Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 12:24 / 11.06.2022 21491

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida urush vaqtida mamlakatdagi iqtisodiy siyosat qanday bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Bugun hukumat barchamiz uchun murakkab bo‘lgan bu davrda yangi ish o‘rinlarini ta’minlash va biznesni qo‘llab-quvvatlashga doir muayyan detallarni nazarda tutgan yangi davlat dasturini taqdim etdi.

Avvalo mikrobiznes uchun qaytarilmas grantlar hamda kichik va o‘rta biznes uchun maxsus moliyaviy qo‘llovga taalluqli. Rossiyaning bosimi va ruslarning zarbalariga qaramasdan Ukrainada iqtisodiy faollik qayta tug‘ilishi uchun barcha narsani qilamiz», — degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya 2014 yildan buyon 400 ga yaqin xalqaro kelishuvlarni buzganini ma’lum qilgan.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Janglar 2 ta yo‘nalishda davom etmoqda va dushmanning 14 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 4 ta tank, 2 ta artilleriya tizimi, 11 ta harbiy zirhli texnika, 3 ta transport vositasi, 1 ta o‘q-dori ombori yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 4 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 30 nafarni tashkil etgan.

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullinaga ko‘ra, Rossiyada ayni vaqtda narx-navo oshishining past sur’atlarini inflatsiyaning barqaror pasayishi sifatida baholab bo‘lmaydi.

Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina. Foto: exp.idk.ru

Nabiullina Rossiya aholisining inflyatsion kutilmalari bir yil avvalgi holatga qaytgani, Rossiya uchun ikkilamchi sanksiyalar tahdidi saqlanib turilgani, Markaziy bank 2024 yilda maqsad qilingan inflatsiya darajasiga yetishish uchun yanada qat’iyroq pul-kredit siyosati yuritilishi mumkinligini aytgan. Shuningdek, Rossiya nefti eksportining keskin tushib ketishi inflatsiyaga katta bosim uyushtirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Nabiullina Markaziy bank siyosatida investorlarning huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifa ekanini aytgan. MB valuta cheklovlariga qaramasdan, rublning erkin suzib yuruvchi kursi siyosatiga sodiq qoladi. Investorlar esa xorijiy qimmatbaho qog‘ozlarni xarid qilishda risklarni e’tiborga olishlari lozimligi ta’kidlandi.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Dnepr aerodromida Ukraina HHKning aviatsion texnikalari yo‘q qilingan. 2 ta boshqaruv punkti, tirik kuch va texnikalarning 27 ta jamlanmasiga zarba berilgan. 5 ta artilleriya pozitsiyalari, 5 ta qurol-yarog‘ ombori yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan tirik kuch va texnikalarning 46 ta nuqtasi, 150 dan ortiq askari, 6 ta tank, 4 ta dala artilleriyasi uskunalari, 2 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukraina HHKning Su-25 va MiG-29 samolyotlarini urib tushirgan. Shuningdek, 5 ta pilotsiz uchar qurilma yo‘q qilingan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning 62 ta boshqaruv punkti, tirik kuchlar va harbiy texnikasi jamlangan 303 ta nuqtasi, artilleriya bo‘linmalarining 138 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. Zarbalar natijasida yo‘q qilingan askarlar soni 350 dan ortiq, shuningdek, 2 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 5 ta dala artilleriyasi va minomyot uskunalari, 7 ta zirhli texnika, 16 ta maxsus avtomobil, shuningdek, 11 ta yonilg‘i va o‘q-dori omborlari yo‘q qilingan.
  • Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 195 ta samolyot, 130 ta vertolyot, 1168 ta pilotsiz uchar qurilma, 336 ta zenit raketa majmualari, 3484 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 499 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1843 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3528 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

 

Ukrainaga ko‘mak

Yevropa ittifoqi Ukrainada avj olib borayotgan gumanitar inqiroz tufayli mamlakatga 205 million yevro ajratadi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kelgusi hafta ichida Kiyevga tashrif buyurishi mumkin — Figaro gazetasi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. Foto: infosmi.net

Finlandiya Ukraina qo‘shimcha qurol-yarog‘ partiyasini jo‘natishga hozirlik ko‘rmoqda. Tafsilotlar oshkor qilinmayapti.

Fransiya Odessa portini qurshovdan chiqarish bo‘yicha operatsiyada ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qilgan.

 

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Rossiya Butunjahon turizm tashkilotini tark etmoqda. Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin tegishli farmoyishni imzolagan.

Futbol bo‘yicha Rossiya premer ligasi E Football (Pro Evolution Soccer) simulyatoridan chiqarib tashlandi. Avvalroq Rossiya klublari va terma jamoalarini FIFA simulyatoridan EA Spors ham o‘chirgan edi.

Fevral oyi oxirlaridan boshlab Rossiyaga dengiz orqali yuk tashish sezilarli tarzda kamaygan, deb yozadi Bloomberg. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Maersk, CMA-CGM va Hapag-Lloyd kabi transport kompaniyalari Rossiyada o‘z faoliyatlarini to‘xtatishgan.

004. Foto: politico.eu

Rossiyada yengil avtomobillar bozori 2022 yil yakunlariga ko‘ra 2 barobarga qulashi kutilmoqda. Aprel oyida yangi yengi avtomobillar va kam tonnali yuk mashinalari (LCV)ning sotuvi Rossiyada 78,5 foizga kamaygan.

Shveytsariya Yevropa Ittifoqining Rossiya va Belarusga qarshi Rossiya neftiga embargoni nazarda tutuvchi oltinchi sanksiyalar paketiga qo‘shilgan. Sanksiyalar har ikki davlatdan 100 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan.

 Sodir bo‘layotgan urushga qaramasdan Germaniya 2022 yilning yanvar-aprel oyilarida Rossiyadan import hajmini 60 foizga oshirgan va Moskvaga qo‘shimcha 6 mlrd yevro pul ko‘chirib bergan, degan Ukrainaning GFRdagi elchisi Andrey Melnik o‘z Twitter’ida. Bu holatda Ukraina va Germaniya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 11 foizga qisqargan.

Xitoy va hind importyorlari Rossiyadan neft xarid qilish hajmini ko‘paytirmoqda va bu bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samaradorligini pasaytirishmoqda, deyishadi Yaponiyaning Nikkei nashrida e’lon qilingan maqolada.

Nashrga ko‘ra, XXR may oyida har kuni dengiz orqali yetkazib berish yo‘li bilan 800 ming barrel neft xarid qilgan. Bu borada yanvar oyiga nisbatan o‘sish 40 foizni tashkil etgan. Hindistonning may oyidagi xaridlari sutkasiga 700 ming barrelga yetgan. Yanvarda Hindiston umuman neft xarid qilmagan.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

AQSh prezidenti Jo Bayden 40 yil ichida rekord darajaga yetgan inflatsiyaning may oyidagi hisobotlaridan so‘ng amerikaliklar yonilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari uchun «putin solig‘i» to‘layotganini ta’kidlagan.

«Biz benzin va oziq-ovqatga birvarakayiga ta’sir qilgan Putin solig‘i kabi bu narsani ilgari hech qachon ko‘rmaganmiz», — degan u Los-Anjyelesda nutq so‘zlay turib.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. Foto: vkrizis.ru

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen:

«Biz Ukrainani tiklaymiz, biz buni qilishga majburmiz va buni albatta amalga oshiramiz. Bu bizning ma’naviy burchimiz».

BMT «DXR»da uch nafar xorijlik harbiylarga chiqarilgan o‘lim hukmini harbiy jinoyat deb atagan.

«Harbiy asirlar ustidan bunday sud mahkamalari harbiy jinoyatga teng. Inson huquqlari bo‘yicha oliy bosh komissar boshqarmasi o‘zini davlat deb e’lon qilgan «DXR»ning «oliy sudi» deb ataluvchi mahkamasi uch nafar harbiyni o‘lim jazosiga hukm qilganidan tashvishda. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, bu insonlar Ukrina QKning tarkibida bo‘lishgan, agar shunday bo‘lsa, ular yollanma jangchilar sifatida ko‘rilishi kerak», – deyiladi inson huquqlari bo‘yicha BMT oliy bosh komissari boshqarmasi matbuot kotibi Ravina Shamdasaniyning bayonotida.

Avvalroq «DXR» oliy sudi Buyuk Britaniya fuqarolari Shon Piter va Eydin Aslin, marokashlik Ibrohim Saadunga nisbatan o‘lim hukmi o‘qigan edi.

Ko‘proq yangiliklar: