Mane, Pogba va boshqalar. Yozning eng ko‘p kutilayotgan transferlari

Sport 18:53 / 07.06.2022 36934

Gabriel Jyezus

Gabriel Jyezus. Foto: Global Look Press
  • Klubi: «Manchester Siti»
  • Transfer qiymati (Transfermarkt bo‘yicha): 50 million yevro
  • Qayerga: «Arsenal», «Yuventus», «Tottenhem»

25 yoshli braziliyalik o‘sishdan to‘xtab qoldi va o‘tgan mavsumda «Manchester Siti»ning asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmadi. Pep Gvardiola klassik markaziy forvardsiz o‘ynashni odat qildi, Gabriel Jyezus esa vaqti-vaqti bilan qanotda o‘ynadi. Erling Holand va Xulian Alvaresning «Siti»ga olib kelinishi braziliyalik futbolchi uchun o‘yin vaqtini yanada qisqartiradi, shu tufayli u yozda ketadi. Uning klub bilan shartnomasi muddati bir yildan keyin tugaydi, shu tufayli «shaharliklar» uni shu yozda transfer qilish orqali pul ishlab qolishi mumkin. Futbolchi uchun kurashda favorit — «Arsenal», London klubi yarim yil ichida Obameyang va Lyakazettdan ayrildi (qolaversa, Nketiya bilan shartnoma hali yangilanmagan). Jyezusga «Yuventus» va «Tottenhem»dan ham qiziqish bor.

Pol Pogba

Pol Pogba. Foto: Global Look Press
  • Klubi: erkin agent
  • Transfer qiymati: 55 million yevro
  • Qayerga: «Yuventus», «PSJ»

«Manchester Yunayted» o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchisi bilan o‘n yil ichida ikki bor xayrlashdi. Ko‘rinishidan, Pogba bu o‘n yillikda ikkinchi bor erkin agent sifatida «Yuventus»ga borib qo‘shiladi. «PSJ» ham qiziqish bildirgandi, u vaqti fransuz hali «MYu»ni tark etmagandi, ammo «Yuve» varianti hamisha birinchi raqamlisi edi. Sky Spors nashriga ko‘ra, turinliklar klubi kelishuv haqida 17 iyun kuni e’lon qiladi — o‘sha kuni Pogbaning faoliyatiga bag‘ishlangan The Pogmentary nomli hujjatli film premerasi o‘tkaziladi.

Robert Levandovski

  • Klubi: «Bavariya»
  • Transfer qiymati: 50 million yevro
  • Qayerga: «Barselona»

Mbappe «PSJ» bilan shartnomani uzaytirdi, Holandning «Siti»ga transferi esa may oyidayoq ma’lum bo‘lib ulgurdi, shunday ekan yozning asosiy transfer ertagi Robert Levandovski bilan bog‘liq bo‘ladi. Polshalik hujumchi avgust oyida 34 yoshni qoralaydi, uning «Bavariya» bilan bir yillik shartnomasi qolgan, ammo uning o‘zi ochiqchasiga ketish niyatini bildirgan. «Mening «Bavariya»dagi davrim tugadi. Men bu yerda ortiq o‘ynashni istamayman. Transfer — eng yaxshi yechim. Umid qilamanki, meni to‘xtatishmaydi», – dedi Levandovski may oyi oxiridagi matbuot anjumanida.

«Bavariya» prezidenti Gerbert Hayner bunga javoban Levandovski «Bavariya»da qolishini aytdi, ammo uning bu javobi ertakka nuqta qo‘yishi dargumon. Polyak ketishga qat’iy ahd qilgan, manzili ham aniq – «Barselona». Insayder Fabritsio Romano tomonlar uch yillik shartnoma bo‘yicha kelishib olishgani, barchasi transfer summasi kelishilishida qolganini xabar qildi.

Sadio Mane

Sadio Mane. Foto: Reuters
  • Klubi: «Liverpul»
  • Transfer qiymati: 80 million yevro
  • Qayerga: «Bavariya»

Qishda «Liverpul»ga Luis Dias kelib qo‘shildi va darhol chap qanotda Manening pozitsiyasini egalladi. Senegallik hujumchi esa hujum markaziga ko‘chdi, ammo u bundan xursand emas. Mane yaqinda 30 yoshga chiqadi va uning «Liverpul»dagi istiqbollari avvalgidek bulutsiz emas.

Mane «Liverpul»da bo‘lishidan Senegaldagilar ham norozi. Forvardning muxlislari uning pozitsiyasi olib qo‘yilgani, umuman olganda, klub unga Salohdan ko‘ra yomonroq munosabatda bo‘layotganidan g‘azablanishmoqda — masalan, ularning nazdida, «Liverpul» Senegalning Afrika millatlar kubogida g‘olib bo‘lishi va milliy jamoaning jahon chempionatiga chiqishini nishonlashmagan, lekin butun klub Senegalga qarshi o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan Misr yetakchisini yupatish bilan band bo‘lgan. Mane allaqachon shov-shuvli matbuot anjumani o‘tkazdi, unda tez orada «Liverpul»dan ketishiga ishora qildi, ammo keyin buning uchun uzr so‘rab, bu shunchaki hazil bo‘lganini aytdi. Bu vaqtda esa Levandovski bilan xayrlashish arafasida bo‘lgan «Bavariya» Mane uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

Rafinya

Rafinya. Foto: Reuters
  • Klubi: «Lids»
  • Transfer qiymati: 45 million yevro
  • Qayerga: «Barselona», «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Bavariya»

Agar «Lids» premer-ligadan tushib ketganida, Rafinya klubini o‘zgartirishi aniq bo‘lardi. Braziliyalik APLda top-6 jamoalaridan birining a’zosi bo‘lmagan eng kuchli futbolchilardan biri ekani shubhasiz. Chap oyoqda o‘ynovchi vinger yakunlangan mavsumda 11 gol urdi va Yevropaning top-klublari e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Uning uchun asosiy favorit — «Barselona», Xavida yaxshi taassurot qoldira olmagan Adama Traore yozda klubni tark etishi mumkin, shuningdek Usmon Dembelening kelajagi so‘roq ostida. Ammo boshqa grandlar ham Rafinya atrofidagi vaziyatni kuzatib borishmoqda.

Paulo Dibala

Paulo Dibala. Foto: AFP
  • Klubi: erkin agent
  • Transfer qiymati: 40 million yevro
  • Qayerga: «Inter», «Tottenhem», «Manchester Yunayted», «Arsenal», «Nyukasl»

Argentinalik forvard «Yuventus»dan ketishi ancha oldinroq aniq bo‘lib ulgurgandi. Dibala turinliklar klubiga yetti yilini bag‘ishladi, so‘nggi mavsumda esa ko‘p o‘yinlarda sardorlik bog‘ichini taqib chiqdi, ammo shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Endi argentinalikda ikki variant bor — yoki APL (u o‘zini boshqa chempionatda sinab ko‘rmoqchi), yoki «Inter». Shu kunlarda Dibala boshqa ligalar bilan tanishishni istashi, ammo Italiyada ham baxtiyor ekanini aytdi. Shu tufayli qora-ko‘klar — nisbatan yuqori ehtimolli variant.

Orelen Tchuameni

Orelen Tchuameni. Foto: AFP
  • Klubi: «Monako»
  • Transfer qiymati: 60 million yevro
  • Qayerga: «Real», «PSJ», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Yunayted»

Tchuameni hali yosh, u endi 22 yoshda, u sayyoraning eng kuchli tayanch yarimhimoyachilaridan biri, shunday ekan uning atrofida bunday ajiotaj yuzaga kelishi tabiiy hol. Fransiya termasi a’zosiga «PSJ» ham da’vogar, ammo Tchuameni «Real»ga o‘tishi ehtimoli yuqori.

The Athletic xabariga ko‘ra, madridliklar klubi monegaskliklar bilan futbolchi transferi borasida og‘zaki kelishuvga erishgan, kelishuv qiymati 100 mln yevroni tashkil etadi. Shu tariqa, Tchuameni bu yil yozgi transferlarning eng qimmatbaho futbolchisiga aylanadi — hatto Holand uchun «Siti» bundan ancha kamroq to‘lagandi.

Romelu Lukaku

Romelu Lukaku. Foto: Reuters
  • Klubi: «Chelsi»
  • Transfer qiymati: 85 million yevro
  • Qayerga: «Inter», «Barselona»

Bir yil muqaddam belgiyalik titan «Inter»dan «Chelsi»ga qariyb 100 million funt evaziga o‘tgandi. O‘shanda Lukaku London klubini APLda g‘olib chiqish uchun to‘laqonli da’vogarga aylantirishi kutilgandi. Ammo belgiyalik yorqin startdan keyin to‘xtab qoldi, asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi, qishda esa negadir intervyularidan birida «Inter»ni sog‘inganini aytdi (buning uchun Tomas Tuxel forvardni ma’lum vaqtga tarkibdan chetlashtirdi).

O‘tgan chempionatda Lukaku atigi sakkiz gol urdi, bahorgi o‘yinlarda esa «Chelsi» uning yordamisiz ham kuchli to‘rtlikda qoldi. Mantiqan olib qaraganda, hozirda ushbu ulkan forvardning Milanga qaytishini kutish kerak. «Inter» hozircha muzokaralarda faol, ammo hech kim shoshilmayapti: matbuotda yana bir da’vogar sifatida «Barselona» nomi keltirilmoqda, ammo kataloniyaliklar hozirda Levandovski transferi bilan band. The Telegraph nashri yozishicha, «Chelsi» Lukakuni katta pul evaziga ijaraga berishga ham tayyor — klub bir yillik ijara uchun 20 million funt so‘ramoqda.

Garet Beyl

Garet Beyl. Foto: Reuters
  • Klubi: erkin agent
  • Transfer qiymati: 3 million yevro
  • Qayerga: «Tottenhem», «Milan»

Yakunlangan mavsumni Beyl «Real» zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi va shunchaki shartnomasi muddati tugashini kutayotganini yashirmadi. 32 yoshli uelslik aqlli yo‘l tutdi: u Chempionlar ligasi va primera g‘olibligini qo‘lga kiritdi, endi esa yangi klubiga tekinga borishi mumkin.

Beyl atrofida mish-mishlar ko‘p emas. Barcha u endi yosh va ishtiyoqmand emasligini, shu bilan birga katta maosh so‘rashi va ko‘p vaqtini golf maydonida o‘tkazishda davom etishini anglab turibdi. Ammo u Uelsni ko‘p yillik tanaffusdan keyin jahon chempionatiga olib chiqdi, unga asosiy da’vogar sobiq jamoasi «Tottenhem» bo‘lib turibdi. Beyl shu yerda jahon miqyosidagi yulduzga aylangan va 2020/21 yilgi mavsumda ijara muddatini ham yomon o‘tkazmagandi.

Darvin Nunes

Darvin Nunes. Foto: Global Look Press
  • Klubi: «Benfika»
  • Transfer qiymati: 55 million yevro
  • Qayerga: «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Nyukasl», «Arsenal», «Tottenhem»

Yozgi transferlar oynasi biror janubiy amerikalik yosh futbolchi portugal klubidan boshqa kattaroq klubga o‘tishisiz kechmaydi. Bu safar «Benfika» sotadigan asosiy futbolchisi — 22 yoshli urugvaylik forvard Darvin Nunes. U o‘tgan mavsumda o‘zini yaxshi namoyish etdi (Chempionlar ligasida u «Barselona», «Bavariya», «Ayaks» va «Liverpul»ga gol urdi).

Portugaliya chempionatida «Benfika» uchinchi bo‘ldi, ammo Nunes 26 gol bilan mavsum to‘purariga aylandi. Katta ehtimol bilan, Urugvay termasi hujumchisi Angliya klublaridan biri bilan shartnoma imzolaydi — unga APLning deyarli yarmi da’vogar.

Ko‘proq yangiliklar: