Rossiya elchisi Estoniya TIVga Putinning Narvani «qaytarish» haqidagi so‘zlari uchun chaqirildi 

Jahon 10:58 / 11.06.2022 30894

10 iyun, juma kuni Rossiya elchisi Vladimir Lipayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Pyotr I Narvani Rossiyaga «qaytargani» haqidagi bayonoti munosabati bilan Estoniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Estoniya TIV vitse-kansleri Reyn Tammsaar Lipayevga Putinning aytganlari «afsuslanarli» ekanini bildirdi.

«Rossiya Ukraina davlatchiligi va millatini yo‘q qilish yo‘li bilan «rus dunyosi» mafkurasi ostida o‘zining revanshistik siyosatini olib borayotgan bir sharoitda, buni ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, - deyiladi Estoniya tashqi siyosat idorasi rasmiy bayonotida. - Rossiya xalqaro huquqni hurmat qilishga intilish va davlat suvereniteti hamda hududiy yaxlitligi tamoyillaridan kelib chiqish o‘rniga o‘zining imperialistik ambitsiyalarini ro‘yobga chiqarish uchun armiyaga qo‘shimcha ravishda targ‘ibotdan, shu jumladan tarixni soxtalashtirish yo‘lidan foydalanishga harakat qildi». 

Bundan tashqari, Estoniya TIV Rossiya tomonidan boshqa mamlakatlarga nisbatan bildirilgan «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» tahdidlarini, shuningdek, 8 iyun kuni Rossiya davlat dumasiga taqdim etilgan Litva mustaqilligini «bekor qilish» to‘g‘risidagi qonun loyihasini «xavfli va mas’uliyatsiz» deb atadi. 

Estoniya tomoni noroziligiga sabab bo‘lgan Vladimir Putinning so‘zlari Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilari – yosh tadbirkorlar, muhandislar va olimlar bilan uchrashuvda aytildi. 

«Mana, Pyotr I 21 yil davomida Shimoliy urushda ishtirok etgan. U Shvetsiya bilan urishib nimanidir tortib olgan deyishadi. Yo‘q, u hech nimani tortib olmagan, qaytarib olgan! Ha, aynan shunday bo‘lgan. U hozirgi Peterburg joylashgan hududda yangi poytaxtga asos solganida hech bir Yevropa davlati uni Rossiya yerlari deb tan olmagan, Shvetsiyaniki deb tan olgan. U yerlarda asrlar davomida finn-ugorlar bilan birgalikda slavyanlar ham yashagan, hudud Rossiya davlati nazoratida bo‘lgan. G‘arbiy yo‘nalishda ham shunday, xususan, Narva (Estoniyada joylashgan shahar) haqida ham shunday deyish mumkin, Pyotr I uni qaytargan, mustahkamlagan», deya Putinning so‘zlarini keltirgan kremlin.ru sayti.

«Aftidan, bizning chekimizga ham qaytarish va mustahkamlash tushgan ko‘rinadi», dedi Rossiya prezidenti o‘z nutqi yakunida.

Ko‘proq yangiliklar: