Shveytsariyada Blatter va Platini ustidan sud jarayoni boshlandi

Sport 17:06 / 09.06.2022 21030

Blatter va Platini dunyodagi eng katta ta’sirga ega bo‘lgan futbol federatsiyalariga 2015 yilga qadar rahbarlik qilishgan, o‘shanda korrupsion mojaro fonida ularning ikkisi ham iste’fo berishga majbur bo‘lgandi.

Sobiq funksionerlar bilan bog‘liq ish 2011 yilda Blatter ko‘rsatmasi bilan o‘n yil muqaddam ko‘rsatilgan maslahat xizmati evaziga Platiniga ikki million shveysar franki (2,08 mln dollar) o‘tkazib berilgani holatini ham o‘z ichiga oladi.

Ayblovchilar versiyasiga ko‘ra, Platiniga o‘sha vaqtga qadar bu xizmati uchun to‘lov qilib bo‘lingandi, ya’ni 2011 yildagi to‘lov korrupsiya bo‘lgan.

Platini ham, Blatter ham ularga qarshi ilgari surilgan moddalar bo‘yicha ayblovlarni tan olishmagan va to‘lov og‘zaki kelishuv bo‘yicha amalga oshirilganini aytib kelishadi. Ularga besh yillik qamoq jazosi tahdid qilmoqda.

«Mutlaqo aminmanki, quyosh porlamoqda va kayfiyatim juda yaxshi. Men bilamanki, qonunga qarshi hech qanday ish qilmaganman. Futbol mening hayotim bo‘lgan. 45 yil FIFA bilan o‘tdi. Futbol - mening hayotim», degan Blatter sud majlisi boshlanishi arafasida jurnalistlar bilan suhbatda.

UYeFAning sobiq rahbari Platini ham o‘ziga ishonchi yuqori ekani va unga qarshi ayblovlar asossizligini aytgan.

«Ishonchim komilki, shuncha yillik vahshiyona ayblovlar va tuhmatlardan keyin adolat qaror topadi», degan u.

«Sudda men mutlaqo haqqoniy ish tutganimni, FIFA mening maoshimning qolgan qismini to‘lab berishi kerak bo‘lgani va barchasi qonuniy amalga oshirilganini isbotlaymiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Blatter va Platini bilan bog‘liq korrupsiya mojarosiga qariyb o‘n yil bo‘lmoqda, ammo ularga faqat 2021 yil oxiriga kelib ayblov qo‘yilgan.

O‘zlarining aytishicha, Platiniga to‘lov u 1998-2002 yillarda FIFAda Blatterning maslahatchisi bo‘lib ishlaganidagi maoshi uchun ustama bo‘lgan. Ularning ikkisi ham bunday qo‘shimcha to‘lov bo‘yicha o‘sha yillardayoq kelishib olishganini aytishadi.

Ammo shveysariyalik prokurorlar Platini bu to‘lovni maslahatchi sifatidagi faoliyati yakunlanganidan sakkiz yil o‘tganidan keyin so‘raganini aytishgan.

Ular bu to‘lov boshqa maqsadda amalga oshirilgan deb hisoblashmoqda: 2011 yilda Zepp Blatter FIFA prezidentligiga qayta saylanganida Platini Yevropadagi delegatlar unga ovoz berishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mazkur masala 2015 yilda FIFA Etika qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan, buning natijasida Blatter va Platini futbolga oid faoliyatdan chetlatilgandi.

Blatter 2015 yilda korrupsiyada ayblanib FIFA prezidentligidan olingan va sakkiz yil muddatga futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatilgandi. 2016 yilda FIFA apellyatsiya qo‘mitasi ushbu muddatni olti yilga qisqartirgandi.

2007–2016 yillar oralig‘ida UYeFAni boshqargan Platini 2015 yilda yuqorida tilga olingan ish bo‘yicha FIFA Etika qo‘mitasi tomonidan 8 yilga futbolga oid faoliyatdan chetlatilgandi. Keyinchalik Sport arbitraj sudi (CAS) bu muddatni 4 yilgacha qisqartirdi. 2019 yilda Platini 2022 yilgi jahon chempionati mezbonligi Qatarga berilishi yuzasidan o‘tkazilgan tergovda hibsga olingan va bir kun o‘tib, qo‘yib yuborilgandi. Funksioner 2020 yilning yanvaridan Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasida (FIFPro) prezident maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: