Arestovich urush boshidan buyon 10 mingga yaqin ukrain harbiysi halok bo‘lganini tasdiqladi

Jahon 09:02 / 12.06.2022 12370

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich urush boshidan buyon 10 minggacha ukrain harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Bizda mojaro boshlanganidan buyon kuniga o‘rtacha 100 [kishi] qurbon bo‘lmoqda. Ammo Rossiya armiyasida urushning dastlabki 20-30 kunligida har kuni o‘rtacha 1000 [kishi] halok bo‘lgandi. Hozirda kamida 200-300 [rossiyalik] halok bo‘lmoqda», — degan Arestovich jurnalist Mark Feygin bilan suhbatda.

Feyginning bunday hisobdan kelib chiqqan holda, Ukraina armiyasi 10 ming jangchisini yo‘qotgani haqida aytish mumkinmi, deb so‘raganida, Arestovich shunday javob qaytardi: «Ha, taxminan shunday».

  • Ukraina hukumati so‘nggi bor jami yo‘qotishlar sonini 16 aprel kuni ochiqlagandi. O‘shanda prezident Volodimir Zelenskiy CNN muxbiriga urush vaqtida 2500 nafardan 3000 nafargacha ukrain harbiysi halok bo‘lgani, yana 10 mingga yaqini yaralanganini aytgandi.
  • 10 iyun kuni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak urushda har kuni 100 nafardan 200 nafargacha ukrain harbiysi halok bo‘lganini aytdi. Bu ukrain rasmiylari tomonidan har kunlik yo‘qotishlar bo‘yicha berilgan eng yuqori ko‘rsatkich edi.
  • Rossiya aprel oyida Ukrainaning qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlari soni 23 367 kishini tashkil etishi haqida ma’lum qilgandi, ammo bunday yo‘qotishlar — faqat halok bo‘lganlarni emas, asirlikka tushganlar, bedarak yo‘qolganlar, kelgusida harbiy xizmatga yaroqsiz darajada jiddiy jarohat olganlarni ham o‘z ichiga oladi.
  • Rossiya mudofaa vazirligi ikki bor rossiyalik harbiylarning yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot bergan, oxirgisi — 25 mart kuni berilgan. O‘shanda Ukrainada «maxsus amaliyot» boshlanganidan buyon 1351 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lib, yana 3825 kishi yaralangani aytilgandi.
  • Britaniya razvedkasiga ko‘ra, may oyi oxiriga kelib Rossiyaning yo‘qotishlari soni 15 ming harbiy xizmatchi atrofida edi. Ukraina esa urushda 30 mingdan oshiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lganini aytadi.
  • BBC rus xizmati 10 iyun holatiga ko‘ra Rossiyada hududiy rasmiylar tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar asosida urushda 3500 nafardan ortiq harbiy halok bo‘lganini xabar qilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: