“Davoga muhtoj” tibbiyot – Navoiyda shifokor bemorlardan noqonuniy pul olib kelgani ma’lum bo‘ldi 

Jamiyat 12:41 / 07.06.2022 19786

Kun.uz’ga Navoiy viloyati Navbahor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida shifokor bemorlardan pul olayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Tahririyat jurnalisti holat yuzasidan kichik surishtiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, stomatolog shifokor Ilyos Jo‘rayev fuqarolardan muolaja uchun noqonuniy ravishda pul olgan. Buni poliklinika bosh stomatologi Jo‘rabek Madaliyev tasdiqladi (tahririyatda bunga dalil bo‘luvchi audio materiallar ham mavjud).  

Navbahor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Yodgor Abdualimov holatni shunday izohladi:

Tibbiyot birlashmamizda bepul va pulli xizmat ko‘rsatish bo‘limlari bor. Pulli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi shifokori men tasdiqlagan preyskurant asosida pul olishga haqqi bor. Unda ham to‘lov kassada amalga oshiriladi hamda bemor kvitansiyani shifokorga olib boradi va belgilangan tibbiy xizmatni oladi. Shifokor pulni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi olishga haqli emas. Poliklinikada bugungi kunda pulli xizmat ko‘rsatish bo‘limida bir nafar, bepul bo‘limda esa 3 nafar stomatolog faoliyat olib boradi. Agar shifokor (Ilyos Jo‘rayev bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limida faoliyat yuritgan - tahririyat) bemordan pul olganligi tasdig‘ini topsa, unga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi”.

Poliklinika bosh stomatologi Jo‘rabek Madaliyevga ko‘ra, shifokor Ilyos Jo‘rayev faqatgina bir bemordan uning tishiga “svetoplomba” qo‘ygani uchun pul olgan. Mazkur turdagi tish qoplamasi davlat tomonidan bepul beriladigan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar ro‘yxatida yo‘qligi sababli shifokor uni o‘z hisobidan qo‘ygan. Biroq bu “oqlov” qonunchilikka zid. Aslida davlat tibbiyot muassasasida ishlovchi shifokor bemordan muolaja uchun naqd ko‘rinishida pul olishga haqli emas. 

Prezidentning joriy yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmat turlarini pulli asosda tashkil etishga ruxsat berilgan. Qaror bilan aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining sifatini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i asosida tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari pulli asosda tashkil etiladigan tibbiy xizmatlar ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, pulli xizmatlardan tushayotgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ularning hisobini yuritish va foydalanish ustidan samarali nazorat tizimi yaratiladi. Zarur hollarda esa pullar tushumini monitoring qilish maqsadida maxsus axborot tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining bu buyrug‘i 2022 yil iyun oyida qabul qilinishi belgilangan.

Navoiy viloyati tibbiyot boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra esa Sog‘liqni saqlash vazirining 2016 yil 2 avgustdagi 340-sonli buyrug‘i bilan tizimda qo‘shimcha pulli servis xizmatlari joriy etilgan va ushbu xizmatlar bemorlarga ularning hohishiga asosan ko‘rsatiladi. Ta’kidlanishicha, barcha tibbiyot muassasalarida pulli tibbiy xizmat ko‘rsatish tartib va qoidalari, xizmat turlari va narxlari aks ettirilgan axborot burchaklari bo‘lishi kerak. Pulli tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarda fuqarolar bilan shartnoma tuzilishi va ularga pul to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya berilishi lozim.

Prezident tomonidan sohani isloh qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramay ochiqchasiga cho‘ntagini o‘ylayotgan bu kabi shifokorlarga qat’iy chora ko‘rilmas ekan, tibbiyot tizimi “kasallanishda” davom etadi.

Tahririyat: Maqola tayyorlanish jarayonida murojaatchi shifokor Ilyos Jo‘rayev uyiga borib, kechirim so‘raganini ma’lum qildi. Ammo Kun.uz bu ko‘pchilikning dardi bo‘lganligi sababli maqolani e’lon qilishni ma’qul topdi.   

Ko‘proq yangiliklar: