“Yaponcha jyemper kiygilari kelibdi. O‘zimizniki teshib chiqadimi… Jyempering yap-yangi, biroz kir bo‘lgan bo‘lsa, Sottiga aytamiz, benzinda yuvib beradi. Ustingdan hidi kelsa, hech balo bo‘lmaydi”.
“Kelinlar qo‘zg‘oloni” bosh qahramoni Farmon bibining keliniga aytgan bu gaplardan ham oxirgi yarim asrda kiyimga nisbatan munosabatimiz qanchalik o‘zgarib ketganini bilsa bo‘ladi. Shu vaqt ichida O‘zbekistonda, hali keng ommalashmagan bo‘lsa-da, ikkinchi qo‘l kiyimlarni xayriya va xarid qilish paydo bo‘lishga ham ulgurdi.
Masalan, Toshkent shahri Samarqand darvoza majmuasi ro‘parasida joylashgan “Saxovat burchagi (Dobryy konteyner)” ijtimoiy loyihasi 2 yildan beri ikkinchi qo‘l buyumlarni (asosan kiyim-kechak)larni tekinga muhtoj aholiga ulashib keladi.
“Saxovat burchagi” haqida
Loyihada ko‘ngilli bo‘lib ishlaydigan Mariya Alekseyevaning aytishicha, bu yerga har kuni 10–20 nafarga yaqin odam kelib, o‘ziga kerakli buyumlarni tanlab olib ketadi.
“Bu yerda erkaklar, ayollar va bolalar uchun alohida kiyim-kechak bo‘limlari bor. Konteynerga kichkina deraza qilingan. Odamlar o‘zlariga kerak bo‘lmagan kiyim-kechak, turli buyumlarni shu derazadan ichkariga qoldirib ketishadi”, – deydi u.
Konteyner ichida faqat kiyim-kechak emas, balki o‘yinchoqlar, kitoblar va turli maishiy buyumlar ham to‘planadi. Bu yerda hozircha 3 nafar volontyor faoliyat yuritadi. Odatda har kuni 12:00dan 16:00gacha volontyorlar navbatchilik qiladi. Biror buyumga ehtiyoji bo‘lgan odamlar kunning shu paytida kelib, o‘zlariga kerak narsani olib ketishlari mumkin.
“Kuniga 2-3 soatimni shu ishga ajrataman. Bu uchun hech qanday haq kerak emas. Men ko‘ngilli sifatida odamlarga yordamlashishni xohlayman. Buyumlarni olgandan keyin odamlar qandaydir ijobiy emotsiya bildirishadi va buni ko‘rish yoqimli. Qariyb 2 yildan beri shu yerdaman. Bo‘sh vaqtlarimni shunga ajrataman”, – deydi Mariya.
Loyiha Telegram-kanalida yozilishicha, konteynerlar butun shahar bo‘ylab qo‘yilishi rejalashtirilgan. Konteyner qutilarida turli xil buyumlar (kiyim, oziq-ovqat, maishiy anjomlar)ni qoldirsa bo‘ladi va muhtoj bo‘lganlar bu yerdan zarur narsani olishlari mumkin.
“Shunda bizning ehson platformamiz ko‘makka muhtoj va yordam berishni xohlaydiganlar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘ladi”, – deyilgan loyiha kanalida.
“Sovg‘aga beraman”
Ishlatilmaydigan buyumlarni muhtojlarga tarqatishning yana bir usulini “Sovg‘aga beraman (Otdom darom)” Telegram-guruhi a’zolari yo‘lga qo‘yishgan. 2020 yilning iyul oyida ochilgan bu guruhning hozir 14 mingdan ortiq a’zosi bor.
Nurlan Hayitov – “Sovg‘aga beraman” guruhining tashkilotchisi va admini. Nurlan g‘oya unda qanday paydo bo‘lgani haqida shunday deydi:
“Bu g‘oya ancha oldin paydo bo‘lgan. Bolalar tez ulg‘ayib, ularga olingan kiyimlar tezda tor kelib qoladi. Mening ham 2 nafar qizim bor va ular bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. Ularning yangi kiyimlarini nima qilish haqida o‘ylab, shu guruhni tashkil qildim”.
Har kuni o‘rtacha 30-40 nafar foydalanuvchi tomonidan 80-100 dona kiyim-kechak va turli maishiy buyumlar surati guruhga joylanadi. Suratlar ostidan kiyim-kechaklar o‘lchami, kiyilgan muddati kabi ma’lumotlarni topish mumkin.
“Hammamizda ham keraksiz narsalar bor. Ular uyimizda ishlatilmay turgandan ko‘ra, biror odamga foydasi tekkani yaxshi”, – deydi Nurlan.
Guruh a’zolari tomonidan buyumlarni olish istagida bo‘lganlar buni guruhga ma’lum qiladi. Buyumni kim olishi aniq bo‘lsa, manzil kelishilib, narsalar yangi egalariga berib yuboriladi.
“Men bu guruhga faqat narsa qo‘yaman. Narsa olmayman. Shundan keyin ko‘pchilik yozadi. Ularning ichidan eng muhtojini tanlab olib, yozganiga, ahvoliga qarab buyumlarimni beraman”, – deydi guruh a’zolaridan biri Kamola Ahmedova.
O‘ziga kerakli buyumni qabul qilib olganlar o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Ularning aksariyati kiyim olishga qurbi yetmasligini aytishadi.
“Kiyim-kechak olishga mening imkonim yo‘q. Shu guruh borligini eshitganimdan keyin, rosa xursand bo‘ldim. Odamlar qo‘ldan kelgancha yordam berib turishibdi. Guruhni ochgan kishidan minnatdorman. Guruhga yuborilgan kiyim-kechaklarni kiysa bo‘ladi. Ular unchalik eskirmagan”, – deydi ismi sir tutilishini istagan guruh a’zolaridan biri.
Qayta jonlanayotgan ikkinchi qo‘l tajribasi
Sanoat rivojlanguncha bo‘lgan davrda qo‘lda to‘qilgan mato pishiq bo‘lib, uzoq chidagani, hozirga kelib tekstil sanoatida samaradorlik bir necha barobar oshgani hisobiga narxlar arzonlashgani va boshqa omillar hisobiga XXI asrda butun dunyo bo‘ylab kiyim-kechaklar soni keskin ortdi.
XIX asrlargacha ikkinchi qo‘l kiyimlar amaliyoti insoniyat yashash tarzida odatiy hol bo‘lgan. II jahon urushigacha bo‘lgan davrda hatto ikkinchi qo‘l kiyim-kechak savdosi davlatlararo yoyilgan.
Bunday tashabbus yaqin 10 yilda qayta jonlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, kiyim-kechak industriyasining iqlimga jiddiy ta’siri ma’lum bo‘lgach, amerikaliklar ikkinchi qo‘l kiyimlarni yangi kiyimlardan ko‘ra 21 marta ko‘proq xarid qilishni boshlagan. Bunga o‘xshash holatni Yevropa davlatlari aholisiga nisbatan ham aytish mumkin.
Dunyodagi eng yirik onlayn do‘konlardan biri Thred UP 2018 yilda ikkinchi qo‘l kiyimlar savdosi 24 milliard dollarga yetgani haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, bu son 2023 yilda 51 milliardga yetishi taxmin qilinmoqda.
Salvation Army, Goodwill va Oxfam kabilar ikkinchi qo‘l kiyimlar savdosi bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar hisoblanadi. Bu tashkilotlar ikkinchi qo‘l kiyimlarni yig‘ib, kambag‘alroq davlatlarda chakana savdoda sotadi.
Bitta kiyimni 2-3 kishi kiyishi “an’anasi”
O‘zbekistonda ikkinchi qo‘l kiyimlarni yig‘adigan va ularni sotishga ixtisoslashgan maxsus do‘konlar keng tarqalmagan. Buning sabablaridan biri bitta kiyimni oilaning 2-3 farzandi almashib kiyishi odatga aylanganida bo‘lsa kerak. Ko‘pincha ko‘p bolali oilalarda ulg‘aygan opa-singil, aka-ukalar bir-birining kiyimini almashlab kiyadi. Shunday bo‘lsa-da, viloyat markaziy bozorlarida eski kiyim-kechak sotiladigan rastalarni uchratish mumkin.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Farhod bozori, Chilonzor buyum bozorining ayrim nuqtalarida yoki yo‘l bo‘ylarida ham yoyma tarzida ikkinchi qo‘l mahsulotlarni sotadiganlar uchrab turadi.
Ammo kiyim-kechak onlayn sanoati rivojlanayotgani, tanlov imkoniyati ko‘pligi odamlarni ko‘proq kiyim sotib olishga rag‘batlantirsa, bu – O‘zbekistonda ham ikkinchi qo‘l kiyimlarning onlayn savdosiga ehtiyojni yuzaga keltirishi mumkin.
“Saxovat burchagi” volontyori Mariyaning ikkinchi qo‘l kiyimlariga ehtiyoj haqidagi gapi buni tasdiqlaydigan ko‘rinadi.
“Bunday tashabbuslarga ehtiyoj juda katta, – deydi u. – Nafaqat Toshkentda, viloyatlarda ham “Saxovat burchak”lari o‘rnatilishi kerak. Volontyorlar Chirchiq, Bekobodda ham bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdi. Masalan, yaqinda Nukusda ham xuddi shunday konteyner o‘rnatildi”.
Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz jurnalisti