Bolalar qulatgan samolyot: Rossiyada Airbus A310 nega halokatga uchragandi?

Jahon 11:03 / 11.06.2022 48274

Rossiya fuqaro aviatsiyasi tarixida juda ko‘p halokatlar sodir bo‘lgan. Ular orasida 1994 yil Kemerovo viloyatida halokatga uchragan Airbus A310 samolyoti alohida o‘rin egallaydi. Mazkur samolyotning halokatga uchrashiga ekipaj komandiri Airbus A310 boshqaruvini voyaga yetmagan o‘g‘li va qiziga topshirgani sabab bo‘lgan.

Kemerovoda halokatga uchragan Airbus A310 1991 yilda ishlab chiqarilgan va o‘sha yili kuzda ilk sinov parvozini amalga oshirgan. Samolyotni 1992 yilda Aeroflot aviakompaniyasi lizing shartlari asosida sotib olgan.

Airbus A310 halokatga uchragan kungacha unda biron marta texnik nosozlik kuzatilmagan va samolyot 5 375 soat parvoz qilib, 846 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgandi.

Airbus A310 samolyoti qariyb 200 nafar yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lsa ham, o‘sha kuni uning bortida 63 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Yo‘lovchilarning 40 nafari va ekipaj a’zolari Rossiya fuqarolari bo‘lgan. Bundan tashqari Airbus A310 bortida 6 nafar Xitoy, 6 nafar Hongkong, 5 nafar Tayvan, 4 nafar Buyuk Britaniya, 1 nafardan Hindiston va AQSh fuqarolari bo‘lgan.

Yo‘lovchilar orasida taniqli kinorejissyor Igor Aleynikov va Rossiyadagi «Ximvolokno» korxonasi bosh direktori ham bo‘lgan.

Halokat

Airbus A310 Moskva vaqti bilan soat 20:39 da Sheremetevo aeroportidan havoga ko‘tariladi. Soat 00:26 da ekipaj komandiri Kudrinskiy uchuvchilar kabinasiga 13 yoshli qizi Yana va 15 yoshli o‘g‘li Eldarni chaqiradi.

Samolyot Kemerovo viloyatida joylashgan Novokuznetsk shahri tepasidan uchib o‘tayotganida Kudrinskiy qoidalarga zid ravishda samolyot boshqaruvini qizi va o‘g‘liga beradi. Bu paytda ekipajning boshqa a’zolari samolyot salonida dam olayotgandi. Shuningdek, uchuvchilar kabinasida Kudrinskiyning do‘sti ham bo‘lgan.

Kudrinskiy samolyot boshqaruvini bolalariga berishdan avval avtomatik boshqaruv tizimini yoqadi. Ikkita shturvalni bolalariga topshirgach, u xotirjam holda do‘sti bilan samolyot saloniga chiqadi.

Samolyot boshqaruviga o‘tirgan Eldar qiziqish bilan oldida qator turgan tugmalarni bosib ko‘ra boshlaydi. Ana shunda u o‘zi bilmagan holda avtomatik boshqaruv tizimini o‘chiradi. Keyin esa samolyotning aerodinamik boshqaruv tizimini ishga tushirib yuboradi.

Shundan so‘ng samolyotning boshqaruv tizimi o‘cha boshlaydi va bu haqda ogohlantirish chirog‘i yonadi. Ammo Airbus A310 samolyotida avtomatik boshqaruv tizimining o‘chish signali ovozsiz bo‘lgani uchun ekipaj a’zolari buni sezishmaydi. Oqibatda boshqaruvsiz qolgan samolyot silkina boshlaydi. Uchuvchilar buni odatdagi havo bo‘shlig‘i bilan to‘qnashuv deb o‘ylab e’tibor berishmaydi.

Foto: www.frequentflers.ru

Samolyotning silkinib qulayotgani haqida birinchi bo‘lib shturvalni boshqarib ketayotgan Eldar sezib qoladi va darhol otasiga xabar beradi. Eldar shturvalni o‘ng tomonga burib yuborgani uchun samolyot qulayotganda keskin silkinib, o‘ng tomonga og‘a boshlaydi.

Kudrinskiy va yana bir uchuvchi avvaliga samolyotda nimalar sodir bo‘layotganini, u nega qulayotganini tushunishmaydi. Biroz o‘tib samolyotda avtomatik boshqaruv tizimi o‘chirilganini sezib qolishgach o‘z o‘rinlariga o‘tirib, vaziyatni qo‘lga olishga urinishadi. Ammo samolyot juda qattiq silkinayotgani uchun buning iloji bo‘lmaydi.

Uchuvchilardan biri amallab joyiga o‘tirib samolyotni o‘nglashga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bu paytda Airbus A310 yer sathiga yaqin kelib qolgan edi. Samolyotni tepaga ko‘tarishning imkoni bo‘lmaydi.

Samolyot Kemerovo viloyatining Mejdurechensk tumanida Kuznetsk-Olatov tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmonga qulab tushib, yonib ketadi. Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarning barchasi halok bo‘ladi. Bu paytda soat tungi 2:00 edi. Samolyot qulab tushgach, yonayotib 2 kilometrga surilib boradi va vafot etganlarning jasadi atrofga sochilib ketadi.

Foto: https://brodude.ru/

Qutqaruv harakatlari

Halokat haqida birinchi bo‘lib o‘sha atrofda joylashgan qamoqxona koloniyasida xizmat qilayotgan IIB zobiti xabar topadi. U samolyotning qulab tushib, yonib ketganini ko‘rib qolgandi. Zobit darhol o‘z rahbariyatiga hodisa haqida xabar beradi.

1,5 yarim metr qalinlikdagi qor, o‘rmon va undagi botqoqliklar qutqaruvchilar, politsiya xodimlari hamda o‘t o‘chiruvchilarning samolyot qulab tushgan joygacha maxsus texnikalarda yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Buning ustiga havo harorati 20 daraja sovuq edi.

Qutqaruvchilar chang‘ilar yordamida halokat sodir bo‘lgan joyga tonggi soat 6:00 da yetib borishadi. Bu paytda samolyotda tirik jon qolmagandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchilardan biri, yosh yigit halokatda omon qolgan va u qutqaruvchilar yetib borishidan biroz avval vafot etgani oydinlashadi.

Barnaul shahridan kelgan maxsus qutqaruvchilar halokat sodir bo‘lgan joyda to‘rt kun ishlashadi. Vafot etganlarning jasadlarini topish, ularni katta yo‘lda kutib turgan transportgacha olib chiqish ishlari shuncha vaqtni oladi.

Samolyot halokatga uchragan joydan yo‘lovchilarga tegishli bo‘lgan ko‘p miqdorda AQSh dollari, tilla taqinchoqlar va boshqa qimmatbaho buyumlar topiladi. Qutqaruvchilar ularni talab ketmasligi uchun topilgan narsalarni, pullarni to‘rt kun davomida ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmasi qo‘riqlashiga to‘g‘ri keladi.

Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar

Halok bo‘lganlarning jasadlari olib ketilgach, samolyot bo‘laklari ham yig‘ishtirib olinadi va qora quti bilan birgalikda Novokuznetsk aeroportiga olib boriladi.

Foto: www.yaplakal.com

Halokat sabablarini o‘rganish uchun komissiya tashkil qilinadi va eng avval qora qutidagi yozuvlar eshitilib ko‘riladi. Ana shunda ekipaj komandirining samolyot boshqaruviga qizi va o‘g‘lini o‘tqazgani ma’lum bo‘ladi.

Qora qutidagi audioyozuvlar eshitib ko‘rilganda, samolyot qulab tusha boshlagach uchuvchilar ancha vaqt davomida o‘z o‘rniga o‘tira olmagani va Eldarga samolyot boshqaruvini o‘nglash uchun turli buyruqlar berishgani ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, uchuvchilar ancha urinib, boshqaruvni o‘z qo‘liga olganda samolyot yer sathiga juda yaqin kelib qolgani oydinlashadi.

Audioyozuvlarda Eldar uchuvchilarning maxsus terminlarini tushunmagani va ular aytgan buyruqlarni to‘g‘ri bajara olmagani eshitilib turardi. Masalan, uchuvchilar unga «shturval to‘g‘riga» deyishadi. Eldar bu buyruqni eshitib o‘ngga og‘ayotgan samolyot boshqaruvini to‘g‘rilash o‘rniga shturvalni o‘sha holatda qattiq ushlab turaveradi. Oqibatda Airbus A310 o‘ng omonga og‘ishda davom etadi.

Bundan tashqari, bir paytning o‘zida otasi, uning do‘sti va ikkinchi uchuvchining baland ovozda ketma-ket berayotgan buyruqlari Eldarni sarosimaga solib qo‘yadi. Oqibatda u uchuvchilarning bironta buyrug‘ini eplab bajara olmaydi.

Rossiyada avvaliga qora qutidagi audioyozuvlarni va halokat sabablarini yashirishga urinishadi. «Aeroflot» tarkibiga kiruvchi «Rossiya avialiniyalari» aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Eksuzian samolyot portlovchi modda bilan samoning o‘zida portlatilgan, deydi.

U isbot tariqasida uchuvchilardan biri va yana 3-4 nafar yo‘lovchining miyasi tekshirib ko‘rilganda ular portlashdan so‘ng hosil bo‘lgan is gazidan zaharlangani haqida ma’lumotlar keltiradi. Bularning barchasi halok bo‘lganlarning oila a’zolariga katta miqdorda tovon puli to‘lashdan qochish uchun edi.

Ammo Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi Airbus A310 halokatiga samolyot bortidagi portlash emas, aynan uchuvchilarning mas’uliyatsizligi sabab bo‘lganini aytib, dalil sifatida qora qutidagi audioyozuvlarni keltiradi.

Hodisadan 1 yil o‘tib, 1995 yil 22 mart kuni halokat sabablari bo‘yicha yakuniy xulosa e’lon qilinadi. Unda, halokat uchuvchilarning mas’uliyatsizligi va ekipaj komandiri Kudrinskiy boshqaruvni 13 yoshli qizi va 15 yoshli o‘g‘liga topshirgani ortidan sodir bo‘lgani aytiladi. Shu bilan boshqa taxminlarga nuqta qo‘yiladi.

Shundan so‘ng hodisada halok bo‘lganlarning yaqinlari tovon puli talab qilib aviakompaniyani sudga berishadi. Hodisa uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgar bo‘lgan «Aeroflot» har bir halok bo‘lgan yo‘lovchi uchun 20 ming dollardan to‘lab beradi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha xorijiy parvozlar bilan muammo kelib chiqmasligi uchun «Aeroflot» halok bo‘lgan xorijliklarning oila a’zolariga 40 mingdan 100 ming dollargacha mablag‘ to‘lab bergani ma’lum bo‘ladi.

Foto: rusplt.ru

Shundan so‘ng rossiyalik yo‘lovchilarning oila a’zolari ko‘proq tovon puli olish uchun bir necha bor sudga murojaat qilishadi. Ammo natija bo‘lmaydi.

Halokatdan xulosalar

Airbus A310 halokatidan so‘ng Xalqaro aviayo‘lovchilar assotsiatsiyasi sobiq ittifoq respublikalarida uchuvchilar o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashmayotgani va bu salbiy oqibatlarga olib kelayotganini aytib chiqadi. Assotsiatsiya MDH davlatlaridagi aviakompaniyalariga buning oldini olish lozimligi haqida tavsiyalar beradi.

Halokatdan besh oy o‘tib, 1994 yil 1 avgust kuni «Aeroflot» o‘zining ixtiyorida bo‘lgan yana to‘rtta Airbus A310 samolyotlarining parvozlarini vaqtincha to‘xtatadi.

Halokatdan biroz o‘tib «Aeroflot» Moskva-Hongkong yo‘nalishidagi parvozda Boeing 777 samolyotidan foydalana boshlaydi. Shuningdek, parvozlar vaqtida uchuvchilar kabinasiga begona shaxslarning kirishini taqiqlovchi qoida qattiqroq nazorat qilina boshlanadi.

Shuningdek, Airbus kompaniyasi Kemerevodagi halokatda A310 samolyotida kuzatilgan jiddiy kamchiliklar ustida ishlay boshlaydi. Jumladan, kompaniya Airbus A310 samolyotlaridagi avtomatik boshqaruv tizimini yoqadigan tugmaning ishlash jarayonini o‘zgartiradi.

Keyingi ishlab chiqarilgan samolyotlarda mazkur tugmani 10 kilogramm og‘irlikdagi kuch bilan yoki 30 sekunddan ko‘p bo‘lgan vaqt mobaynida bosib tursagina ishlaydigan qilib o‘zgartirishadi.

Bundan tashqari, kompaniya avtomatik boshqaruv tizimi bo‘yicha yana bir o‘zgarish qiladi. Unga ko‘ra, Airbus A310 boshqarilayotganida ikki nafar uchuvchi ma’lum bir vaqtda hech qanday harakat qilmasa samolyotdagi avtomatik boshqaruv tizimi o‘z-o‘zidan ishlab ketadigan funksiya qo‘shiladi. Shundan so‘ng Airbus A310 samolyotlaridagi xavfsizlik tizimlari ancha mukammal ko‘rinishga keladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: