Urush qonunlari. Ular nimalarni nazarda tutadi?

Jahon 18:08 / 01.06.2022 28157

Dunyo tinchlik haqida har qancha bong urmasin eng yaqin qo‘shni, qondosh va bir guruhga mansub ikki millatdan iborat davlatlar o‘rtasida ayovsiz urush ketmoqda. Ko‘pchilik, hatto Rossiyaning ashaddiy tanqidchilari ham Ukrainaning bir necha kunda qulashini bashorat qilishgandi. Ammo amalda teskarisi bo‘ldi va Ukraina nafaqat munosib qarshilik ko‘rsata oldi, balki amalda Rossiya askarlarini urush qonunlarini buzganlikda ayblab birma-bir sud qilmoqda.

Albatta, bu sud mahkamalari ko‘proq ko‘rgazmaviy xarakterda va Ukrainaning demokratik prinsiplardan og‘ishmaganligini bildiradi. Lekin baribir qator savollar tug‘iladi. Urushda, har ikki tomon bir-birini qirg‘in qilishga astoydil intilayotgan paytda qanday qonunlar haqida gap bo‘lishi mumkin? Bu qonunlar kim tomonidan tasdiqlangan va qaysi sudyalar ular asosida hukm chiqaradi?

Urush qonunlari tarixi

Insoniyat tarixi urushlar tarixidan iboratligi ko‘p marta ta’kidlangan. Odamzod yaralibdiki, bir-biri bilan urishib keladi va buning ortidan tabiiyki, qandaydir umumiy tushunchalar, qoidalar ham shakllana borgan. Yaxshi mujda shuki, asrlar o‘tgan sari bu ikki tushuncha bir-biriga yot bo‘lsa-da, urushlarga ham insonparvarlik kirib bormoqda.

Qadimda askarlar jon-jahdi bilan jang qilganlarining qator sabablari bor. Bosqinchilar katta o‘lja ilinjida, hukmdor qahri va mag‘lub bo‘lsa begona yurtlarda shubhasiz o‘lim xavfidan qo‘rqib qattiq kurashgan bo‘lsa, himoyaga chiqqanlar vatani, bola-chaqasi va mol-mulkini asrash harakati bilan birga mag‘lub bo‘lsalar, g‘olib qanday shart qo‘yishini bilmay butun vujudlari bilan olishgan. Chunki g‘olib tomon hukmdori yoki qo‘mondoni «Qonun bu menman» degan tushuncha bo‘yicha mag‘lublarning mol-u jonini o‘z bilganlaricha tasarruf etgan.

Islom dini tarqalishi, o‘rta asrlarga kelib Yevropada ritsarlik harakatining kuchga kirishi har qanday urushlarda ma’lum qoidalarga amal qilishni yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, musulmon lashkarboshilari askarlarga qarshilik ko‘rsatmaganlarni, bolalar va ayollarni o‘ldirishni qat’iy taqiqlagan. Bosib olingan hududlarda dehqonlar, tabiblar, hunarmandlar va ilm ahliga omonlik berishni yo‘lga qo‘ygan, g‘ayridinlar bilan erishilgan kelishuvlar buzilmagan. Ekin maydonlarini toptashga, quduqlarni zaharlashga, ko‘priklar va ijtimoiy inshootlarga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmagan. O‘lja olishda ham yakka tartibda harakatlanish, olingan o‘ljani topshirmaslik holatlari jazolangan. Umuman, dinga xayrixohlik bildirgan va shafqat so‘raganlarga rahm qilish musulmon askarlariga muntazam uqtirib borilgan.

Albatta, bu umumiy qoidalar bo‘lib, har doim ham ularga amal qilinavermagan. Islom tarixida ham boshqa dinlar kabi o‘ta shafqatsiz hukmdorlar bo‘lganki, ular o‘z harakatlari bilan dinga katta zarar keltirgan.

Asosan nasroniylikning katolik mazhabiga e’tiqod qilgan ritsarlar «Hurmatli urush» (bonne guerre) tushunchasini yo‘lga qo‘yishgan. Unga ko‘ra urush boshlashdan oldin dushman tomon ogohlantirilgan, bu qaror sabablari tushuntirilgan, urushning oldini olish imkoniyatini beruvchi talablar va ularni amalga oshirish uchun muddat belgilangan. Muzokaralarni olib borgan elchilar xavfsizligi qat’iy ta’minlangan.

Janglardan so‘ng g‘olib tomon ko‘chmas mulklar, ibodatxonalar, lazaretlarga zarar yetkazmaslikni, o‘ljaga olingan odamlar va mulklarni qayta sotib olish imkoniyatini berishni odat qilishgan.

Bu yerda ham o‘ziga xos jihat bor – bir qarashda oliyjanob tuyuladigan bu qoidalar faqat ritsarlar boshqaruvidagi davlatlarga qo‘llanib, g‘ayridin, budparast, dahriy va bid’atchi deya hisoblanganlarga nisbatan amal qilmagan.

Ilk rasmiy qoidalar

Qadim tarixdagi qoidalar asosan og‘zaki va odatda tavsiyaviy xarakterda bo‘lib, ular ko‘pincha istagancha talqin qilinar hamda vaziyatga ko‘ra o‘zgartirilaverardi. Yetakchi davlatlar o‘rtasida imzolangan ilk rasmiy hujjatlar XVII—XVIII asrlarga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, 1856 yilda qabul qilingan Parij deklaratsiyasiga ko‘ra, dengizda jang qiluvchi va neytral tomonlar maqomi belgilandi. 1864 yildagi Jyeneva konvensiyasida esa quruqlikdagi harbiy harakatlar chog‘ida bemorlar va yaradorlar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishildi.

Bu davrda AQShda fuqarolik urushi avj pallada edi. Prezident Linkolnning topshirig‘iga ko‘ra, professor Frans Liber harbiy dala sharoitida dushmanga munosabatni ishlab chiqdi va bu «Liber kodeksi» sifatida tarixga kirdi. Keyinchalik kodekslar harbiy komissiya va qonunchilik vakillari tomonidan ko‘rib chiqilishi ularning ahamiyati hamda ta’sirini oshirib yubordi.

Bundan tashqari, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi yirik davlatlarda ham bu kabi qator hujjatlar rasmiy kuchga ega bo‘la bordi va urushlarda ma’lum qoidalarga tobora ko‘proq amal qilina boshlandi.

Bu borada eng muhim va sodda tushunchalarni jamlagan Jyeneva konvensiyasi quyidagilarni nazarda tutardi:

  • Jang qilmayotganlar, masalan, shifokorlar va ijtimoiy himoya xodimlari nishonga olinmasligi;
  • Jang qilish qobiliyatini yo‘qotganlar, ya’ni yaradorlar va asirlarga zarar yetkazilmasligi;
  • Tinch aholi vakillarini o‘qqa tutganlar harbiy jinoyatchi deb hisoblanishi;
  • Tinch aholining jang maydonidan ketish huquqi ta’minlanishi, uy-joyi, hayvonlari, suv manbalari, ekinlari va hokazolariga zarar yetkazilmasligi;
  • Bemorlar va yaradorlar qaysi taraf vakili ekanligidan qat’i nazar tibbiy xizmat olishlariga to‘sqinlik qilinmasligi (bu qoida shifokorlarga hatto dushman tarafga ham tibbiy yordam ko‘rsatish huquqi va imkoniyatini beradi);
  • Shifokorlar, ularning faoliyat nuqtalari, transportlari, tibbiy vositalar nishonga olinmasligi;
  • Asirlarni qiynash, kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ularni minimal yegulik va suv bilan ta’minlash, yaqinlari, xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishlariga to‘sqinlik qilmaslik;
  • Ayni shu urush davrida taqiqlangan qurollardan foydalanilmasligi;
  • Cho‘kayotgan kemalar dushman tomonniki bo‘lsa-da yordam berish;
  • Urushlar davrida dushman taraf, asirlar yoki tinch aholi vakillariga nisbatan har qanday jinsiy zo‘ravonliklarga yo‘l qo‘ymaslik barcha urushlarning umumiy qoidalari sifatida qabul qilinadi.

Zamonaviy dunyo

Ikkinchi jahon urushi o‘zining beshafqatligi va davomiyligi bilan har qanday qoidalarni chilparchin qilib tashladi. Nafaqat Germaniya, balki qizil armiya va ittifoqchilar askarlarining shafqatsiz harakatlariga oid hujjatlar juda ko‘p.

Zamonaviy dunyoda urushda daxlsizlar tarkibiga OAV vakillari, qator xalqaro tashkilotlar va vaziyatga ko‘ra boshqa sohadagilar ham kiritila boshlandi. Harbiy harakatlarga bolalarni jalb etmaslik talabi qo‘shildi. Eng muhimi – har qanday vaziyatda ham qo‘llanmasligi shart bo‘lgan qurollar ro‘yxati shakllantirildi. Bu ko‘pchilik o‘ylaganiday odatda faqat qo‘rqitish va tiyish vazifasini bajaradigan yadro qurolining o‘zi emas.

Bugun insoniyat shu qadar qurollanganki, ularning barini ishlatish nafaqat dushmanga, balki hujum qiluvchining o‘ziga ham qattiq zarar yetkazishi, xalqaro hamjamiyat bunday hollarda sanksiyalar qo‘llashi va o‘sha davlatga nisbatan harbiy choralar qo‘llashi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Taqiqlangan qurollarga quyidagilarni misol keltirish mumkin:

  • Napalm – benzinni yoqib purkovchi qurol. AQSh armiyasi Vetnamda uning yordamida butun qishloqlar, o‘rmonlar, odamlarni yoqishgan. 1980 yildan buyon taqiqlangan;
  • Kassetali bombalar – oddiy tushuntirganda bir yirik bomba ko‘plab kichik bombalarga parchalanib, katta hududni qamrab olishi. 2008 yilga kelibgina 93 davlat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, Rossiya, Xitoy, AQSh kabi yirik ishlab chiqaruvchilar bu kelishuvga qo‘shilmagan;
  • Oq fosfor – 1977 yilda taqiqlangan bu qurol juda katta alanga bilan yonishi, o‘chirish nihoyatda qiyinligi bilan mashhur. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra Suriya va Ukraina hududida qo‘llangan va bu qattiq qoralangan;
  • Piyodalarga qarshi minalar – bu taqiq juda nisbiy. Tarafdorlar harbiy harakatlar tugaganidan keyin tinch aholi va hayvonlar jabr ko‘rishini argument sifatida ko‘rsatadilar. O‘rtacha bahosi 3 dollar turadigan kichik minani zararsizlantirish taxminan 1000 dollarga tushishi hisoblab chiqilgan;
  • Kimyoviy va bakteriologik qurollar – bular haqiqiy ommaviy qirg‘in qurollari bo‘lib, ayrim o‘rinlarda nazorat yo‘qotilsa, zarar jihatdan yadro qurolini ortda qoldirishi mumkin. Butun xalqaro hamjamiyat bunday qurollarni qoralasa-da, qator davlatlar hamon nafaqat saqlashyapti, balki takomillashtirib borishyapti.

Bir qarashda urushda qoidalarning bo‘lishi mantiqsizlikdek tuyuladi. Ammo odamzod urushdan voz kecha olmas ekan, hech bo‘lmasa ma’lum qoidalarga amal qilishi yo‘qotishlarni kamaytirishiga umid qilgan holda bunday qoidalarga amal qilinadi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: