Kiyev Baydenning urush bo‘yicha ogohlantirishlar haqidagi so‘zlariga javob qaytardi 

Jahon 17:46 / 11.06.2022 25968

AQSh prezidenti Jo Baydenning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqinlashib kelayotgan hujum haqidagi ogohlantirishlarni «eshitishni istamagani» haqidagi so‘zlari izohni talab qiladi. Bu haqda 11 iyun, shanba kuni Zelenskiyning matbuot kotibi Volodimir Nikiforov aytib o‘tdi.

Nikiforov hujumdan sal oldin Zelenskiy «Bayden bilan uch-to‘rt marta telefon orqali suhbatlashgani» va «rahbarlar vaziyat bo‘yicha batafsil fikr almashgani» haqida eslatdi. «Yodingizda bo‘lsa, Ukraina prezidenti hamkorlarni Rossiyani qo‘shinlarini uzoqlashtirishga va vaziyatni keskinlashtirmaslikka undash uchun ogohlantiruvchi sanksiyalar paketini kiritishga chaqirgan edi. Biz shuni aytishimiz mumkinki, hamkorlarimiz «eshitishni xohlamadi», dedi Nikiforov Liga.net nashriga. 

«Rossiya ekspansiya (imperialistik davlatlarning yangi territoriyalarni bosib olishga intilishi) bo‘yicha turli ssenariylarni ishlab chiqayotganini yaxshi bilardik. Volodimir Zelenskiyning stolida doimo yuqori sifatli razvedka ma’lumotlariga asoslangan tegishli tahliliy ma’lumotlar bo‘lgan. Prezident hamkorlarimizning barcha so‘zlari va ogohlantirishlariga diqqat bilan javob qaytardi», - deya Baydenning so‘zlariga izoh berdi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, olib borilgan tayyorgarlikdan «o‘q-dorilar ombori va umuman qurol-yarog‘ning bir joyga yig‘ilishi, ko‘p darajali bosqinga yashin tezligida javob berish va mudofaa imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish, birinchi haftada Rossiyaning dastlabki rejalarini keskin buzgan masofadan zarba berishning samarali joriy etilishi dalolat beradi».

Bosqin ko‘lami qanchalik keng qamrovli bo‘lishi savol ostida edi, dedi Podolyak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina butun hududini o‘qqa tutish muntazamligini oldindan taxmin qilib bo‘lmagan va «bosqinning ko‘lami ko‘plab mamlakatlarni, jumladan, Ukraina hamkorlarini ham shokka tushirib qo‘yganiga shubha yo‘q».

«Menimcha, 100 kundan ortiq vaqtdan beri ancha qudratli raqibga qarshi to‘laqonli urush olib borayotgan mamlakatni ayblash bema’nilikdir. Bundan tashqari, asosiy davlatlar Rossiyaning militaristik ishtahasini ogohlantirish signallari bilan to‘xtata olmadi», - deya qo‘shimcha qildi Podolyak.

AQSh turli darajalarda - ham rasmiy chiqishlarda, ham ommaviy axborot vositalaridagi xabarlar orqali Putin «maxsus operatsiya» boshlanganini e’lon qilishidan bir necha hafta oldin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarligi haqida xabar bergandi. Fevral oyi o‘rtalarida BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya rejalarini batafsil bayon qildi. «Bombalar uchadi, aloqa uziladi, shundan so‘ng tanklar allaqachon belgilab qo‘yilgan va xaritaga tushirilgan asosiy obektlarga kirib boradi. Biz bu obektlar qatoriga Kiyev ham kiritilgan deb hisoblaymiz», - degandi davlat kotibi. 

Bu ma’lumotni e’lon qilish orqali AQSh Rossiyani «urushdan voz kechib, boshqa yo‘ldan borishga» majburlamoqchi, deb tushuntirgan Blinken. G‘arb bayonotlariga javoban Moskva Ukrainaga hujum qilish niyatida emasligini bir necha bor ta’kidlagandi. 

10 iyun kuni jurnalistlar bilan suhbatda Bayden Zelenskiy Vashingtonning urush boshlanishidan biroz oldin Rossiya bosqinining yaqinlashib kelayotgani haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermaganini aytdi. «Bilaman, ko‘pchilik meni bo‘rttirib yuboryapti deb o‘ylagan, lekin bizda bu taxminni qo‘llab-quvvatlash uchun ma’lumotlar borligini bilardim».

«Rossiya prezidenti Vladimir Putin chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. Bunga hech qanday shubha yo‘q edi va Zelenskiy ham ko‘pchilik kabi buni eshitishni xohlamadi. Nega ular buni eshitishni istamaganini tushunaman, lekin u (Vladimir Putin) bosqinni amalga oshirdi», dedi Bayden. 

Ko‘proq yangiliklar: