Messi va Di Mariya Italiyani yakson etishdi. Bu Argentina JCh-2022 favoritlaridan biri bo‘ladi

Sport 12:14 / 02.06.2022 41596

«Albiseleste» Finalissima-2022 turniri g‘olibi bo‘ldi.

Finalissima
Italiya — Argentina 0:3

1 iyun, «Uembli»
Gollar: Martines (28), Di Mariya (45+1), Dibala (90+4).
Italiya — Donnarumma, Kellini (Latssari, 46), Bonuchchi, Emerson (Bastoni, 77), Di Lorenso, Jorjino, Barella, Pessina (Spinatssola,  63), Bernardeski (Lokatelli, 46), Belotti (Skamakka, 46), Raspadori. 
Argentina — E.Martines, Otamendi, Talyafiko, Romero (Pesselya, 85), Di Mariya (Niko Gonsales, 90), De Paul (Palasios, 75), G.Rodriges, Molina, Messi, Lo Chelso (Dibala, 90), L.Martines (Alvares 85).
Ogohlantirishlar: Otamendi (22), Bonuchchi (39), Di Lorenso (72), Barella (77).

Postpandemiya davrida terma jamoalar ketma-ket xalqaro turnirlarda ishtirok etishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir yil muqaddam Yevro-2020 va Amerika Kubogi parallel tarzda kechgandi. Qishda — Afrika Kubogi o‘yinlari o‘tkazildi. 

Bu fonda Millatlar ligasining «top» jamoalar ishtirokidagi yozgi o‘yinlari ham kamtarona ko‘rinmoqda. Yozning ilk kunida yana bir kubok uchun bellashuv o‘tkazildi — Artemio Franki kubogi yangi nom ostida tiklandi — chorshanba kuni «Uembli»da bu sovrin uchun ikki qit’a chempionlari bahs olib borishdi.

Yorqin afishaga qaramay, muxlislar uchun navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi maqomidagi o‘yin bo‘lishi xavfi ham bor edi. Ammo ilk daqiqalardanoq ma’lum bo‘ldi: Londonda barchasi kattalarga xos kechadi. Limmo-lim to‘lgan va hissiyotlarga boy tribunalarda ham, maydonda ham qaynoq muhit hukmron bo‘ldi. Messini jarima maydoni tashqarisida yiqitgan Jorjino hakam hushtagi chalingach, shunday g‘azab otiga mindiki, barcha beixtiyor Italiya chempionlikka erishgan Yevropa birinchiligini yodga oldi.

Ammo Leo terma jamoa libosida bu safar ham o‘zgacha o‘yin ko‘rsatdi, xuddi so‘nggi mavsumda Parijda butunlay boshqa Messi to‘p surgandek taassurot uyg‘ondi. Bu yerda birinchi bo‘limning dastlabki qismida argentinaliklar sardorining har bir qarori keskinlik keltirib chiqardi va tribunalarda olqishlarga sabab bo‘ldi. Argentinaliklarning ustunligi shu darajada ediki, «albiseleste» muxlislari o‘zlarini Yevropada emas, Buenos-Ayresda his qilib jo‘rovoz bo‘lib qo‘shiq kuylashdi.

Messi xuddi mashg‘ulotlarda bo‘lgani kabi Donnarumma qo‘riqlayotgan darvozani turli pozitsiyalardan o‘qqa tutdi. U «jonli devor»ga tekkizish bilan boshladi. Ko‘p o‘tmay jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan Parijdagi klubdoshini qiyin ahvolga solib qo‘ydi, keyin esa eng yaxshi davrlarida bo‘lgani kabi sehrli harakatlar ko‘rsatdi. Maydonga orqa qilgan holda turgan Leo to‘p bilan o‘girilib jarima maydoniga kirdi va fint bilan Di Lorensoni dog‘da qoldirib, darvoza chizig‘i yaqinida turgan Lautaro Martinesning oyog‘iga to‘pni tashlab berdi, bu vaziyatda shu kuni «skuadra adzurra» bilan xayrlashgan Kellini boshchiligidagi italiyalik himoyachilar tomoshabinga aylanishdi.

Chorshanba oqshomida moviyrang libosda 117-o‘yinini o‘tkazgan 37 yoshli himoyachiga (u bu borada faqat Fabio Kannavarro, Paolo Maldini va Janluidji Buffondan ortda) hatto achinish mumkin edi. Ayniqsa bo‘lim oxirida Argentina hisobni ikkitaga oshirgan pallada u ikki Martines amalga oshirgan qarshi hujumda jamoadoshlarini uyaltirdi. Darvozabon Emiliano Martines to‘pni kuch bilan maydon markaziga yetkazib berdi, forvard Lautaro esa raqibning boshqa bir faxriy futbolchisi Bonuchchini yosh boladek ortda qoldirdi va jarima maydoni tomon dohiyona pas uzatdi. Kellini esa Di Mariyani ta’qib qilayotib yugurishdan to‘xtab qoldi, argentinalik yarimhimoyachi to‘pni Donnarumma ustidan oshirib tashladi. Kellini tanaffusda zaxiraga olindi.

Bu o‘yinda Italiya mudofaasi ayanchli ko‘rindi. Yevropa chempionlari hujumda ham darvozabon uchun chigalyozdi mashqlarini o‘tab bergan zarbalar va kuch bilan bosim o‘tkazishdan boshqa narsa ko‘rsata olishmadi. Shunday hujumlardan birida havodagi yakkakurash chog‘ida Bonuchchi tirsagi bilan Messining qulog‘iga urib yubordi. «Yuventus»ning bu himoyachisi ham o‘ziga o‘xshamasdi va ikkinchi bo‘lim boshida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga bir baxya qoldi, u ortga uzatgan pasni Donnarumma darvoza chizig‘i ustida qaytarib yuborishga ulgurdi. Italiyaliklar juda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashidan Donnarumma qutqardi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda u ham ilojsiz qoldi, qarshi hujumda Messining yorib kirishi Dibalaning goli bilan yakunlandi. Umuman olganda, Londondagi o‘yin shuni ko‘rsatdiki, Roberto Manchini hali ko‘p ish qilishi va «adzurri» o‘yinini qaytadan tashkil etishi kerak.

Mag‘lubiyatsiz seriyasini 32 o‘yinga yetkazib qo‘ygan Argentina uchun «Uembli»dagi g‘alaba jamoa to‘g‘ri yo‘lda ekanining navbatdagi dalili bo‘ldi. Hozirda jamoa bosh murabbiyligiga Lionel Skaloni tayinlangan vaqtda bildirilgan shubhalarni eslash ham kulgili, uni xayoliy pragmatizm uchun tanqid qilishgandi. Amalda 44 yoshli mutaxassis sovrinlar uchun kurashuvchi jamoa qura oldi, endi muxlislar va matbuot uni «Skaloneta» deb atashmoqda.

Argentinaliklarning hozirgi jamoasi turlicha bo‘lishi mumkin: Natija uchun va Messiga sovrin olib berish uchun bor kuchini maydonga tashlaydigan yoki xuddi Italiyaga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi total ustunlik namoyish etadigan. Bu o‘yinda Messi uchun yana bir sovrin yutib berildi. Bu o‘yindan keyin Argentina JCh-2022da asosiy favoritlardan biri bo‘lishiga shubha qolmadi.

Ko‘proq yangiliklar: