“Sen yaqinda o‘lasan” - Tungi reyd vaqtida yigit-qiz juftligi va PPX xodimlari o‘rtasida nizo chiqdi

Jamiyat 20:08 / 11.06.2022 39660

Telegram'dagi Nemolchi.uz kanali Toshkentda yigit va qiz ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar tarqatdi. Hodisa 8 iyunga o‘tar kechasi ro‘y bergan.

Jabrlanuvchilardan biri ekanini aytayotgan Ellona Firsova Gazeta.uz'ga bergan intervyusida tushuntirishicha, ishdan qaytganidan keyin tanishi Aleksandr Solenko bilan kechki sayrga chiqqan vaqtida PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

“Birinchidan, ular o‘zlarini tanishtirishmadi. Ular mendan qayerda yashashimiz va boshqa ma’lumotlarni so‘ray boshlashdi. Qayerda yashashimizni aytdik. Hujjatlarimizni ko‘rsatdik. Yonimizda hech qanday taqiqlangan narsa yo‘qligini ko‘rsatish uchun barcha cho‘ntaklarimizni ko‘rsatdik. Spirtli ichimlik ta’sirida emasdik. Tamaki chekmadik, o‘zimizni munosib tutdik”, deydi Ellona Firsova.

Qizning aytishicha, xodimlar juftlikka o‘zlari bilan birga ichki ishlar bo‘limiga borishlarini so‘rashgan, biroq u bundan bosh tortgan. Shundan so‘ng qiz o‘ziga kuch ishlatilgani, xodimlardan biri xavfli jinoyatchilarni ushlab olgandek, uning qo‘llarini buray boshlagani, buni ko‘rgan yigiti yordamga oshiqqani, natijada ikki o‘rtada nizo kelib chiqqanini ta’kidlamoqda.

Xodimlar Aleksandrning qo‘liga kishan taqib, bo‘limga olib ketishayotganda Ellona uning telefonida jarayonni tasvirga tushira boshlagani, buni ko‘rgan xodimlar telefonini tortib olishganini aytadi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani IIBga olib borishgach, ularni suratga olishgan va ro‘y bergan holat rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng yigit va qiz mashinada noma’lum joyga olib ketilgani, qiz bundan bosh tortgani uchun xodimlardan biri uning yuziga musht tushirganini aytmoqda. Ellona Firsova xodimlar yigitini mashinadan sudrab olib tushib kaltaklashgani, u yerdan qochib qutulmoqchi bo‘lganda o‘zini ham ayovsiz urishganini iddao qilyapti.

Voqeadan keyin yigit va qiz shifoxonaga borishgan. Ularning aytishicha, Firsovaga burun suyagining siljishsiz sinishi, burun ko‘prigi kontuziyasi, qorin old devori yumshoq to‘qimalarining kontuziyasi tashxisi qo‘yilgan; Solenkoda bosh miya chayqalishi, yuzida, yelkasida, bilagida va ko‘kragida kontuziya jarohatlari qayd etilgan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov hodisa yuzasidan izoh berib, Ellona Firsovaning iddaolarini rad etdi. Uning aytishicha, qiz va uning yigiti “boshidanoq o‘zlarini noo‘rin tutgan”, xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatishgan.

“8 iyun kuni kech soat 02:30 da poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarini joylashtirishga aloqadorlikda gumon qilinib, profilaktika nazoratini buzgan fuqarolarning shaxsini aniqlash zarurati tug‘ilgan. Fuqarolar boshidanoq o‘zini noo‘rin tutgan, ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatgan”, deyiladi rasmiy axborotda.

Shohrux G‘iyosov ayrim nashrlar voqeani biryoqlama talqin qilayotgani, natijada internetda millatchilik ruhidagi mulohazalar tarqalayotgani bildirgan.

“Ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan voqealarning biryoqlama talqin qilinishi, shuningdek, maqolalarda yoshlarning sarguzashtlari “rang-barang” tasvirlangani sababli ijtimoiy tarmoqlarda turli millatchilik ruhidagi bayonot va mulohazalar tarqala boshladi.

Eslatib o‘tamiz, bu alohida jamoatchilik vakillari tomonidan milliy adovatni sun’iy ravishda qo‘zg‘atishga urinishga oid birinchi holat emas. Biz mazkur salbiy tendensiyani kuzatib bormoqdamiz va ayrim salbiy fikrdagi fuqarolarning millatchilik tuyg‘ularini qo‘zg‘atib, jamoatchilikka bosim o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasligimizni ma’lum qilamiz.

Tergov ushbu fuqarolar tasvirlangan tan jarohatlarini qayerda va qanday sharoitda olgan bo‘lishi mumkinligini hozircha aniqlamagan. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollaridan huquq-tartibot idoralari xodimlari va fuqarolarning harakatlariga huquqiy baho berilishini kutishlarini so‘raymiz”, deydi Shohrux G‘iyosov.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi e’lon qilgan videoda yigit va qiz xodimlarning talabiga bo‘ysunmagani, ularni haqorat qilgani va faol qarshilik ko‘rsatgani ko‘rinadi.

Juftlik ichki ishlar binosiga olib borilganda, qizning yonidan tabletkalar va pichoq chiqqani ham videoda aks etgan. Vazirlik bayonotida bu tabletkalarning nomi yoki turiga aniqlik kiritilmagan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mazkur holatda ikki fuqaroning ichki ishlar organi xodimlari qonuniy talabiga munosabatini qoraladi. Videoda hibsga olingan Solenko mashinada ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani, ulardan biriga “sen yaqinda o‘lasan” degani eshitiladi.

Allamjonovning ta’kidlashicha, jamiyat bunday holatga befarq bo‘lmasligi kerak.

“Chet elda ko‘p bo‘lamiz. U yerdagi politsiya savol bersa, ushbu videodagidek javob qaytarib ko‘rsangiz, uning qo‘li darrov pistolet tomon borishni boshlaydi. Bizda ham qonunbuzarlarga, ana shunday o‘zidan ketgan fuqarolarga jazo qattiq bo‘lishi kerak.

Albatta, militsiya xodimlari orasida ham xatolar bo‘ladi. Lekin tinchlik, xavfsizlik, ko‘chada oilamiz bemalol yurishi uchun ham biz ularni qo‘llashimiz, ularni talablarini bajarishimiz shart. Aks holda davlatchilik o‘z izidan chiqib ketadi. Va alal oqibat, bundan faqat o‘zimiz yutqazamiz.

Jurnalistlarni, blogerlarni biron xulosa berishdan avval holatni yaxshilab o‘rganib, keyin chop etishga chaqirib qolaman. Ichki ishlar vazirligidan esa ushbu holatga qonuniy baho berishlarini, aybdorlarni qattiq jazolashlarini so‘rab qolaman”, dedi Allamjonov.

Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari xizmat majburiyatlarini amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshirish, agar ularda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar yoxud muomalada bo‘lishi taqiqlangan yoki cheklangan boshqa narsalar bor deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lganda esa, fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazishni, ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirish hamda mazkur narsalar, vositalarni va moddalarni olib yurish hamda saqlash uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda ularni olib qo‘yish huquqiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: