Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Jahon 10:58 / 10.06.2022 24823

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida urush vaqtida mamlakatdagi iqtisodiy siyosat qanday bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Hozir Ukrainada urush vaqtida va tinchlik o‘rnatilganidan so‘ng davlatning iqtisodiy siyosati qanday bo‘lishi kerakligi borasida ko‘plab munozaralar bo‘lmoqda. Fundamental bir detalni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Biz jamiyatimiz ikki qismdan iborat bo‘lishiga ko‘nikishimiz kerak: bizning mustaqilligimizni himoya qiluvchilar va bu himoyani ta’minlash uchun ishlovchilar. Bu u yoki bu iqtisodiy doktrina masalasi emas, yoinki u yoki bu siyosiy pozitsiya masalasi ham emas. Biz mamlakatda iqtisodiy hayotning xufiyona qismi qolishiga shunchaki yo‘l qo‘yib bera olmaymiz.

Agar biz jamiyatning normal, barqaror va jips hayoti, davlatning ishlashi, mudofaamiz haqida gapiradigan bo‘lsak, shuni anglashimiz kerakki, xizmat qilayotganlar va o‘z mehnati bilan o‘sha xizmat qilayotganlarni ta’minlayotganlar bor.

Binobarin, bu — rasmiy bandlik. Bu — soliqlar to‘lash. Bu — mamlakatimizda qonuniy asosda iqtisodiy imkoniyatlarni maksimal kengaytirish, degani. Va bu davlat institutsiyasining to‘liq modernizatsiya bo‘lishini ham anglatadi», — degan Zelenskiy.

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov

«Bizning sohil mudofaamiz o‘ta samarador «Harpoon» komplekslari bilan kuchaytirildi va ular o‘zimizning «Neptun»larimiz bilan birgalikda Qora dengiz floti flagmani — «Moskva» kreyseri taqdirini takrorlamasligi uchun dushman flotining uzoqroq masofada ushlab turilishiga majburlamoqda», — degan Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Janglar 2 ta yo‘nalishda davom etmoqda va dushmanning 7 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 10 ta tank, 7 ta artilleriya tizimi, 4 ta harbiy zirhli texnika, 3 ta maxsus zirhli avtomobil, 4 ta transport vositasi, 1 ta o‘q-dori ombori yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 5 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 32 nafarni tashkil etgan.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatni ayni paytda tark etishga qaror qilganlar keyinchalik bu haqda afsus qilishlarini ta’kidladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Foto: TASS

«Bugungi sharoitlarda kimdir qayoqqadir sakrab qochsa, kimdir o‘z faoliyatini Rossiyada yakunlashga qaror qilgan bo‘lsa — hali bu haqda afsus qiladi. Bu gaplarim tahdid emas. Ular biz kimlargadir tahdid qilayotganimiz uchun afsus qilishmaydi. Ularning afsusiga Rossiya ulkan imkoniyatlar mamlakati ekanligi sabab bo‘ladi», — degan Putin.

Rossiya razvedka idorasi direktori Sergey Narishkin «Polsha Zelenskiyni Ukrainaning muhim davlat funksiyalari va muassasalari ustidan nazoratni topshirishga majburlamoqda», deya ta’kidlagan.

«Zelenskiy, aftidan, Polshaga Ukrainaning suverenitetini topshirishga rozi bo‘lmoqda. Kiyev ongli ravishda Polsha-AQSh tandemiga davlat ahamiyatidagi ma’lumotlarga erishishni ochib bermoqda», — degan u.

Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov jahondagi yetakchi o‘rinlarini yo‘qotishni istamayotgan G‘arb davlatlari ko‘pqutbli dunyo shakllanishiga «jon-jahdi bilan qarshi chiqayotgani»ni ta’kidlagan.

«Demokratik, ko‘pqutbli dunyo shakllanishi muammolari bugungi kunda yanada dolzarb, chunki biz xalqaro munosabatlar tizimida o‘z yetakchi o‘rnini yo‘qotishni istamayotgan davlatlarning o‘zgarishlarga barcha huquqiy va ma’naviy-etik me’yorlarga mos bo‘lmagan holda jon-jahdi bilan qarshiligini kuzatmoqdamiz», — degan Lavrov.

Rossiya Mudofaa vazirligi maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan 2 ta boshqaruv punkti, tirik kuch va texnikalarning 23 ta jamlanmasiga zarba berilgan. 4 ta qurol-yarog‘ ombori, 1 ta yonilg‘i ombori yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan tirik kuch va texnikalarning 18 ta nuqtasi, 200 dan ortiq askari, 5 ta tank, 2 ta «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, raketa-artilleriya o‘q-dori ombori yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukraina HHKning Su-25 samolyotini urib tushirgan. Shuningdek, 13 ta pilotsiz uchar qurilma yo‘q qilingan. «Smerch» baravar o‘t ochish tizimining 2 ta raketasi urib tushirilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning tirik kuchlari va harbiy texnikasi jamlangan 273 ta hudud, 56 ta boshqaruv punkti, artilleriya bo‘linmalarining 127 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. Zarbalar natijasida yo‘q qilingan askarlar soni 300 dan ortiq, shuningdek, 2 ta «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, 12 ta dala artilleriyasi va minomyot uskunalari, 7 ta zirhli texnika, 24 ta maxsus avtomobil, shuningdek, yonilg‘i ombori va vaqtinchalik ko‘prik yo‘q qilingan.
  • Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 193 ta samolyot, 130 ta vertolyot, 1163 ta pilotsiz uchar qurilma, 336 ta zenit raketa majmualari, 3471 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 493 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1834 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3512 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

Ukrainaga ko‘mak

Polsha prezidenti Anjyey Duda Bild nashriga bergan intervyusida Ukrainaga umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik o‘z qurol-yarog‘ining katta qismi, jumladan 240 ta tank jo‘natilgani, endi ularning evaziga o‘zlarida hech narsa qolmaganini aytgan.

Polsha prezidenti Anjyey Duda. Foto: Bild

«Men prezident Zelenskiy bilan ikki kun avval suhbatlashdim. U yana mendan qurol-yarog‘ so‘radi. Biz Ukraina foydalanishi mumkin bo‘lgan 240 dan ortiq tanklarni jo‘natdik. 100 dan ortiq zirhli texnika, qurol-yarog‘lar, o‘q-dorilar va raketalar jo‘natdik. Biz 2 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatdik», — degan Duda.

Serbiya hukumati Ukraina bolalari va ukrainalik qochqinlarga 3 mln yevro miqdorida ko‘mak ajratishga qaror qildi. Mablag‘lar ehtiyojmandlarga BMT tuzilmalari orqali yo‘naltiriladi.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Rublning Rossiya budjetiga zarar keltiradigan darajada mustahkamlanishi Rossiya Markaziy bankining ongli tanlovi bo‘lgan, deb yozmoqda Bloomberg. Nashrga ko‘ra, RF MB rahbari Elvira Nabiullina inflatsiyani jilovlash uchun aynan kuchli rubldan zarar ko‘radigan Rossiya budjetini qurbon qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vladimir Putin, Dmitriy Peskov, Mixail Mishustin, Sergey Lavrov va Sergey Shoyguga nisbatan sanksiyalar joriy qilinishi haqidagi farmonni imzoladi. Sanksiya ro‘yxatidagi shaxslar soni 35 nafar. Shuningdek Rossiya oliy o‘quv yurtlari va ularning rektorlariga ham qarshi sanksiya joriy etilgan.

Yaponiya 17 iyundan boshlab Rossiyaga yuk avtomobillari, samosvallar va buldozerlar eksportini taqiqlamoqchi.

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etayotgan davlatlardan iborat koalitsiya tuzishni taklif etgan. Unga ko‘ra, bunday chora cheklovlarni global miqyosda «yanada samarali» qiladi:

«Fikrimcha, bizga Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishga rozi bo‘lgan davlatlarning yetarli tarzda ko‘p guruhi zarur bo‘ladi», — degan u.

Xitoy banklari Rossiyaning «Sberbank»i bilan operatsiyalar o‘tkazishdan bosh tortdi. «Sberbank» yuanda operatsiyalar o‘tkaza olmaydi, chunki Xitoy valutasi bilan operatsiyalar 7 iyundan boshlab to‘xtatilgan. Bankdagilar buni «vaqtinchalik choralar» deb atashgan.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Janet Yyellen yaqin istiqbolda Amerika bozorida yonilg‘i mahsulotlari narxi pasayishini kam ehtimolli, deya baholagan.

«Bizning Rossiyaga qarshi sanksiyalarimiz chindan ham oziq-ovqat va yonilg‘i narxlariga ta’sir ko‘rsatmoqda», — degan Yyellen.

Finlandiya hukumati mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun Rossiya bilan chegaralarda to‘siq devor o‘rnatishni mo‘ljallamoqda, deb xabar beradi Finlandiya IIV.

Polsha prezidenti Anjyey Duda G‘arb yetakchilarining Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilishlarini qattiq tanqid ostiga oldi.

«Kansler Shols, prezident Emmanuel Makron. Bu suhbatlar befoyda. Ular nima qilishmoqda? Ular Rossiya armiyasining Ukrainada sodir etayotgan jinoyatlariga mas’ul bo‘lgan shaxsni qonuniylashtirishmoqda. Putin bularning barchasi uchun mas’ul. U qo‘shin kiritishga buyruq bergan. Qo‘mondonlar unga bo‘ysunishadi. Kimdir Ikkinchi jahon urushida Adolf Hitler bilan shunday gaplashganmi? Kimdir Adolf Hitler o‘z yuzini saqlab qolishi kerak, deganmi? Biz Adolf Hitlerni tahqirlamaslik uchun ehtiyot bo‘lib harakat qilishimiz kerak, deganmi? Men bunaqasini eshitmaganman», — degan Duda.

Ko‘proq yangiliklar: