Germaniya kanslerining Kosovo bo‘yicha chaqirig‘i Belgradning g‘azabini keltirdi 

Jahon 08:23 / 11.06.2022 21345

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Germaniya kansleri Olaf Sholsning Serbiya va Kosovoga bir-birlarining davlatini tan olish haqidagi chaqirig‘iga juda qattiq munosabat bildirdi. Vuchich bunday talabni birinchi marta eshitayotganini va bundan keyin Serbiya keyingi qadamlarini ko‘rib chiqishi kerakligini aytdi. 

«Siz Ukrainaning hududiy yaxlitligiga sodiq bo‘lganingizdek, biz ham Serbiyaning hududiy yaxlitligiga sodiqmiz», — dedi Serbiya davlati rahbari 10 iyun, juma kuni Belgradda Shols bilan qo‘shma matbuot anjumanida. Bundan oldin Germaniya kansleri: «Bir-birini tan olmaydigan ikki davlatning Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lishini tasavvur qilib bo‘lmaydi», deb ogohlantirgan edi. Serbiya 2012 yilda Yevropa ittifoqiga a’zolikka nomzod davlat maqomini rasman olgan. Kosovo hamon «potensial» nomzod sifatida ko‘rilmoqda va Yevropa ittifoqiga kirish bo‘yicha faqat uzoq istiqbollarga ega. 

Shu kuni ertalab Germaniya hukumati rahbari Prishtinada Kosovo bosh vaziri Albin Kurti bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida u Berlin Kosovoning YeIga a’zo bo‘lishini o‘zining ustuvor maqsadlaridan biriga aylantirganini aytdi. «Yangi ishonch signalini yuborish juda muhim va qo‘shilish jarayoni Yevropa ittifoqi tomonidan juda jiddiy qabul qilinishiga hamda agar hamma harakat qilsa, real imkoniyat borligiga umid qilish juda muhim», — dedi kansler. 

O‘sha matbuot anjumanida Olaf Shols Serbiyani Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar uchun Yevropa ittifoqi tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga qo‘shilishga chaqirdi. «Biz sanksiyalar Yevropa ittifoqiga qo‘shilish jarayonida bo‘lgan davlatlar tomonidan amalga oshirilishini kutamiz», — dedi u. 

Aleksandr Vuchich, o‘z navbatida, muzokaralar chog‘ida Shols «Serbiyani Yevropa ittifoqi sanksiyalariga qo‘shilishga aniq chaqirganini» tasdiqladi. U Belgrad BMT bosh assambleyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qoralaganini eslatdi. Shu bilan birga, Vuchich o‘z mamlakati energiya ta’minoti borasida «juda og‘ir ahvolda» ekanini ta’kidlab, Serbiya va Rossiya o‘rtasida mavjud bo‘lgan an’anaviy «alohida aloqalar»ni tilga oldi. «Sanksiyalarga kelsak, bu yerda biz boshqacha pozitsiyaga egamiz... Biz Serbiyaga qarshi sanksiyalarni yodda tutyapmiz va sanksiyalar samarali bo‘lishiga ishonmaymiz», - deya qo‘shimcha qildi Serbiya prezidenti. 

Olaf Sholsning Kosovo va Serbiyaga tashriflari 23 iyunga belgilangan Yevropa ittifoqi - G‘arbiy Bolqon yetakchilari sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi. Mart oyida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Yevropa ittifoqi «Moskvaning Yevropa qoq markazida mintaqani nazorat ostiga olishga urinishlariga taslim bo‘lmasligi kerak», degandi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: