Andijonning Buloqboshi tumani “Qaqir” MFY Toshkon ko‘chasida yashovchi fuqarolar bir necha yildan buyon chang yutib yashashga majbur bo‘lyapti. Murojaatlar – samarasiz. Fermerning esa zararlari hisobga olinmayapti.
Tosh konidan toshlarni ortib o‘tayotgan yuk mashinalaridan chiqqan chang aholining xonadonlarigacha kirib bormoqda. Bundan tashqari, chang yo‘llarni ham yaroqsiz holga keltirgan. Kuniga 5-6 martalab suv sepilmasa, changdan yurib bo‘lmay qoladi.
Bir kunda mahalladan o‘tadigan mana shunday tosh ortilgan yuk mashinalari yuzdan ortiqni tashkil qiladi. Qiziq jihati, aksariyat yuk mashinalarida me’yoridan ortiq tosh yuklanganini ko‘rish mumkin. Bu esa mahalla ahliga yana bir xavf tug‘dirmoqda.
Mahalla faoli Rustamjon Shermatovning aytishicha, odamlar bolalarini bog‘chaga ham olib borisha olmayapti.
“300 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. O‘ta zaharli chang bu. Qurtboqarlar va fermerlarning qurti o‘lib qolyapti. Mollar tut barglarini yeb o‘lib qolyapti, bola tashlab qo‘yyapti”, – deydi u.
Maktabga qatnaydigan o‘quvchilar, ishga boradigan ishchilar har kuni kiyim boshlarini tozalashga majbur bo‘lishadi. Yuk mashinalar qatnovi tufayli bolalar ko‘chaga o‘ynagani ham chiqisha olmaydi. Ayniqsa, qish kunlarida aholiga yanada qiyin bo‘ladi.
Shuningdek, chang tufayli paxta va ipak qurti yetishtirishda qator muammolar yuzaga kelmoqda. Ushbu mahallada fermerlik bilan shug‘ullanuvchi Sayfiddin Qorashevning ta’kidlashicha, g‘o‘za bargiga chang sababli kasallik tushgan. Bu esa uning xarajatlarini ikki barobarga oshirmoqda.
Nafaqat g‘alla, balki yo‘l chetidagi tut bargi bilan boqilgan ipak qurtlari ham nobud bo‘lgan holatlar kuzatilgan. Fermer tomonidan yetishtirilgan bu yilgi ipak qurti ham urug‘lik uchun qabul qilinmagan.
“Kasod qivoryapti. Daraxtlarni quritib yubormoqda. Hosilga jiddiy zarar yetmoqda. Bir necha marotaba murojaat qildik. Ammo umuman samarasiz bo‘lmoqda murojaatlarimiz. Chang g‘o‘za bargi ustiga o‘rnashib olgach, zararkuranda hasharotlar ko‘payadi. Hamma fermer g‘o‘zasini bir marta dorilasa, men o‘n marta dori sepishga majburman. Prokuratura 2020 yilda 28 million zarar ko‘rganimni tasdiqlab bergan. Biroq shuni ham sudga chiqarib hal qilib berishmayapti”, – deydi Sayfiddin Qorashev.
Mutasaddilar esa kuz oylariga yo‘l qurilishi, tarozi qo‘yilishi va shu tarozidan ortiqcha tosh yuklangan yuk mashinalariga jarimalar qo‘llanishini aytmoqda. Biroq bunday ko‘p yuk bilan harakatlanayotgan yuk mashinalari faqatgina bu mahalla ahli uchun emas, balki boshqa joylarda ham xavf tug‘diradi.
Buloqboshi tuman hokimining o‘rinbosari Rustamlochin Madrahimov muammo kuzda hal etilishini ma’lum qildi. Biroq kuz oylarigacha mahalla aholisi chang yutishga, ko‘chaga chiqqan bolasi kelguncha yurak hovuchlab o‘tirishga majbur bo‘ladimi?
Kun.uz mutasaddilarning va’dalaridan zerikkan aholini qiynayotgan ushbu muammo tez orada bartaraf etilishiga umid qiladi.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov