Moskva allaqachon Ukraina iqtisodiyoti uchun muhim obektlar va uning harbiy pozitsiyalarini o‘qqa tutib kelayotganini aytgan.

Kiyevda bo‘lib turgan BBC jurnalisti Jo Invud Donbassdagi jang taqdirini artilleriya hal qilishi mumkinligini aytadi.

«Rossiya jangda qo‘llashi mumkin bo‘lgan katta o‘q otish kuchiga ega. Ammo - tizimsiz. Buyuk Britaniya yuborgan yangi raketa tizimlari ham Ukrainaga Rossiyaning ulkan to‘plari va raketalarining vayronkor kuchi bilan raqobat qilish imkonini bermasligi mumkin, ammo ular qarshi javob zarbasi berishi va oxir-oqibat raqib vositalarining surobini to‘g‘rilab qo‘yishi kerak», degan Invud.

Invud biroz avvalroq Severodonetsk qulashi muqarrardek ko‘ringanini, ammo keyin ukrainlar qarshi hujumlarga o‘tib, Rossiya kuchlari uchun eng kichik maqsadlarga ham katta qiyinchiliklar bilan erishayotganini qayd etgan.

May oyi oxirida Vashington Ukrainaga to‘rtta HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yuborishini e’lon qilgandi - bu qurollar Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi qo‘llanmasligi bo‘yicha kafolat olingan. Bunday cheklov britanlarning M270 tizimlariga ham taalluqli bo‘ladi.

O‘tgan haftada «Rossiya-1» telekanaliga bergan intervyusida Putin shunday degandi: «Umuman olganda, qo‘shimcha qurol yetkazib berish bo‘yicha shovqinlar, menimcha, faqat bitta maqsadni ko‘zlaydi - qurolli mojaroni imkon qadar uzoq cho‘zish».

U agar Ukrainaga baribir uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetib kelsa, Rossiya kerakli xulosalar chiqarishi va «shu vaqtga qadar tegilmagan obektlarga zarba berishni boshlashi»ni qo‘shimcha qilgandi.

Xuddi shu kuni bir necha haftalik tanaffusdan keyin rossiyalik harbiylar ilk bor Kiyevni o‘qqa tutishadi.

Rossiya armiyasi ukrainlar poytaxtini egallash bo‘yicha urinishlarini mart oyi oxirida to‘xtatib, bor e’tiborni Donbassga qaratgandi.

Buyuk Britaniya va AQSh - Rossiyaning fevral oyidagi bosqinidan keyin Ukrainaga eng ko‘p qurol yetkazib berayotgan ikki davlatdir.

Buyuk Britaniya urush boshidan buyon 5000 donadan ortiq yangi avloddagi tankka qarshi qurollar (NLAW) yetkazib bergan.

Kiyev Britaniyadan kichik masofadagi nishonlarni urishga mo‘ljallangan Brimstone 1 raketalari, Mastiff zirhli mashinalari va Starstreak havo hujumidan mudofaa raketa tizimlarini olgan. Britaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha 750 million funt sterling hajmidagi qurollar yetkazib berilgan.

Yana boshqa bir qancha davlatlar ham Ukrainaga zamonaviy qurollar berishni va’da qilgan. Masalan, Germaniya o‘z armiyasi ixtiyoridagi zamonaviy Iris-T havo hujumidan mudofaa tizimini taqdim etmoqchi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga yana nimalar jo‘natgan?

Tankka qarshi qurollar

Britaniya Ukrainaga besh ming donadan ortiq yangi avloddagi NLAW tankka qarshi raketa majmualari yetkazib bergan.

NLAW majmuasi - qisqa masofadan turib bitta raketa bilan zirhli mashinani yo‘q qilishga ixtisoslashgan.

Shoshilinch yetkazib beriladigan qurollarga muhtoj bo‘lgan Ukraina qurollari kuchlari uchun bunday tizimlar tashilishi va foydalanilishi jihatdan qulay edi. Askar uni qo‘llashni bir kundan kamroq vaqt ichida o‘rganishi mumkin.

Ko‘plab tahlilchilarning hisoblashicha, bu tizimlar allaqachon urushning kechishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Qisqa masofaga harakatlanuvchi raketalar

Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jyeyms Geppi 28 aprel kuni Ukrainaga yuzta Brimstone raketalari jo‘natilganini tasdiqlagandi.

AQSh harbiy dengiz kuchlari sobiq harbiysi, kapitan Kris Karlsonning so‘zlariga ko‘ra, Brimstone tanklar, artilleriya qurilmalari va ayrim kichik kemalar, masalan desant korabllariga qarshi qo‘llanishi mumkin.

Odatda bunday raketalar samolyotlardan uchiriladi, ammo Ukrainada ularni yuk mashinasidan uchiriladigan qilib modifikatsiya qilishdi.

Brimstone katta kemalarni cho‘ktirish uchun juda kichiklik qiladi, ammo nishonga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Zirhli transportyorlar

Britaniya Ukrainaga 120 ta zirhli avtomobillar jo‘natgan, ular orasida Mastiff patrul mashinalari ham bor.

Mastiff Afg‘onistonda britan harbiylari tomonidan keng qo‘llangan, bu texnika yerga ko‘milgan minalar va qo‘lbola portlovchi qurilmalardan yaxshi himoyalangan.

Tahlilchilar aytishicha, ko‘p hududi minalangan Donbassda Mastiff ukrain harbiylari uchun qo‘l keladi. Urush qilayotgan tomonlarning ikkisi ham piyodalarga qarshi minalardan keng foydalanmoqda, bu orqali dushman transport vositalarini tankka qarshi qurollar bilan yo‘q qilish mumkin bo‘lgan hududlarga haydab borish mo‘ljallangan.

Dronlar

Britaniya mudofaa vazirligiga ko‘ra, Ukraina ajralib qolgan kuchlarini moddiy-texnik ta’minlashi uchun o‘nlab yirik uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berilgan.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilish va qurshovga tushib qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan vaziyatda oldingi chiziqqa zaxiralar yetkazib berishda dronlar juda samarali bo‘lishi mumkin.

Rossiya hozirgacha Ukraina armiyasining sharqdagi yirik guruhlarini qurshovga olishga muvaffaq bo‘lmagan bo‘lsa-da, ayrim hududlar doimiy ravishda o‘qqa tutilishi davom etmoqda.

Havo hujumidan mudofaa tizimlari

Britaniya Ukrainaga beshta havo hujumida mudofaa tizimi, jumladan Starstreak raketalari yetkazib berilganini ma’lum qilgan.

Bu tizimlar juda past uchayotgan qiruvchi samolyotlar va vertolyotlarga zarba berish uchun mo‘ljallangan.

Havo hujumidan mudofaa tizimlarining boshqa raketalaridan farqli ravishda, ko‘plab samolyotlar ega bo‘lgan qarshi choralardan immunitetga ega, uni chalg‘itish deyarli imkonsiz.

Ammo Starstreak NLAW kabi tizimlardan farqli o‘laroq, tayyorgarlik uchun ko‘p vaqt talab etadi va tahlilchilar fikricha, uzoq masofaga harakatlanuvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘rnini bosa olmaydi.

Bundan tashqari, urush boshidan buyon Buyuk Britaniya Ukrainaga quyidagilarni jo‘natgan:

  • 200 dan ortiq Javelin tankka qarshi raketalari;
  • 1360 ta konstruksiyaga qarshi snaryadlar;
  • 4,5 tonna plastik portlovchi moddalar;
  • o‘qotar qurollar uchun 400 mingdan oshiq patronlar;
  • 200 mingdan oshiq himoya vositalari, jumladan, dubulg‘alar, zirhli nimchalar, masofa o‘lchagichlar va tibbiy jihozlar;
  • radioelektron kurash vositalari;
  • batareyaga qarshi radarlar;
  • minglab tungi ko‘rish vositalari.

G‘arb Ukrainaga harbiy yordam strategiyasini o‘zgartirdi. Bu urushga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

 

Ko‘proq yangiliklar: