Markaziy bank asosiy stavkaning pasaytirilishi yuzasidan izoh berdi

Iqtisodiyot 15:27 / 09.06.2022 24705

Markaziy bank asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risidagi qarori yuzasidan rasmiy reliz e’lon qildi.

Unga ko‘ra, asosiy savdo-hamkorlarda kuzatilgan xatarli vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qisqa muddatli salbiy to‘lqinlari ortda qolgan va dastlabki baholashlardan farqli ravishda so‘nggi ikki oyda ijobiy tendensiyalar kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida o‘rtacha oylik 490 mln dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan bo‘lsa, aprel-may oylarida bu ko‘rsatkich 1,3 mlrd dollarga yetgan. Oylik eksport tushumlari hajmi yanvar-mart oylariga nisbatan 1,3 barobarga, eksport tushumlari hisobidan ichki valuta bozorida sotilayotgan mablag‘lar miqdori 1,4 barobarga ko‘paygan.

So‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 2022 yil mart oyining birinchi yarmida o‘zining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlangan. Natijada, so‘mning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foizni tashkil etgan.

Oltin valuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” bo‘yicha Markaziy bank tomonidan ichki valuta bozoriga aprel-may oylarida, so‘m almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishining oldini olish maqsadida bozordan 523 mln dollarlik valuta mablag‘lari sotib olingan.

“Umuman olganda, yil boshidan “neytrallik tamoyili” bo‘yicha ichki valuta bozoriga intervensiya qilinmagan miqdor qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etadi va kelgusida almashuv kursining barqarorligini ta’minlashga qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi rasmiy relizda.

May oyi yakuni bo‘yicha yillik inflatsiya darajasi 11 foizni tashkil qilib, prognoz trayektoriyasi doirasida bo‘lgan.

Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar ko‘proq taklif omillari bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy ta’sirini o‘zida ifoda etadi.

Shuningdek, joriy yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya prognozi 12-14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ta’kidlanishicha, ichki bozorlarda narxlarni muvozanatlashtirish maqsadida hukumat tomonidan iste’mol bozorlarida mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, logistik qiyinchiliklarni bartaraf etish, muqobil import yo‘nalishlari orqali asosiy iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha choralar ko‘rib borilmoqda.

Eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar orqali kirib kelayotgan valuta oqimlari ichki valuta bozorida taklifni qo‘llab-quvvatlab, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda so‘m almashuv kursining barqarorlashuviga xizmat qilishi kutilmoqda. Valuta kursining barqarorligi, o‘z navbatida, narxlarga nisbatan “import inflatsiyasi” ta’sirini yumshatuvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: