Sardor Umrzoqov Rossiya hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Iqtisodiyot 08:21 / 06.06.2022 34684

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, ikki kunlik tashrif davomida Rossiyaning bir qator rasmiylari, xususan, hukumat raisi o‘rinbosari Aleksey Overchuk, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, amaldagi kelishuvlar hayotga joriy etilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish muhim jihatlari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning barcha sohalarida mustahkam aloqalar hamda faol hamkorlik kuzatilayotgani qayd etildi. Oldin kelishilgan loyihalar, dastur va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.

Investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish amaliy mexanizmlari bo‘yicha mushtarak pozitsiyalar ishlab chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalarni hal qilishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar bo‘yicha takliflar almashildi hamda o‘zaro munosabatlar ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarga doir amaliy hamkorlik qilish yo‘llari to‘g‘risida kelishib olindi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Ko‘proq yangiliklar: